Янгиликлар
10
Majburiy mehnat va unga qarshi kurshish huquqiy asoslari
Majburiy mehnat va unga qarshi kurshish huquqiy asoslari
Taʼkidlash joyizki, Yangi Oʼzbekiston huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurishni oʼz oldiga maqsad qilib, umumeʼtirof etilgan xalqaro hujjatlar normalarini tan olish va milliy qonunuchilikka singdirish, shuningdek adolat va milliy qadriyatlar ruhida qaror toptirishga harakat qilinmoqda
Oʼtgan davr mobaynida, mamlakatimizda majburiy mehnatni taqiqlovchi bir qator qonunlar va qonun osti hujjatlari qabul qilinib, sohaga oid mustahkam huquqiy asoslar yaratildi.
Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʼrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi belgilangan boʼlib, majburiy mehnat, qonunda koʼrsatilgan hollardan tashqari taqiqlangani mustahkamlangan.
Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining
6-moddasida barcha fuqarolar mehnat huquqlariga ega boʼlish va ulardan foydalanishda teng imkoniyatlarga ega ekanligi, jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, dinga boʼlgan munosabati, eʼtiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador boʼlmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklashlarga yoki imtiyozlar belgilashga yoʼl qoʼyilmasligi va bular kamsitish deb hisoblanishi belgilab qoʼyildi.
Shu bilan birga, Mehnat kodeksning 7-moddasida majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qoʼllash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanishi belgilangan.
Bundan tashqari, 1997-yil 30-avgustda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Zoʼrlab ishlatish yoki majburiy mehnat toʼgʼrisida”gi hamda “Majburiy mehnatni tugatish toʼgʼrisida”gi Konvensiyalarni ratifikatsiya qilish toʼgʼrisidagi qarorlari qabul qilindi.
Аyni kunda, Oʼzbekiston Xalqaro Mehnat tashkilotiga aʼzo boʼldi va ushbu tashkilotning 14 ta, jumladan, 8 ta asosiy konvensiyasi, shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashishga doir konvensiyalari ratifikatsiya qilindi.
Muhim jihatlardan biri, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 29.10.2018-yildagi "Majburiy mehnatning har qanday koʼrishini va barcha shakllariga yoʼl qoʼymaslik hamda ularga barham berish boʼyicha davlat hokimiyati organlari hamda barcha boʼgʼin rahbarlarining masʼuliyatini oshirish toʼgʼrisida”gi PF-5563-son farmoni bilan – davlat hokimiti organlari rahbarlari oldiga majburiy mehnatga barham berish hamda unga yoʼl qoʼygan mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 30.07.2019-yildagi "Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PF-5775-son farmoni bilan - "Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi” va uning tarkibida "Kichik komissiya” tashkil etildi. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10.05.2018-yildagi "Oʼzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi 349-son qarorida - fuqarolarni, jumladan, taʼlim, sogʼliqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, taʼlim muassasalari oʼquvchilari va talabalarni majburiy mehnatga, shuningdek, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda koʼkalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xoʼjaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yigʼish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qatʼiy intizomiy choralar qoʼllanilishi nazarda tutilgan.
Xulosa oʼrnida aytganda, mamlakatimizda aholini majburiy mehnatga jalb qilish borasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish boʼyicha tizimli islohotlar amalga oshirilib, soha faoliyatini tartibga solishga qaratilgan institutsional mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan desak, aslo xato boʼlmaydi.
Toʼrtkoʼl tuman adliya boʼlimi
Yuridik xizmat koʼrsatish
markazi boshligʼi
B.Аvazmetov