Янгиликлар
07
Xalq deputatlari mahalliy kengashi deputatining maqomi
Xalq deputatlari mahalliy kengashi deputatining maqomi
Deputatlik - odamlarning ishonchi demakdir. Shu ishonchni oqlash uchun qonunlarimizda xalq noiblarining huquq va majburiyatlari, shu bilan bir qatorda daxlsizligi va faoliyatining asosiy kafolatlari belgilab qо‘yilgan.
Xususan, "О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi tо‘g‘risida"gi Qonunga asosan Qonunchilik palatasi deputati, senator tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida kо‘rib chiqilayotgan barcha masalalar bо‘yicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi. О‘z navbatida, fuqarolarning huquqlari buzilayotgan vaqtda Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar bu holatlarga darhol chek qо‘yish choralarini kо‘rish talabi bilan tegishli organlar, mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqli. Nazarimizda bu vazifa deputatning о‘zini saylagan fuqarolar oldidagi burchi hamdir.
"Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi tо‘g‘risida"gi Qonun esa mahalliy Kengash deputatlarining huquqlari, majburiyatlari va deputatlik faoliyatining asosiy kafolatlarini belgilaydi. Ular tegishli Kengashlarning komissiyalariga saylash va saylanish, majlisga masalalar kiritish, masalalar yuzasidan mulohazalar bildirish, saylanadigan, tayinlanadigan va tasdiqlanadigan nomzodlar bо‘yicha takliflar bildirish, sо‘zga chiqish va deputatlik sо‘rovi bilan murojaat qilish kabi huquqlarga ega. Ularning majburiyatlari ham qonunlarimizda belgilangan.
Mahalliy Kengash deputatlari о‘zlari saylangan hududda joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslariga deputatlik sо‘rovi yuborishga haqlidir. Deputatning sо‘roviga о‘n kun ichida javob berilishi kerak. Tegishli xalq deputatlari Kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Xalq deputatlari Kengashining deputati о‘z okrugi saylovchilari bilan, uni deputatlikka nomzod qilib kо‘rsatgan siyosiy partiya va fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organi bilan aloqa bog‘lab turishi lozim. U yiliga kamida tо‘rt marta saylovchilariga о‘z faoliyati haqida axborot beradi.
Deputatning sha’ni va qadr-qimmati muhofaza qilinadi. Deputat mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinishi kerak. Tegishli viloyat, tuman va shahar hududida havo, temir yо‘l va avtomobil yо‘lovchilar transportida tekin yurishga, navbatsiz chiptalar sotib olish hu-quqiga ega. Uning faoliyatiga tо‘sqinlik qilish mumkin emas. Deputat faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bо‘ladi.
Mahalliy Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish tegishli yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga asosan xalq deputatlari Kengashi tomonidan о‘n kun ichida hal etiladi. Taqdimnoma sessiyalar oralig‘ida Kengash rahbari tomonidan kо‘rib chiqilib, hal etiladi. Bu qaror keyinchalik Kengash tomonidan tasdiqlanadi. Kengash deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishni rad etganda, prokuror yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashiga taqdimnoma bilan chiqishga haqli. Deputat о‘zi saylangan viloyat, tuman va shahar hududidan tashqarida huquqbuzarlik sodir etganda, xalq deputatlari Kengashining roziligini olish talab etilmaydi.
Mahalliy Kengash deputatining vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatiladi: u yozma ariza bergan, qonunga kо‘ra deputatlik vakolatlarini amalga oshirishiga nomuvofiq bо‘lgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan, unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan, chaqirib olingan, sud uni muomalaga layoqatsiz deb topgan, sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yо‘qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan, О‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yо‘qotgan, vafot etgan taqdirda. Alohida hollarda deputatning vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashi qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Deputat degan yuksak nomga dog‘ tushiruvchi xulq-atvor bunday masalani kо‘rib chiqish uchun asos bо‘lishi mumkin.
Amudaryo tumani Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti 1-darajali yurist:
Sh.Sh.Vaisniyazov