Янгиликлар
20
Korrupsiyaga qarshi kurashish – Davlat va Jamiyat Xavfsizligi garovi
"Korrupsiya" tushunchasi lotin tilidagi "corruptio" so'zidan olingan bo’lib, mazmuni "buzish, sotib olish" ma'nosini beradi va uning grammatik bir ildizli ma'nosi yana "korroziya" so'zi ya'ni "chirish yoki zanglash" degan mazmunni ham beradi. Shundan kelib chiqib bu so'zni ijtimoiy ko'rinishi hokimiyatni buzish, chiritish orqali sotib olish" degan ma'noni beradi.Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hanuzgacha u bartaraf etilmayapdi.
Korrupsiyaning tarixiy o‘zaklari juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada ma’lum mavqeyga ega bo‘lish uchun qabila sardorlariga sovg‘alar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. O‘sha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markaziylashuvi korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta to‘siq ekanligini ko‘rsatdi. Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi. Qadimgi davlatlarni ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo‘rligi qattiq tashvishga solganligi bizgacha saqlanib qolgan manbalardan ma’lum. Chunki bu holat davlatning obro‘siga juda qattiq putur yetkazardi. Dunyoning yetakchi dinlarida ham birinchi navbatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo‘rligi qattiq qoralanadi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmini belgilovchi asosiy manba O'zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonuni xisoblanib, uning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Ushbu Qonunda shaxsning o'z mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o'zga shaxslarning manfaatlarini ko'zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishiga - korrupsiya deb ta'rif berilgan.
Qonunning 5-moddasida esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari ko'rsatib o'tilgan bo'lib, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o'z vaqtida aniqlash, ularga chek qo'yish, ularning oqibatlarini, unga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinspini ta'minlash nazarda tutilgan.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ta'lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy ta'lim va tarbiya masalalari
Qonunning 16, 17, 18-moddalarida o'z ifodasini topgan. Zero, huquqiy ongi, huquqiy madaniyati, ma'naviyati, axloqi yetuk bo'lgan insonlardan o'z nafsining qullari chiqishi qiyin. Umuman olganda, korrupsiyani vujudga keltiruvchi shart-sharoitlarga quyidagilarni kiritish mumkin, ular: o'tish davridagi qiyinchilik; ijro etish tizimining yomonlashuvi; huquqiy nigilizm (qonunni inkor etish, huquqni ijtimoiy qadriyat sifatida tan olmaslik); jamiyatda insonlarning huquqiy madaniyati; iqtisodiy aspektlar (shart-sharoitlar).
Davlatimiz Konstitusiyasida Konstitusiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o'zlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini to'xtatib qo'yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitusiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo'lishi, shuningdek, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat'i nazar, qonun oldida tenglik prinsipi belgilanib, imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo'yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo'lishi shartligi nazarda tutilgan.
O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida javobgarlik belgilangan quyidagi ijtimoiy xavfli qilmishlar korrupsiyaviy jinoyatlar deb belgilanishi mumkin bo'lgan "O'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-toroj qilish", "Jinoiy yo'l bilan topilgan mulkni olish yoki o'tkazish; hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish", "Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish"; "Hokimiyat harakatsizligi"; "Pora olish"; "Pora berish"; "Pora olish-berishda vositachilik qilish"; "Xizmatchini pora evaziga og'dirish"; "Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish"; "Yolg'on guvohlik berish"; "Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish"; "Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og'dirib olish"; "Hokimiyatni suiiste'mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi" kabi normalar mustahkamlangan.
Shunday ekan, o'zimiz xulosa qilishimiz, kelajakni korrupsiyasiz birgalikda qurishimiz, buning uchun avvalo o'zimizni o'zimiz tarbiya qilishimiz, korrupsiyanining har qanday ko'rishnishini bartaraf qilish uchun birgalikda kurashamiz zarurdir. Qabul qilingan Qonun esa davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta'sir etuvchi mazkur illatga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi sifatida xizmat qiladi.
Ellikqal’a tumani adliya bo’limi Davlat xizmatlari
markazi bo’lim boshlig’i: A.Ababekov