Янгиликлар
21
Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish tizimi
Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish tizimi
Ma’lumki, O‘zbekiston davlati mustaqillikning ilk kunlaridanoq o‘zining dinga munosabatini aniq va qat’iy belgilab oldi. Davlatning dinga munosabati “Inson e’tiqodsiz yashay olmaydi”, “Dunyoviylik – dahriylik emas” degan aniq tamoyillar asosida belgilandi. Bu tamoyil bosh qomusimiz Konstitutsiya hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda o‘zining huquqiy ifodasini topgan.
Afsuski, kommunikatsiya va informatsion texnologiyalarning tez sur’atlardagi taraqqiyoti g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarining kengayishiga turtki bo‘lib, geosiyosiy maqsadlarga bo‘ysindirilgan, inson qalbi va ongi uchun kurashlarning yangidan-yangi usul va vositalarining ko‘payib borayotgani, ayniqsa, bu borada din omilidan foydalanishga urinishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Aksariyat holatlarda ushbu kurash qurolli tus olib, ko‘plab xalqlarning boshiga fojiali kunlarni solmoqda.
Mutaxassislarning fikricha hozirda 100 mingdan ortiq ekstremizmning turli ko‘rinishlarini o‘zida tashuvchi g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi saytlar faoliyat olib bormoqda. Internet orqali suhbat olib borish jarayonida yoshlarga kufr diyori, hijrat, jihod, shahidlik, xalifalikni tiklash kabi g‘oyalar singdirlib, ular turli to‘qnashuv va nizo o‘choqlariga jalb qilinmoqda. Muayyan siyosiy kuchlarning nog‘orasiga o‘ynayotgan diniy-ekstremistik va terrorchi oqimlar tomonidan u yerlarda amaliyotni o‘tab kelgan aqidaparast, diydasi qotgan, mustaqil fikrlashdan mahrum, rahnamolarining har qanday buyruqlarini qonun deb biluvchi zombi jangarilardan tinch mintaqalarda ham turli nizolar va beqarorliklarni keltirib chiqarishda foydalanish maqsadi bugun ko‘pchilikka ayon haqiqatdir.
Hozirgi kunda respublikamizda diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda davlat va fuqarolik jamiyatining samarali hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Davlat amaldagi qonunlarimizga zid ravishda konstitutsion tuzumga qarshi guruhlarning faoliyatini aniqlaydi va ularga chek qo‘yadi.
Ta’kidlash joizki, DEO a’zolari diniy e’tiqodi yoki dunyoqarashi uchun emas, balki O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi yoki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi va boshqa qonunlarimizda aniq belgilangan jinoiy ishlarni sodir etgani va qonunbuzarligi uchun jazoga tortiladi. Aldanib oqimga kirib qolgan shaxs o‘z vaqtida xatosini anglab yetib, pushaymon bo‘lsa va jinoyatni ochishga yordam bersa, Jinoyat Kodeksining 244-2 moddasiga ko‘ra javobgarlikdan ozod etiladi.
Jamiyat OAV, ma’naviyat yo‘nalishda faoliyat yuritadigan tuzilmalar, jamoat va diniy tashkilotlar orqali fuqarolarni aqidaparast g‘oyalarning ta’siriga tushib qolishini oldini olishga qaratilgan profilaktik va tushuntirish ishlarini amalga oshiradi.
Tinchlikni asrash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Shu nuqtai-nazardan, globallashuv jarayonlari shiddatli tus olgan hozirgi zamonda xalqimizda, ayniqsa, yoshlarda milliy g‘urur, iftixor, tuyg‘usini, yanada chuqurroq shakllantirish, yot g‘oyalardan saqlovchi mafkuraviy immunitet shakllantirish O‘zbekistondek buyuk Vanatimiz kelajagiga o‘zini ma’sul hisoblovchi barcha yurtdoshlarimizning, shu jumladan, diniy soha xodimlarining muhim vazifasi bo‘lib qoladi.
Beruniy tumani adliya bo’limi
yuridik xizmat ko’rsatish
markazi boshlig`i M.Kamalova