Янгиликлар
05
Konstitutsiyaviy islohatlar
So'nggi yillar mobaynida, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida tub islohatlar amalga oshirildi.
Bundan ko'zlangan maqsad - Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun birinchi navbatda, mustahkam Konstitutsiyaviy huquqiy poydevor yaratish muhim vazifa qilib qo'yilgan edi.
Harakatlar strategiyasi doirasida keyingi yillar mobaynida yurtimizda jamiyat va davlat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini va inson huquqlarini ta'minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada oshirish bo'yicha bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi desak aslo xat bo'lmagan bo’lar edi.
Ushbu islohotlar natijasida tom ma'noda mamlakatimizda Yangi O'zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma'rifiy asoslari yaratildi.
Yangi bosqichda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijadorligini oshirish ko'p jihatdan yangilanishlarning Konstitutsiyaviy tub asoslarini mustahkamlash, shuningdek jamiyat va davlat boshqaruvi sohasidagi faoliyatni yanada tubdan takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelgandi.
Shu asnoda, jahondagi ilg'or mamlakatlarning tajribalarini har tomonlama chuqur o'rganish va tahlil qilish asosida, Konstitutsiyamizni bugungi kun talablari to'la darajasiga olib chiqish borasida ko'plab takliflar ilgari surilgan edi.
Bu esa, o'z navbatida, xalqimizning mamlakat hayotida bo'layotgan keng ko'lamli tub o'zgarishlarga befarq emasligini va islohotlarning faol ishtirokchisi bo'lishga intilayotganligini yaqqol ko'rsatdi.
Konstitutsiyamizda «inson — jamiyat — davlat», «Yangi O'zbekiston — ijtimoiy davlat» tamoyillarini mustahkamlash, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta'minlash bosh mezon bo'lishini ta'minlash, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining o'rnini Konstitutsiyaviy darajaga ko'tarish kabi masalalar tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko'lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta'minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi Konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga kelayotgandi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi turli partiyalar fraktsiyalari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yanada takomillashtirish masalasida Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish tashabbusini ilgari surishdilar.
Xo'sh Konstitutsiyaviy islohatlar nima?
Konstitutsiyaviy islohatlarning asosiy maqsadi — Konstitutsiyaviy tuzilish, inson va fuqarolar huquqlari bilan erkinliklarini, davlat tuzilishining asoslarini yaxshilash, shuningdek hukumat tarmoqlari o'rtasidagi vazifalarni optimizatsiya qilish va bo'lishtirish demakdir.
Muhtaram yurtboshimiz Konstitutsiyani yangilashdek strategik vazifani hal etishda yetti marta emas, yetmish marta o'ylab, xalqimiz bilan har tomonlama bamaslahat holda qaror qabul qilish zarurligini ta'kidlab o'tgan edilar.
Umuman olganda mamlakatimiz Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda, eng avvalombor, jamiyatda inson qadri hamda umuminsoniy qadriyatlarni yuqori qo'yish kabi yo'nalishlardagi talablar asosida o'zgartirishlar kiritishni maqsad qilib qo'yilgan.
Misol uchun, tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini himoya qilish maqsadida, yangi Konstitutsiyaning 25-moddasiga jinoyat qonunchiligiga oid normalar qo'shilyapti.
Ushbu normaga asosan, hech kim shartnomaviy majburiyatlarni bajara olmaganligiga asoslanib jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi kiritldi.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 26-moddasiga sud-huquq tizimiga oid quyidagi normalar kiritilmoqda.
Unga ko'ra, xalqaro huquq normalariga to'la mos ravishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o'zining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi.
Shuningdek, hech bir shaxs o'ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi hamda shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo'lmasligi.
Shu bilan birga, yangi Konstitutsiyaning 37-moddasiga mehnat huquqiga doir quyidagicha normalar qo'shilyapti. Unga asosan, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo'shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi, har bir ishlovchi ayol homilador bo'lgan taqdirda va tug'ish davrida haq to'lanadigan ta'tilga hamda yangi tug'ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun ta'tilga yoki bolani farzandlikka olish uchun ta'tilga chiqish huquqiga egaligi.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 40-moddasiga sog'liqni saqlashga oid quyidagicha normalar qo'shilyapti:
Unga ko'ra, davlat Orolbo'yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish bo'yicha zarur choralar ko'rish.
Konstitutsiyaga yangi 531-prim moddasi qo'shilayapdi. Unga asosan hech bir shaxs o'z mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emasligi belgilandi.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 77-moddasiga Oliy Majlis deputatlari hududiy kengashlarda deputat bo'lishini cheklovchi band qo'shilmoqda.
Unga asosan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati ayni bir vaqtning o'zida Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining, mahalliy hokimiyat vakillik organlarining deputati bo'lishi mumkin emasligi to'g'risida norma kiritildi.
Muhim o'zgarishlar sifatida Konstitutsiyaning 83-moddasidagi qonunchilik tashabbusiga ega subyektlar ro'yxatiga quyidagilar qo'shilyapti:
Unga asosan, O'zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo'lgan, yuz ming nafardan kam bo'lmagan fuqarolari; Oliy Majlis Senati; Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) hamda
Markaziy saylov komissiyasi.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 90-moddasida Prezidentning vakolat muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish bo'yicha yangi norma kiritilgan.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 109-moddasiga yangi band qo'shilmoqda, unga ko'ra Konstitutsiyaviy sud fuqarolarning va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo'llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko'rib chiqadi deb belgilangan.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyaviy islohatlar tom ma'noda davlat va jamiyatni yanada taraqqiy ettirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to'laqonli ta'minlanishga xizmat qiladi.
To'rtko'l tuman adliya bo'limi
Yuridik xizmat ko'rsatish
markazi boshlig'i B.Avazmetov