Янгиликлар
25
Gender tenglik siyosati
Uzoq yillardan buyon erkaklar va ayollar o’rtasidagi tenglik masalalari jamiyatda muhokamalarga sabab bo’lib keladi. Bu borada ko’plab huquqiy-normativ hujjatlar ishlab chiqilishiga qaramasdan, ayollarga nisbatan zo’ravonlik, kuch ishlatish holatlari uchrab turibdi. O’zbekistondagi doimiy aholi soni 2023-yil 1-yanvar holatiga ko’ra 18,2 mln ayollar, 18 mln erkaklarni tashkil qilmoqda. Ayollar soni erkaklarga nisbatan ko’p bo’lishiga qaramasdan bandlik jihatdan erkaklar ustun. Masalan 2021-yil holatiga ko’ra Qoraqalpog’istonda band ayollar ulushi 42,9% ni, erkaklar ulushi esa 57,1% ni tashkil qilgan. Undan avvalgi yilga nisbatan ayollar bandligi 0,3% ga tushgan, erkaklar ulushi esa 0,3% ga ko’tarilgan. Davlat boshqaruvi sohasida ham ayollar ulushi 2021-yil holatiga 0,3% ga pasayganini ko’rish mumkin.
2019-yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida” O'zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilingan. Bu qonunning 3-moddasida gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar — jinslarning notengligini bartaraf etish, xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy yoki asos bo‘ladigan tengligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlarga erishish uchun davlat organlari tomonidan ko‘riladigan huquqiy, tashkiliy hamda institutsiyaviy xususiyatga ega chora-tadbirlar ekanligi va gender hamda gender statistikasi haqida tushuncha berilgan. Unga ko’ra, gender — bu xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihat, gender statistikasi esa davlat statistikasining jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holati to‘g‘risida har bir jins bo‘yicha alohida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, har xil jinsdagi shaxslarning ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalaridagi tegishli holatini aks ettiradigan, gender muammolarini va jamiyatdagi munosabatlarni yoritadigan qismi;
Uning 4-moddasida Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi, jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi, ochiqlik va shaffoflik ekanligiga qaramasdan bir qator zo’ravonlik harakatlari hali ham uchrab turibdi. 2022-yil holatiga ko’ra Qoraqalpog’istonda 7, O’zbekistonda esa 183 nafar ayollar yaqin sherik hisoblanmagan shaxslar tomonidan jinsiy zo‘rlanishga duchor bo‘lgan. Mana shunday ayollarga nisbatan kuch ishlatish, jinsiy zo’ravonlikning oldini olish maqsadida yaqinda Senatda bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasining ma'qullanishi ham o’z-o’zidan emas. Jinoyat va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodekslarga kiritilgan ushbu o'zgartirishlar orqali tajovuzkorlarni javobgarlikka tortish orqali ayollarni oiladagi zo'ravonlikdan himoya qilish mumkin. Bu qonun loyihasiga ko’ra endi jinsiy zo‘ravonlikda ayblanganlar muddatidan ilgari shartli ozod qilinmaydi, jazosi yengiliga almashtirilmaydi; jinsiy zo‘ravonlikka uchragan shaxslarning yosh chegarasi bekor qilinadi; jinoyatchining muayyan joylarga borishi taqiqlanadi; voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga taʼlim-tarbiya berishi, bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi. Bundan tashqari ularga nisbatan ma’lum miqdordagi jarimalar va qamoq jazolari ham belgilangan.
Albatta bunday qonun choralari va so’nggi yillarda qonunlarda ayollarga nisbatan kuch ishlatish va zo’ravonlikka qarshi sa’y-harakatlar, qabul qilinayotgan qonunlar o’z samarisini beradi va gender siyosati asnosida ayollarning jamiyatimizdagi o’rni va ro’li oshadi.
Amudaryo tumani adliya bo’limi
YuXKM bosh yuriskonsulti S.D.Sultanov