Янгиликлар
26
O'limni qayd etish tartibi haqida
O'limni qayd etish tartibi haqida
O‘limni qayd etish marhumning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘limni qayd etish to‘g‘risidagi ariza o‘lim to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnoma berilgandan keyin 3 kundan kechikmay berilishi kerak (o‘limni kompozit davlat xizmati sifatida qayd etish bundan mustasno).
O‘limni qayd ettirish to‘g‘risida marhumning qarindoshlari va yaqin kishilari, shuningdek tibbiy muassasa ma’muriyati murojaat etishlari mumkin, ular o‘lim to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma taqdim etadilar.
Agar voyaga yetmagan vafot etgan shaxsga nisbatan FHDY organida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilmagan bo‘lsa, vafot etgan shaxsga tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilib, bu haqda ariza bergan shaxsga ma’lumotnoma beriladi, shundan so‘ng vafot etgan shaxsga nisbatan belgilangan tartibda o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etiladi.
O‘limni qayd etishda taqdim etilgan tibbiy ma’lumotnoma yoki sudning fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori dalolatnoma yozuviga qistirib qo‘yiladi (o‘limni kompozit davlat xizmati sifatida qayd etish bundan mustasno).
Chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning o‘limini qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
Chet elda vafot etgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining o‘limini qayd etish marhum yashab turgan yoki o‘lim sodir bo‘lgan joydagi O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar o‘limni qayd etish marhumning yashash joyidan boshqa okrugda amalga oshirilsa, u holda o‘limni qayd etgan konsullik muassasasi marhum hisobda turgan konsullik muassasasiga uning familiyasi, ismi, otasining ismi, o‘lgan sanasi, shuningdek o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvining raqami va o‘lim qayd etilgan joy va sana ko‘rsatilgan xabarnoma yuboradi.
Jazoni ijro etish muassasalarida vafot etgan shaxslarning o‘limini qayd etish mazkur muassasa ma’muriyatining xabariga ko‘ra, FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Shaxsi aniqlanmaganlarning o‘limini qayd etish sog‘liqni saqlash tizimi tibbiy muassasasining o‘lim to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomasiga asosan shu muassasa joylashgan hududdagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Bunday hollarda o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvidagi barcha ma’lumotlar o‘lim to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnoma asosida ko‘rsatiladi va faqat qabristonga taqdim etish uchun ma’lumotnoma beriladi.
J.Ismoilov,
To`rtko`l tuman adliya bo`limi
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti.