Янгиликлар
23
O‘N OLTI YoShGA TO‘LMAGAN BOLALARNI NOGIRON DEB TOPISh ASOSLARI
Bolalarning turmush faoliyati cheklanganligi ularning o‘z-o‘ziga xizmat qilish, yurish, yo‘lni topa olish, muloqot qilish, o‘z xatti-harakatini nazorat qilish, shuningdek ta’lim olish va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish qobiliyati yoki imkoniyatini to‘la yoxud qisman yo‘qotganligida ifodalanadi.
O‘n olti yoshga to‘lmagan bolalarni nogiron deb topish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009 yil 15 sentyabrda ro‘yxatdan
2005 raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogiron deb topish haqida tibbiy xulosa berish tartibi to‘g‘risida”gi NIZOM talablariga asosan amalga oshiriladi.
Bolalarni nogiron deb topish ularning qonuniy vakillari — ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiy-maslahat komissiyasi (bundan keyingi o‘rinlarda TMK deb yuritiladi) tomonidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Xususan, 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar deganda jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj shaxslar tushuniladi.
Bolalarni tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish jarayonida shifokorlar (pediatr, terapevt, psixiatr, ftiziatr va boshqalar) tomonidan ularda ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan «16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalarga nafaqa olish huquqini beruvchi tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxati»da (bundan keyingi o‘rinlarda Tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxati deb yuritiladi) ko‘rsatilgan kasalliklar va nogironlik belgilarini aniqlagan hollarda, bolalarning tibbiy hujjatlari (kasallik tarixidan ko‘chirma, zaruriyat bo‘lgan hollarda rentgen, UTT, EEG, kompyuter tomografiyasi, laboratoriya-bioximik sinamalari va o‘tkazilgan boshqa tekshiruvlar) asosida ularning qonuniy vakillari — ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning doimiy yashash joyidagi TMK tomonidan tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi.
Ayrim hollarda nogiron bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar pasporti bo‘yicha ro‘yxatda turgan joylarda yashamasdan boshqa joylarda ham yashashlari mumkin. Mazkur holatda bolalarning tibbiy hujjatlari yashash joyidagi tibbiy muassasadagi TMKga taqdim etilib, tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi va pasport bo‘yicha ro‘yxatda turgan joyidagi TMK tomonidan ham tasdiqlanadi.
Bolalarga TMK majlisi to‘liq tarkibda o‘tkazilgan holda tibbiy xulosa beriladi va bolalar nogiron deb topiladi.
TMK tibbiy xulosani berishda quyidagilarni e’tiborga olishi lozim:
bolalarning tibbiy hujjatlaridagi ma’lumotlar (kasallik tarixidan ko‘chirma, ayrim hollarda rentgen, UTT, EEG, kompyuter tomografiyasi, laboratoriya-bioximik sinamalari o‘tkazilgan tekshiruvlar);
nogironlikka sabab bo‘lgan holatlar (tug‘ma, nasldan-naslga o‘tadigan kasalliklar yoki jarohat va surunkali kasalliklar, orttirilgan patologik holatlar natijasida yuzaga kelgan turmush faoliyatining cheklanganligi);
kasallikning xususiyati, bolalarning yoshi, uning a’zolari funksiyasining buzilish darajasi, kompensator mexanizmlar holati, kasalliklarning kechishi, ijtimoiy moslashuv imkoniyatlari;
bolalarning tibbiy, ijtimoiy, psixologik, pedagogik, jismoniy, kasbga va mehnatga doir komplekslarini qamrab olgan reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturida belgilanadigan ijtimoiy himoyaga muhtojligi va boshqalar.
Tibbiy xulosa bolalarni belgilangan tartibda shifoxona sharoitida tibbiy tekshiruvidan o‘tkazilib, davolash hamda reabilitatsiya tadbirlari natijalariga ko‘ra beriladi. Bunda, tibbiy xulosa bolalarning shifoxonalarda (shu jumladan ixtisoslashtirilgan shifoxonalarda) hamda ambulatoriya-poliklinika sharoitida davolangandan keyin ham 6 oydan ortiq davom etayotgan patologik o‘zgarishlarni inobatga olgan holda TMK tomonidan beriladi.
Tug‘ma anomaliyalar hamda hayot davomida orttirilgan anatomik nuqsonlar va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kasalliklar (tuberkulyoz, onkologik kasalliklar (xavfli o‘smalar), moxov, ruhiy kasalliklar, OITS va jinsiy a’zolar orqali yuqadigan boshqa kasalliklar) aniqlanganda barcha davolash tadbirlari o‘tkazilgandan so‘ng 6 oy kuzatuvidan ilgariroq tibbiy hujjatlar to‘liq taqdim etilganda, tibbiy xulosa umumiy asoslarda berilishi mumkin.
Kasalliklar va ularning patologik holatlariga muvofiq tibbiy xulosalar 1 yil muddatga, 2 yil muddatga yoki bir yo‘la 16 yoshgacha bo‘lgan muddatga beriladi va bola 16 yoshga to‘lgan oyning oxirigacha nafaqa to‘lanadi.
Tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxatining I-bo‘limida ko‘rsatilgan patologik holatlar, ya’ni kasalliklar jarohat yoki amalga oshirilgan tibbiy amaliyotlar natijasida bolalarning tana a’zosi va a’zolar tizimlarining funksiyasi buzilishi sababli, garchi davolash natijasida ko‘rsatilgan holatlar tiklanishi mumkin bo‘lsada, bolalarning yashash faoliyatini cheklanishiga va ijtimoiy hayotga moslasha olmaslikka olib kelgan holatlarda tibbiy xulosalar 1 yil muddatga beriladi.
Tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxatining II-bo‘limida ko‘rsatilgan patologik holatlar, ya’ni bolalar organizmi funksiyalarining kuchli darajada buzilgan, ularning o‘zgalar yordamiga muhtojligi sezilgan va o‘z-o‘ziga xizmat qilishi chegaralangan, lekin bolalarda tuzalish ehtimoli bo‘lgan holatlarda tibbiy xulosa 2 yil muddatga beriladi. Bunda, bolalarning fiziologik, anatomik, tana a’zosi va a’zolar tizimlarining kompensator holatlari, ularning tez o‘suvchanligi va tiklanishi hisobga olinadi.
Tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxatining III-bo‘limida ko‘rsatilgan holatlar, ya’ni o‘z-o‘ziga xizmat qilishning to‘liq yo‘qolishiga olib keluvchi organizm faoliyatining keskin, turg‘un va orqaga qaytmas buzilishi natijasida bolalarning yashash faoliyatining kuchli darajada chegaralanishiga va ijtimoiy hayotga moslasha olmaslikka olib boradigan a’zo va uning tizimlarining patologik holatlarida tibbiy xulosa bolalarning 16 yoshga to‘lgungacha bo‘lgan muddatga beriladi. Bunda, bolalarning ahvolini dinamik kuzatish, ularni reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash va hayotga moslashuvchanligini belgilash maqsadida tibbiy xulosa dastlab 2 yil muddatga beriladi. Mazkur muddat tugagach TMK tomonidan tibbiy xulosa bolalarning 16 yoshga to‘lgungacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Tibbiy xulosa berilishi bilan birga TMK tomonidan nogiron bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga farzandlariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishlar lozimligi, shu bilan birga, bolalarning muhtojligidan kelib chiqib, tibbiy ko‘rsatmalarga asosan protez-ortopediya mahsulotlari hamda reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlanishi tushuntiriladi va bu borada tibbiy xulosada qayd etiladi.
TMK kasallik tavsifiga ko‘ra nogiron bolaga reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturini tuzadi va uning ijrosini ta’minlaydi.
Nogironlik belgilangan bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolalarning o‘z vaqtida dispanser nazoratidan o‘tkazilishi va ularning o‘z vaqtida davolanishi, sog‘lomlashtirilishi uchun mas’ul ekanligi to‘g‘risida hududiy tibbiy muassasalar mutaxassislari tomonidan targ‘ibot ishlari olib boriladi.
Tibbiy xulosa TMK tomonidan ushbu Nizomning 2-ilovasida belgilangan shaklda rasmiylashtiriladi va hududiy TMK raisi va a’zolari tomonidan imzolanadi hamda mazkur davolash-profilaktika muassasasining muhri bilan tasdiqlanadi.
Tibbiy xulosada bolaning kasallik tarixidan olingan ma’lumotlar, shuningdek uning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi, ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning pasportidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim.
Tibbiy xulosa 1 yoki 2 yillik muddatga berilgan holatlarda tibbiy xulosada 17-bandda ko‘rsatilgan ma’lumotlardan tashqari, shuningdek bolaning navbatdagi tibbiy ko‘rikdan o‘tish sanasi ham ko‘rsatiladi.
Bolani qayta ko‘rikdan o‘tkazish muddatlari kasallikning og‘irlik darajasi, uning kechishi, funksional yetishmovchilikning turg‘unligi, o‘z-o‘ziga xizmat qila olish holati, harakatlanish, chamalash, muloqot, o‘qish, o‘z yurish-turishini nazorat qilish qobiliyatining bashorat qilinadigan dinamikasiga qarab belgilanadi.
Ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq tibbiy xulosada bolalarga berilishi lozim bo‘lgan mazkur bolalar uchun protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari ko‘rsatiladi.
TMK tomonidan ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq 16 yoshgacha nogironlikni qayd qilish daftari yuritiladi.
Bolalar TMK ko‘rigidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda taqdim etilgan tibbiy hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab 10 kun muddatda o‘tkaziladi.
Tibbiy xulosa bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tgan kuni ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga topshiriladi.
Nogironlikni belgilash uchun asos bo‘lgan anamnestik, ob’ektiv ma’lumotlar, reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi komissiya tomonidan bolaning ambulator kartasida (112-shakl) shu kuni qayd qilinadi va komissiya a’zolari tomonidan imzo bilan tasdiqlanadi.
Bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tibbiy xulosalar berilgan kundan boshlab 3 kun muddat ichida tibbiy xulosani o‘zlarining pasport bo‘yicha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) ijtimoiy ta’minot bo‘limlariga topshirishlari lozim.
Tibbiy xulosani qayta berilishi oldingi tibbiy xulosada qayd etilgan muddatdan kechikmasligi va uning rasmiylashtirilishi tibbiy xulosada ko‘rsatilgan oydan oldingi oyining 1-sanasidan boshlanishi lozim.
16 yoshga to‘lmasdan bir oy oldin nogiron bolalarni nogironlik guruhini belgilash maqsadida o‘rnatilgan tartibda tegishli tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga yuboriladi.
Tibbiy xulosani berish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha hujjatlar maxsus seyflarda saqlanib, uning hisob-kitobi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarining rahbarlari tomonidan maxsus buyruq asosida yuklatilgan mas’ul xodim tomonidan olib boriladi.
Hujjatlarning saqlanish muddati — 25 yil.
TMKning faoliyati ustidan nazorat qilish tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasasining bosh shifokorlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va viloyatlar hokimiyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalarining bosh pediatrlari zimmasiga yuklatiladi.
Kegeyli tumani adliya bo'limi
Yuridik xizmat ko'rsatish
markazi boshlig'i K.Paluaniyazov