Янгиликлар
04
“Mehr daftari” ga kimlar kiritiladi va ularga berilgan yengilliklar.
“Mehr daftari” — etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning muammolarini o'rganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini ro'yobga chiqarishga ko'maklashish maqsadida ular haqidagi ma'lumotlarni kiritish, idoralararo ma'lumotlar almashishni tashkil etish hamda “Mehr daftari” tizimi bo'yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning samaradorligini monitoring qilish imkonini beruvchi elektron platforma hisoblanadi. Ushbu platforma jamiyatimizning yana bir muhtoj qatlami ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qiladi.
“Mehr daftari” qanday shakllantiriladi?
Birinchidan, Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, Respublika bolalar o'quv-tarbiya muassasalari, Oilaviy bolalar uylari, O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi tizimidagi Bolalar uylari, “SOS — O'zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi bo'linmalari (bolalarni muqobil parvarish qilish xizmatlari, yoshlarga hamrohlik qilish xizmatlari va ijtimoiy etimlikning oldini olish xizmatlari) tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish sho'’balari mas’ul hisoblanadi.
Daftarga etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalar tuman (shahar) hokimi qarori asosida kiritiladi va undan chiqariladi.
“Mehr daftari”ga kiritilgan etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning muammo (ehtiyoj, qiziqish)lari quyidagi tartibda o'rganiladi:
• o'quv-tarbiya muassasalarida:
• tarbiyalanuvchilarning bevosita murojaatlari va ular orasida o'tkaziladigan so'rovnomalar orqali;
• o'quv-tarbiya muassasalari bitiruvchilarining yoki ularning manfaatlarini himoya qiluvchi shaxs (tashkilot)lar murojaatlari orqali;
• tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish sho'’balarida:
• vasiylikka (homiylikka, patronatga) olingan etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning murojaatlari orqali;
• vasiylikka (homiylikka, patronatga) olingan etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning ota-onalari, qonuniy vakillari yoki ularning manfaatlarini himoya qiluvchi shaxs (tashkilot)lar murojaatlari orqali.
“Mehr daftari”ga kiritilgan bolalar muammolari qanday tartibda hal qilinadi?
Murojaatlar va so'rovnomalar natijasi yuzasidan 15 ish kuni muddatda “Yo'l xaritasi” loyihasi tayyorlanadi.
“Yo'l xaritasi” loyihasida etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning muammo (ehtiyoj, qiziqish)larini hal etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar, ijro etish muddati hamda ularni bajaruvchi mas’ul tashkilotlar va sarflanadigan xarajatlarning miqdori ko'rsatib o'tiladi.
“Yo'l xaritasi” loyihasi 3 ish kunida tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi va Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklaridagi “Mehr daftari”ga kiritilgan etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armalari vasiylik kengashlariga taqdim etiladi.
Vasiylik kengashi tomonidan 3 ish kunida etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning muammo (ehtiyoj, qiziqish)larini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun yordam ko'rsatilishi to'g'risida qaror qabul qilinadi. Qarordan so'ng bolalarning muammolari hal qilinish boshlanadi.
«Mehr daftari» ga kiritilganlar uchun qo'yidagi imtiyozlar mavjud:
- etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning muammolarini hal etish, iste’dodli bolalarni qo'llab-quvvatlashga ko'maklashish;
- etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni hayotga tayyorlash, ularning ta'lim-tarbiyasini tashkil etish, kasbga yo'naltirish va bandligini ta'minlash;
- etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan, ayniqsa nogiron va surunkali kasalliklari bo'lgan bolalarning sog'ligini tiklash va saqlash;
- etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning kommunal to'lovlar bo'yicha qarzdorliklarini qoplash;
- bolalarning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog'idan mahrum bo'lish sabablarini o'rganish natijasiga ko'ra aniqlangan muammolarini bartaraf etish va ularning oldini olish;
- etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan oilalarni rag'batlantirish;
- qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan boshqa xarajatlarni qoplash.
“Mehr daftari”dan qanday chiqariladi?
Etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalar 25 yoshga to'lganda tegishli tuman (shahar) hokimligining Bolalarni himoya qilish sho'’basi tomonidan tuman (shahar) hokimining qaroriga muvofiq “Mehr daftari”dan chiqariladi.
Quyidagi hollarda bolalarni “Mehr daftari”dan chiqarish kechiktirilishi mumkin:
1. Daftardan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi ta'minlanmagan holatlarda, daftar hisobida turish muddati bandligi ta'minlangunga qadar, biroq 5 yildan ortiq bo'lmagan muddatga uzaytiriladi.
2. Daftardan chiqarilayotgan shaxslarning o'zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo'lmaganligi va turar joyga muhtojligi aniqlangan holatlarda, daftar hisobida turish muddati uy-joy bilan ta'minlangunga qadar, biroq 5 yildan ortiq bo'lmagan muddatga uzaytiriladi.
3. Tuman (shahar) hokimligining Bolalarni himoya qilish sho'’basining hududdagi o'quv-tarbiya muassasalari, manfaatdor davlat organlari hamda tashkilotlar bilan hamkorlikdagi xulosasiga muvofiq daftarda bo'lish muddati 5 yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Shuningdek, etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarga nisbatan sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi chiqarilganda, ularni “Mehr daftari” tizimi bo'yicha qo'llab-quvvatlash masalasi to'xtatib turiladi. Bunda sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan so'ng daftarga o'zgartirish kiritiladi.
“Mehr daftari” axborot tizimiga ma'lumotlarning o'z vaqtida kiritilishi va haqqoniyligi Milliy gvardiyaning hududiy bo'linmalari tomonidan nazorat qilinadi.
Mo'ynoq tumani adliya bo'limi
bosh maslaxatchisi: R.Yusupov