Янгиликлар
05
Foydali modelning patentga layoqatlilik shartlari
O‘zbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi qonuniga asosan foydali model sifatida ko‘rsatilgan ob’ekt yangi bo‘lsa va uni sanoatda qo‘llash mumkin bo‘lsa, u huquqiy muhofaza qilinadi.
Agar foydali modelning muhim belgilari majmui texnika taraqqiyoti darajasidan ma’lum bo‘lmasa, u yangi deb hisoblanadi.
Texnika taraqqiyoti darajasi talabnomada ko‘rsatilgan foydali model amalga oshirishi mumkin bo‘lgan vazifalarni bajara oladigan vositalar haqidagi O‘zbekiston Respublikasida hamma foydalana oladigan barcha ma’lumotlarni, shuningdek ularni qo‘llashga doir ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Foydali model, agar undan amalda foydalanish mumkin bo‘lsa, sanoatda qo‘llash mumkin deb hisoblanadi.
Foydali modelga taalluqli axborotning muallif, talabnoma beruvchi yoki ulardan bevosita yoxud bilvosita shu axborotni olgan har qanday shaxs tomonidan ommaviy tarzda oshkor etilishi, agar foydali modelga patent berish haqidagi talabnoma axborot oshkor etilgan sanadan e’tiboran ko‘pi bilan olti oy ichida Agentlikka topshirilgan bo‘lsa, foydali modelning patentga layoqatliligini tan olishga ta’sir ko‘rsatadigan holat sifatida e’tirof etilmaydi. Bunda ushbu holni isbotlab berish vazifasi muallif, talabnoma beruvchi zimmasida bo‘ladi.
Har qanday sohada:
mahsulotga (xususan, qurilma, modda, mikroorganizm shtammi, o‘simliklar yoki hayvonlar hujayralarining turlariga);
usulga (moddiy vositalar yordamida moddiy ob’ekt ustida xatti-harakatlarni amalga oshirish jarayoniga) taalluqli bo‘lgan texnik yechim foydali model sifatida e’tirof etiladi.
Foydali modelga patent berish haqidagi talabnoma bitta foydali modelga yoki yagona ijodkorlik fikrini (foydali model birligi talabini) tashkil etgan tarzda bir-biri bilan uzviy bog‘langan foydali modellar guruhiga taalluqli bo‘lishi kerak.
Foydali model haqidagi talabnoma:
foydali modelning muallifi (hammualliflari) va kimning nomiga patent berish so‘ralayotgan bo‘lsa, ana shu shaxs, shuningdek ularning turar joyi yoki joylashgan manzili ko‘rsatilgan patent berish haqidagi arizani;
foydali modelning uni amalga oshirish uchun yetarli bo‘lgan darajada to‘liq ochib berilgan tavsifini;
foydali modelning mohiyatini ifodalovchi hamda uning tavsifiga to‘la muvofiq bo‘lgan formulasini;
agar foydali modelning mohiyatini tushunish uchun zarur bo‘lsa, chizmalar va boshqa materiallarni;
foydali model referatini o‘z ichiga olishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk departamenti patent boji to‘langan taqdirda foydali model haqidagi talabnomani ekspertizadan o‘tkazadi. Patent boji rasmiy ekspertizaning talabnoma ko‘rib chiqishga qabul qilingani to‘g‘risidagi qarori talabnoma beruvchiga yuborilgan sanadan e’tiboran uch oy ichida to‘lanishi mumkin. Ko‘rsatilgan muddat o‘tkazib yuborilgan taqdirda talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi.
Ekspertiza o‘tkazilayotganda talabnomada ko‘rsatilgan ob’ektning ushbu Qonunda belgilangan patentga layoqatlilik shartlariga muvofiqligi tekshiriladi.
Agar ekspertiza natijasida talabnoma foydali modellar sifatida muhofaza qilinadigan ob’ektlarga taalluqli bo‘lmagan taklif to‘g‘risida ekanligi aniqlansa, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk departamenti patent berishni rad etish haqida qaror qabul qiladi, talabnoma beruvchi bundan xabardor qilinadi.
Agar talabnoma ekspertizasi natijasida foydali model haqidagi talabnoma materiallari qo‘yilgan talablarga mos ekanligi aniqlansa, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk departamenti foydali modelga patent berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, talabnoma beruvchi bundan xabardor etiladi.
Foydali model sifatida talabnomada ko‘rsatilgan ob’ektning patentga layoqatlilik shartlariga muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk departamenti foydali modelga patent berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, talabnoma beruvchi bundan xabardor etiladi.
Talabnoma beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk departamentning qarori ustidan qaror yuborilgan sanadan e’tiboran uch oylik muddat ichida Apellyatsiya kengashiga apellyatsiya berishi mumkin. Apellyatsiya kengashi apellyatsiya kelib tushgan sanadan e’tiboran ikki oylik muddat ichida uni ko‘rib chiqishi lozim.
Apellyatsiya kengashining qarori ustidan qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran olti oy ichida sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Intellektual mulk huquqlarin
himoya qilish bo‘limi boshlig‘i K.Reymnazarov