Янгиликлар
17
KONSTITUTSIYADA MEHNAT QILISH HUQUQI
Mehnat huquqi huquqning eng muhim tarmoqlaridan biridir. U ishchilar va ish beruvchilar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini tartibga solishda muhim o‘rin tutadi. Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari Mehnat kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlari va Jo‘qorg‘i Kenges qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining qarorlari, davlat hokimiyatining boshqa vakillik va ijroiya organlari o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlardan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Mehnat kodeksiga ko‘ra barcha fuqarolar mehnat huquqlariga ega bo‘lish va ulardan foydalanishda teng imkoniyatlarga egadir. Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklashlarga yoki imtiyozlar belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi va bular kamsitish deb hisoblanadi. Mehnat sohasida o‘zini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitishni bartaraf etish hamda o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, mehnat qilish va ishni erkin tanlash huquqini amalga oshirishda barcha fuqarolarga jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli va mansab mavqeidan, dinga munosabati, e’tiqodidan, jamoat birlashmalariga mansubligidan, shuningdek xodimlarning ishchanlik jihatlariga hamda ular mehnatining natijalariga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlardan qat’i nazar, teng imkoniyatlarni ta’minlash aholini ish bilan ta’minlash sohasidagi davlat siyosati prinsiplarining biri hisoblanadi.
Quyidagilar davlat tomonidan kafolatlanadi:
ish bilan ta’minlash turini, shu jumladan, turli mehnat rejimidagi ishni tanlash erkinligi;
ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishdan va mehnat shartnomasini g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilishdan himoyalanish;
maqbul keladigan ish tanlash va ishga joylashishga bepul yordam berish;
har kimga kasbga va ishga ega bo‘lishda, mehnat qilish va ish bilan ta’minlanish shart-sharoitlarida, mehnatga haq to‘lashda, xizmat pog‘onasidan yuqori borishda teng imkoniyatlar yaratish;
yangi kasb (mutaxassislikka)ga bepul o‘qitishni, mahalliy mehnat organlarida yoki ularning yo‘llanmasi bilan boshqa o‘quv yurtlarida stipendiya to‘lab malakasini oshirish;
boshqa joydagi ishga qabul qilinganda sarf qilingan moddiy harajatlar uchun qonun hujjatlariga muvofiq kompensatsiya to‘lash;
haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashish uchun muddatli mehnat shartnomalari tuzish imkoniyati, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek oliy o‘quv yurtlarining davlat grantlari asosida bilim olgan bitiruvchilariga, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilganlarga, nogironlarga va pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslarga, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga ko‘ra tibbiy yo‘sindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslarga, odam savdosidan jabrlanganlarga qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.
Ish beruvchi ish joylarining belgilangan eng kam miqdori hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy mehnat organlari va boshqa organlar tomonidan yuboriladigan, ko‘rsatilgan shaxslarni ishga qabul qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni asossiz rad etgan ish beruvchi va uning vakolatli shaxslari belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Mehnat qonunlari bilan ishga qabul qilishda ma’muriyat talab etishi shart bo‘lgan hujjatlar aniq ro‘yxati belgilangan. Ish beruvchiga ishga qabul qilishda qonunda nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish qat’iyan man etiladi. Ishga qabul qilish ma’muriyat buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi, buyruq albatta xodimga ma’lum qilinib, bu haqda tilxat olinadi. Buyruqda shtat jadvaliga muvofiq xodim qabul qilingan lavozimning aniq nomi ko‘rsatilishi lozim. Buyruqqa binoan mehnat daftarchasiga ham yozib qo‘yiladi. Ishning boshlanishi odatda mehnat shartnomasini tuzishda ma’muriyat bilan kelishuvga binoan belgilanadi. Biroq qachon buyruq chiqqani yoki mehnat shartnomasi rasmiylashtirilganidan qat’i nazar, haqiqatda ishga tushish paytidan e’tiboran mehnat vazifalari bajara boshlangan hisoblanadi.
Ellikqal’a tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuristkonsulti F.Jumaniyazov