Янгиликлар
24
Er qonunchiligida muhim yangilik
Umummilliy boyligimiz bo‘lgan yerdan oqilona foydalanish nafaqat konstitutsiyaviy, balki kelajak avlod oldidagi eng katta burchlarimizdan biri sanaladi.
Zero, yerni, unda bunyod etilgan tabiatni asrash orqali insoniyat o‘zini va kelajagini asraydi. Chunki aynan ushbu omillar tabiiy muvozanatning saqlanishida muhim rol o‘ynaydi.
Bugungi kunda yer uchastkalaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish masalasi juda dolzarb. Chunki yer qonunchiligi talablariga zid ravishda yerdan foydalanish, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish kabi huquqbuzilishlar ko‘plab uchramoqda.
«Er uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-782-son Qonuni 29.06.2022 yilda imzoladi.
Kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq:
• «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonuniga:
- Xalq deputatlari Kengashining vakolatlari kengaytirildi. Jumladan, 24-modda quyidagi qism bilan to‘ldirildi va unga ko‘ra, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari jismoniy va yuridik shaxslarga tegishincha meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va olib qo‘yilgan yer uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarini buzib tashlash to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
• Yer kodeksiga:
- yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish tartibini belgilaydigan 37-1-modda bilan to‘ldirildi.
- 41-moddaning to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlari o‘zgartirildi. Yangi tahrirga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishincha meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish faqat qonunda nazarda tutilgan kompensatsiya to‘la hajmda berilganidan keyin amalga oshiriladi. Ilgari, yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun egasining xohishiga ko‘ra tuman, shahar, viloyat hokimining qarori bilan avvalgi yer uchastkasi bilan aynan bir xil yer uchastkasi ajratilgach, shu yer uchastkasi olib berilayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar olib qo‘yilayotgan yer uchastkasining o‘rniga yangi joyda uy-joy, ishlab chiqarish binolari va boshqa imoratlarni qurib berganidan keyin hamda boshqa barcha zararlar (shu jumladan boy berilgan foyda) to‘la hajmda qoplanganidan keyin olib qo‘yilishi mumkin edi.
Xulosa qilish mumkinki, bizdan yerlarimizga va qonunlarimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishimiz talab etiladi.
Ellikqal’a tuman adliya boshlig‘i U.Atadjanov