Янгиликлар
18
Yangi Mehnat kodeksida ayollarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o'ziga xos xususiyatlari
Ma'lumki, 2023-yil 30-apreldan O'zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi kuchga kiradi. Muhim yangiliklardan biri, yangi Mehnat kodeksiga ayollarning mehnat huquqlarini huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan bir qator yangi normalar kiritilgan.
Jumladan,yangi Mehnat kodeksining 119-moddasiga ko'ra, homiladorlik yoki farzandlar borligi bilan bog'liq sabablarga ko'ra ishga qabul qilmaslik g'ayriqonuniy ravishda rad etish deb hisoblanishi belgilangan.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 392-moddasiga ko'ra, homiladorligi yoki farzandi borligi bilan bog'liq sabablarga ko'ra ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq to'lash miqdorini kamaytirish ham taqiqlanishi ham belgilangan.
Bundan tashqari, ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan g'ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo'shatish to'g'ridan-to'g'ri jinoiy javobgarlikka sabab bo'lishi ham belgilangan.
Xususan, Jinoyat kodeksi 148-moddasiga ko'ra, ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan g'ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo'shatish bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha ahloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.
Shu bilan bir qatorda,ushbu kodeksning 129-moddasiga ko'ra, homilador ayol, 3 yoshga to'lmagan bolasi bor ayol yoki 3 yoshga to'lmagan bolani yolg'iz o'zi tarbiyalayotgan ota (vasiy)ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmasligi aniqlashtirib berilgan.
Muhim jihatlardan yana biri, yangi Mehnat kodeksining 149-moddasiga ko'ra, xodim sog'lig'ining holatiga ko'ra xodimni vaqtincha boshqa ishga o'tkazish, homilador ayolni, shuningdek ikki yoshga to'lmagan bolasini parvarishlayotgan ota-onadan birini (vasiyni) ularning avvalgi ishni bajarish imkoniyati bo'lmagan taqdirda vaqtincha boshqa ishga o'tkazish haqida buyruq chiqarish uchun ularning arizasi va tibbiy xulosa asos bo'ladi.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 394-moddasiga ko'ra, tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat ko'rsatish normalari avvalgi ishlaridagi o'rtacha oylik ish haqi saqlangan holda kamaytiriladi yoki ular yengilroq ishga yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining ta'siridan xoli bo'lgan ishga o'tkazilishi ham belgilangan.
E'tiborli tomonlardan biri, ushbu kodeksning 163-moddasiga ko'ra, homilador ayollar (ushbu kodeksning 408-moddasi) va 3 yoshgacha bolasi bo'lgan xodimlar (ushbu kodeksning 409-moddasi) uchun kafolatlar berishni nazarda tutadigan talablarga rioya qilmasdan ish beruvchining tashabbusi ya'ni MK 161-moddasiga ko'ra bekor qilish taqiqlanadi deb qatьi belgilangan Mehnat kodeksining 408-moddasi 1-qismiga ko'ra,homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko'ra bekor qilishga yo'l qo'yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo'linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno deb ko'rsatilgan.
E'tiborli jihatlardan yana biri, yangi Mehnat kodeksining 186-moddasiga ko'ra, ish beruvchi ushbu Kodeksning 398-moddasiga muvofiq homilador ayolning, 14 yoshgacha bo'lgan bola (o'n olti yoshgacha bo'lgan nogironligi bo'lgan bola) ota-onasidan birining (ota-onaning o'rnini bosuvchi shaxsning), shuningdek oilaning betob a'zosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsning iltimosiga ko'ra tibbiy xulosaga binoan to'liqsiz ish kunini belgilashi shartligi belgilandi.
Yana bir muhim o'zgarish, Mehnat kodeksining 228-moddasiga ko'ra, ayollarga — homiladorlik va tug'ish ta'tilidan oldin yoki undan keyin xodimning xohishiga ko'ra har yilgi mehnat ta'tili unga qulay bo'lgan vaqtda berilishi belgilangan.
Shuningdek, ayollarga ularning xohishiga ko'ra, bolasi uch yoshga to'lguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qo'shimcha ta'til ham berilishi qatьi norma sifatida belgilangan.
Muhim o'zgarish sifatida, yangi Mehnat kodeksining 466-moddasiga ko'ra, homilador ayollarni vaxta usulida bajariladigan ishlarga jalb qilish mumkin emasligini e'tirof aytib o'tish mumkin.
Xulosa qilib aytganda,yangi Mehnat kodeksiga ayollarning mehnat huquqlarini himoya qiluvchibir qator yangi normalarning kiritilganligi, bu o'z navbatida, yurtimizda ayollar menatini huquqiy jihatdan himoya qilishni davlatning muhim masalalaridan biri sifatida katta e'tibor berilayotganidan yaqqol darak beradi.
To'rtko'l tuman adliya bo'limi
Yuridik xizmat ko'rsatish
markazi boshlig'i B.Avazmetov