Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

19

Yangi konstitutsiya 10 ta asosiy o‘zgarish


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kirdi. Bunga 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum natijasiga ko‘ra 11 ta moddadan iborat tegishli qonunning qabul qilinishi asos bo‘ldi. Bu qonunning 1-moddasiga Konstitutsiyaning yangi tahriri ilova qilingan.
Bunga qadar 1992 yildan buyon konstititutsiyaga jami 15 marta o‘zgartish kiritilgan edi. Bu safar esa o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi.
Eng muhim o‘nta yo‘nalishda ro‘y bergan o‘zgarishlar hujjatdagi ketma-ketlik bo‘yicha keltirib o‘tiladi.
1. O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat
Konstitutsiyaning 1-moddasidagi “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” jumlasi quyidagicha o‘zgartirilmoqda:
O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.
Boshqaruvning respublika shakli – davlat hokimiyatining oliy organlari xalq tomonidan muayyan muddatga saylanishini anglatadi. (Konstitutsiya normalariga rasmiy sharhlar hozircha yo‘q, shu sababli undagi norma va tushunchalarga tahririyat umumqabul qilingan doirada, mustaqil izoh berib o‘tmoqda).
Suveren davlat – o‘z hududida to‘la-to‘kis mustaqil hukmronlik va mutlaq yurisdiksiyaga ega bo‘lish demakdir.
Demokratiya esa xalq hokimiyatini ifoda etib, davlat boshqaruvida saylanish va o‘z vakillarini saylash orqali barchaning teng huquqli ishtiroki ta’minlanishini ko‘zda tutadi.
Huquqiy davlatda barcha jarayonlar qonuniy asoslar ustiga quriladi, davlat xizmatchilaridan huquq doirasida fikrlash, barcha masalalarga huquqiy ko‘z bilan qarash talab etiladi. Qolaversa, huquqiy davlatda barcha fuqarolar qonun oldida teng bo‘ladi, davlat hokimiyatining oliy organlari ham qonunlarga bo‘ysunadi va qonunlarning muqarrar ijrosini ta’minlaydi.
2. Konstitutsiya to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi
15-moddaga quyidagicha qo‘shimcha qo‘shildi:
• O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
Konstitutsiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi fuqarolarga nafaqat qonunlar, balki bevosita konstitutsiyadagi normalarga ham asoslangan holda ish olib borishga, xususan sudga murojaat qilishga imkon beradi.
Referendumda qabul qilingan qonunga binoan, Oliy sud 3 oy ichida tegishli Plenum qarorini qabul qilishi kerak. Bu qaror asosida sudlar tomonidan konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat sifatida qo‘llash yuzasidan yagona sud amaliyoti joriy etiladi.
3. Imtiyozlar qonunda yozib qo‘yilishi shart emas
Yangi konstitutsiyaning 19-moddasi (avvalgi 18-modda) – fuqarolarning jinsi, millati, mavqeyi va hokazolardan qat’i nazar qonun oldida tengligi haqida. Bu moddaning 2-qismi quyidagicha o‘zgarmoqda:
• Eski: Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
• Yangi: Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.
Bu bilan konstitutsiyaning amalda ishlamay kelgan normalaridan biri real voqelikka moslashtirilmoqda. Amaliyot shundayki, turli jabhalardagi imtiyoz va preferensiyalar nafaqat qonunlar asosida, balki ko‘p holatlarda qonunosti hujjatlar – qaror va farmonlar asosida berib kelinyapti.
4. Barcha noaniqliklar – inson foydasiga
Konstitutsiyaning yangi tahririga asosan:
• Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.
Ijtimoiy munosabatlar cheksiz shakllarga ega, ularni normativ-huquqiy hujjatlarda to‘liq kodifikatsiya qilib chiqish amalda imkonsiz.
Endilikda, qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etiladi.
Bundan tashqari, turli hujjatlarni yuritishda davlat organlari tomonidan xato-kamchilik o‘tgan taqdirda, masalan pensiya tayinlashda tegishli hujjatlar bazadan topilmay, noaniqlik yuzaga kelganida ham vaziyat fuqaro foydasiga hal etilishi kerak.
5. Inson huquqlari ijtimoiy axloq va jamoat tartibini saqlash maqsadida cheklanishi mumkin
Huquq va erkinliklarning cheklanishi masalasi avvalgi konstitutsiyada quyidagi ikkita norma bilan tartibga solingan edi:
• Insonning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.
• Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.
Konstitutsiyaning yangi tahririda yuqoridagi ikkita norma deyarli o‘zgarishsiz saqlab qolindi. Shu bilan birga, quyidagicha yangi norma qo‘shildi:
• Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.
Huquqlar cheklanishiga doir bu me’yorlar, yangi konstitutsiyaning boshqa bir moddasiga asosan, so‘z erkinligi huquqiga ham tegishli. Ya’ni axborot izlash, olish va tarqatish huquqi faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholi sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi va tartibini ta’minlash, davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida cheklanishi mumkin.
Ta’kidlash lozim, “ijtimoiy axloq” tushunchasi O‘zbekiston qonunchiligiga hali kiritilmagan. Ushbu tushuncha hamda mazkur modda bo‘yicha inson huquqlari “jamoat tartibini ta’minlash maqsadida” cheklanishi bo‘yicha vakolatli organning huquqiy sharhiga zarurat bor. Huquqlar ta’minlanishi bilan ijtimoiy axloq va jamoat tartibini saqlash o‘rtasidagi oltin o‘rtalik aniq belgilab qo‘yilishi kerak. Shu bilan birga, yuqorida aytganimizdek, konstitutsiyaga binoan endilikda barcha noaniqliklar inson foydasiga hal etiladi.
Shu o‘rinda, namoyishlarga oid moddani ham eslatib o‘tish o‘rinli. Bu modda avvalgi holida, o‘zgarishlarsiz saqlab qolindi:
6. O‘qituvchilar alohida e’tirofda
Konstitutsiyaga o‘qituvchilar haqida modda qo‘shildi. U ikki banddan iborat:
• O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.
• Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
Shu tariqa, ustozlar huquq sohasi vakili bo‘lmagan, lekin oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi. Konstitutsiyada nomi keltirilgan o‘qituvchilardan boshqa kasb egalarining barchasi – huquq sohasi vakillari (sudyalar, prokurorlar va advokatlar). Boshqa holatlarda kasb egalari emas, sohalar haqida gap ketgan (masalan, ommaviy axborot vositalari, turli jamoat birlashmalari).
7. Yer xususiy mulk bo‘lishi mumkin
O‘zbekistonda 2022 yildan e’tiboran qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish boshlangan. Shu bilan deyarli bir vaqtda, o‘tgan yili e’lon qilingan yangi konstitutsiya loyihasining birlamchi versiyasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni xususiylashtirish mumkin emasligiga ishora qilingan edi. Yakuniy talqindan bunday cheklov olib tashlandi va yerni xususiylashtirishga oid norma quyidagicha shaklga keltirildi:
• Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin.
Bosh qomusning o‘tgan yili e’lon qilingan birinchi loyihasida unga quyidagicha jumlani kiritish taklif etilgan edi: “Iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi”. Yakunda bu boradagi normalar quyidagicha ko‘rinish oldi:
• Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi.
• Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklanadi.
Hujjatning birlamchi loyihasida mavjud bo‘lgan: “Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi” degan normani konstitutsiyaga kiritmaslikka qaror qilindi. Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilikda ham bunaqa qoida yo‘q.
8. OAV faoliyatiga to‘sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi
Avvalgi konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” nomli bobi bitta moddadan iborat edi. Unda shunday deyilgandi: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Yangi konstitutsiyaga ko‘ra, bu bob ikkita moddadan iborat bo‘ldi:
• Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.
• Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Asosiy yangilik – OAV faoliyatiga to‘sqinlik uchun javobgarlik konstitutsiya darajasida belgilandi. MJtK va Jinoyat kodekslariga tegishli javobgarlik kiritilishi haqida 4-5 yildan beri gapirib kelinadi, lekin ularning barchasi og‘izda va qog‘ozda qolib ketmoqda.
Endilikda, referendumda qabul qilingan qonunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi qonunchilikni yangi konstitutsiyaga moslashtirish dasturini 2 oy muddat ichida ishlab chiqib, parlamentga kiritishi kerak.
9. Davlat boshqaruvidagi o‘zgarishlar. Prezidentning vakolat muddati 7 yil bo‘ldi
O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasiga binoan:
• Prezidentning vakolat muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi. Prezidentning “davlat boshlig‘i” maqomi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq prezident bo‘lishi mumkin emasligi, prezidentning qasamyodi matni va prezidentga taalluqli boshqa aksariyat normalar o‘zgarishsiz qoldirildi. Ma’lumot uchun, prezidentning vakolat muddati 2003 yilda ham 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan, 2011 yilda esa qaytib 7 yildan 5 yilga tushirilgan edi.
10. Mahalliy davlat hokimiyatidagi o‘zgarishlar. Hokimlar kengash raisligidan ketadi
Mahalliy davlat boshqaruvida vakillik va ijro etuvchi organlar bir-biridan ajratilmoqda. Bu boradagi hozirgi tartib hokimiyatning bo‘linish va hokimiyat bo‘g‘inlarining o‘zaro tiyib turish prinsipiga zid. Bosh qomusning yangi tahririga asosan, bunga barham berilib, mahalliy kengashlar saylanadigan vakillik organlari, hokimliklar esa ijro organlari deb belgilanmoqda.
Shunga muvofiq, quyidagi sanalardan boshlab, hokimlarning kengashlarda raislik qilishiga barham beriladi:
• viloyatlarda va Toshkent shahrida 2024 yilgi deputatlik saylovlari yakunlari bo‘yicha;
• tuman va shaharlarda 2026 yil 1 yanvardan boshlab.
Mahalliy kengashlar raislari kengash deputatlari orasidan 5 yil muddatga saylanadi. Hokimlar esa 5 yil muddatga tayinlanadi, tayinlangan hokimni kengashlar tasdiqlaydi. Shu tariqa, kengash raislari ham, hokimlar ham to‘g‘ridan to‘g‘ri aholi tomonidan saylanmaydi.
Kengashlarning vakolatlariga, jumladan, quyidagilar kiradi:
• mahalliy byudjetni ko‘rib chiqish va qabul qilish, uning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
• hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini tasdiqlash;
• hokimni lavozimga tasdiqlash, uning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish.
Hokimlarning vakolatlari esa, jumladan, quyidagilardan iborat bo‘ladi:
• konstitutsiya va qonunlarni, parlament palatalarining qarorlarini, prezidentning farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari kengashlarining qarorlarini bajarish;
• hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
• mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish.
Hokimlar va mahalliy kengashlarning faoliyatini tashkil etish tartibi bo‘yicha alohida qonunlar qabul qilinadi. Mahalliy masalalar bo‘yicha ularning vakolatlari qanday taqsimlanishi ana shu qonunlarda aks etadi.

Mo‘ynoq tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlar markazi direktori A.Esbergenov