Янгиликлар
13
O'zbekiston Respublikasining yangi Мehnat kodeksiga asosan mehnat shartnomalari tuzish tartibi
O'zbekiston Respublikasining yangi Мehnat kodeksiga asosan mehnat shartnomalari tuzish tartibi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2022 yil 28-oktyabrda “O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to'g'risida”gi Qonunni imzoladi. Mazkur Qonunning 1-moddasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi tasdiqlandi va 2023 yil 30-aprel kuni qonuniy kuchga kirdi.
Yangi Mehnat kodeksi tarkibiy tuzilishi jihatidan takomillashganligini ko'rish mumkin. Misol uchun eski taxrirdagi Mehnat kodeksi 294 ta moddani o'z ichiga olgan bo'lsa, yangi Mehnat kodeksi 581-moddadan iboratdir.
Shu o'rinda yangi qonunni o'rganish borasida mehnat qonunchiligining mehnat shartnomalarini tuzishga bag'ishlangan huquqiy me'yorlariga e'tiborni qaratsak, yangi Mehnat kodeksining afzalliklarini ko'rish mumkin.
Qabul qilingan yangi Mehnat kodeksida ishga qabul qilish bosqichlari (122-modda), Ishga qabul qilish chog'idagi tanishtirish tartib-taomili (123-modda), mehnat shartnomasi shartlari bo'yicha taraflarning kelishuvga erishishi va shartnomaning imzolanishi (126-modda), ish beruvchi tomonidan xodimni ishga qabul qilish to'g'risida buyruq chiqarishi hamda ishga qabul qilish haqidagi ma'lumotlarni xodimning mehnat daftarchasiga va «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritish (127-modda), xodimni haqiqatda ishga qo'yish (128-modda) larni yangilik sifatida ko'rish mumkin.
Mehnat shartnomasi imzolangunga qadar ishga qabul qilish chog'ida ishga kirayotgan shaxs oldindan ish beruvchiga pasportni yoki uning o'rnini bosuvchi hujjatni yoxud identifikatsiyalovchi ID kartani, o'n olti yoshgacha bo'lgan shaxslar esa tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnomani yoki identifikatsiyalovchi ID kartani, oxirgi ish joyi bo'yicha tasdiqlangan qog'oz shaklidagi mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan ko'chirmani, o'rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasining o'rniga asosiy ish joyidan olingan belgilangan namunadagi ma'lumotnomani taqdim etadi.
Shuningdek, harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar uchun tegishincha harbiy guvohnomani yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani, oliy yoki o'rta maxsus, kasb-hunar ta'lim tashkilotini tamomlaganligi to'g'risidagi diplomni, qaysi ishni bajarish uchun faqat maxsus ma'lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega bo'lgan shaxslar qo'yilishi mumkin bo'lsa, o'sha ishga kirish chog'ida ushbu ishni bajarish huquqiga doir guvohnomani (sertifikatni) yoxud boshqa tegishli hujjatni, soliq to'lovchining identifikatsiya raqamini, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini, jamg'arib boriladigan pensiya daftarchasini, ishga qabul qilish chog'ida talab etiladigan hujjatlarni ham taqdim etishi kerak.
Ishga qabul qilish chog'ida ishga kirayotgan shaxsdan Mehnat kodeksida, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Agar taraflar mehnat shartnomasining barcha majburiy va qo'shimcha shartlari bo'yicha kelishuvga erishgan hamda mehnat shartnomasini imzolagan bo'lsa, ushbu shartnoma tuzilgan deb hisoblanadi.
Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo'lgan kamida ikki nusxada yozma shaklda tuzilib, ularning har biri taraflar tomonidan imzolanadi, uning har bir nusxasi xodimning va ishga qabul qilish huquqiga ega bo'lgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanadi, bir nusxasi xodimga beriladi, boshqasi ish beruvchida saqlanadi. Mehnat shartnomasining nusxasi xodim tomonidan olinganligi ish beruvchida saqlanadigan mehnat shartnomasi nusxasidagi xodim mehnat shartnomasining nusxasini olganligi to'g'risidagi alohida imzosi bilan tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasida shartnomaning tuzilgan sanasi va joyi, raqami va uning taraflarining rekvizitlari ko'rsatiladi.
Xodimning mehnat shartnomasida familiyasi, ismi va otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar to'g'risidagi ma'lumotlar, yashash yoki turgan joyining manzili va u bilan bog'lanishga doir ma'lumotlar, soliq to'lovchining identifikatsiya raqami, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, shaxsiy jamg'arib boriladigan pensiya hisobvarag'i raqami ko'rsatiladi.
Ish beruvchining mehnat shartnomasida uning nomi: tashkilotning nomi, agar ish beruvchi tashkilotning alohida bo'linmasi bo'lsa, ushbu bo'linmaning nomi, ish beruvchi jismoniy shaxs bo'lgan hollarda, jismoniy shaxs bo'lgan ish beruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi va pasport ma'lumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma'lumotlari), yakka tartibdagi tadbirkor bo'lgan ish beruvchi uchun esa uning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport ma'lumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma'lumotlari), shuningdek davlat ro'yxatidan o'tganligi to'g'risidagi guvohnomaning raqami va berilgan sanasi, mehnat shartnomasini imzolagan vakili haqidagi ma'lumotlar va, agar tashkilot yoki uning alohida bo'linmasi ish beruvchi bo'lsa, vakilga tegishli vakolatlar berilganligining asosi ko'rsatiladi.
Mehnat shartnomasi ish beruvchi va xodim tomonidan imzolangan kundan e'tiboran kuchga kiradi, xodim mehnat shartnomasida belgilangan sanadan e'tiboran mehnat vazifalarini bajarishga kirishishi shart. Agar mehnat shartnomasida ish boshlanadigan kun belgilanmagan bo'lsa, xodim shartnoma kuchga kirgan kundan keyingi ish kunida ishga kirishishi kerak.
Ish beruvchilar va xodimlarga mehnat shartnomalarini tuzishda amaliy yordam ko'rsatish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo'yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga ko'ra tavsiyaviy xususiyatga ega bo'lgan mehnat shartnomalarining namunaviy shakllari ishlab chiqiladi.
Ishga qabul qilish xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida ish beruvchining buyrug'i bilan rasmiylashtiriladi. Tashkilot rahbarini ishga qabul qilish bevosita tashkilot mulkdori yoki ta'sis hujjatlariga muvofiq vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi, u tashkilot mulkdori tomonidan yoki ta'sis hujjatlari bilan o'ziga berilgan vakolatlar doirasida xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzadi.
Ish beruvchining ishga qabul qilish to'g'risidagi buyrug'ining mazmuni xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasining shartlariga muvofiq bo'lishi kerak, hamda buyruq xodimga ish haqiqatan boshlangan kundan e'tiboran uch kunlik muddatda, imzo qo'ydirib e'lon qilinadi, ish beruvchi unga mazkur buyruqning lozim darajada tasdiqlangan ko'chirma nusxasini berishi shart bo'ladi.
Ish beruvchi ishga qabul qilish to'g'risidagi buyruq asosida xodimning mehnat daftarchasiga ishga qabul qilish to'g'risidagi yozuvni qayd etadi, xodim ushbu yozuv bilan uch kun ichida tanishtiriladi va buyruq asosida ishga qabul qilish haqidagi ma'lumotlarni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga ham kiritadi.
Ishga qabul qilish huquqiga ega bo'lgan mansabdor shaxs tomonidan yoxud uning ruxsati bilan xodimni haqiqatda ishga qo'yish, ishga qabul qilish lozim darajada rasmiylashtirilganligi yoki rasmiylashtirilmaganligidan qat'i nazar, mehnat shartnomasini ish boshlangan kundan e'tiboran tuzilgan deb hisoblanadi.
Qonunda nazarda tutilgan xodimni haqiqatda ishga qo'yish ish beruvchini xodimning ishga qabul qilinishini lozim darajada rasmiylashtirish majburiyatidan ozod etmaydi.
Haqiqatda ishga qo'yilganda ish beruvchi ish boshlangan kundan e'tiboran uch kunlik muddatda mehnat shartnomasini tuzish va xodimni ishga qabul qilish to'g'risida buyruq chiqarish orqali xodim bilan yakka tartibdagi mehnat munosabatini rasmiylashtirishi lozim.
Umuman olganda, qayd etilganlar eski taxrirdagi mehnat kodeksida o'z ifodasini to'liq topmaganligi tufayli, yangi mehnat kodeksi asosida mehnat shartnomalarini tuzishning o'ziga xos jihatlari bo'lib ko'rinmoqda.
Yangi Mehnat kodeksga asosan mehnat shartnomalarini tuzishda shu paytgacha qiyinchiliklar va noqulayliklarga olib kelgan qonundagi bo'shliqlar to'ldirilganligini ko'rish mumkin.
Mehnat qonunchiligidagi bunday yangiliklar mamlakatimizning ijtimoiy hayotida fuqarolarning konstitutsiyaviy mehnat qilish huquq va manfaatlarining qonuniy himoyasini yanada ham mustahkamlanayotganidan dalolat bermoqda.
N.Abduraxmanova,
To`rtko`l tuman Adliya bo`limi ‘
YuXKM bosh yuriskonsulti