Янгиликлар
27
Pedagoglar faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik belgilandi
Joriy yilning 27-mart kuni Prezident tomonidan pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilishi haqidagi Qonun imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga kiritilgan ko‘shimchaga ko‘ra:
mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash ta’lim tashkiloti pedagog xodimiga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:
BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha (45 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
3 yilgacha axloq tuzatish ishlari.
Ma’lumot uchun shuni ta’kidlashimiz kerakki, ilgari bunday norma mavjud emas edi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (15 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shunday qilib, endilikda mazkur Kodeksga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchaga ko‘ra, xuddi shunday huquqbuzarlik ta’lim tashkiloti pedagog xodimiga nisbatan sodir etilsa, BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha (30 mln so‘mdan 45 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ta’kidlab o’tish joizki, ilgari bunday norma mavjud emas edi.
Shuningdek, pedagog xodimning kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish: fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (ilgari
5 baravardan 7 baravargacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan
15 baravarigacha (ilgari 7 baravardan 10 baravargacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilsa:
fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (ilgari 7 baravardan 10 baravargacha), mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 20 baravarigacha (ilgari 10 baravardan 15 baravargacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga (ilgari ushbu jazo chorasi qo‘llanilmagan) sabab bo‘ladi.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Esenkeldi Utepov
Huquqni qo‘llash bo‘limi boshlig‘i