Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Ozodlikdan mahrum etish joylaridagi shaxslar bilan nikohni qayd etish tartibi


Oila muqaddas dargoh. Oila jamiyatning asosi. Oilaning huquqiy asosini qonuniy nikoh tashkil qiladi. Chunki faqat qonuniy nukohgina oilada er-xotin va bolalar o`rtasida o`zaro huquq va majburiyatlarni keltirib chiqaradi. Oila kodeksining 13-moddasiga nikoh tuzish tartibi va shartlari belgilab qo`yilgan bo`lib, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida amalga oshiriladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Oila kodeksining 14 va 15-moddalarida nikoh tuzish ixtiyoriyligi, bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerakligi hamda nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun o‘n sakkiz yosh etib belgilangan. Oila kodeksining 217-moddasida Tergov hibsxonalarida, ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoni ijro etuvchi muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan tuziladigan nikohni qayd etish ushbu muassasa joylashgan erdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilangan.
Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan shaxslar bilan nikohni qayd etish shu muassasa joylashgan hududdagi FHDY organlari tomonidan amalga oshiriladi. Mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs, nikohga kirish haqidagi maxsus blankadagi arizaning o‘ziga taalluqli qismini to‘ldirib doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar FHDY organiga topshiradi. FHDY organi arizada keltirilgan ma’lumotlarni ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati bilan solishtiradi, arizada qayd etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini va arizachining imzosini tasdiqlaydi va unga arizani qaytaradi. Shundan so‘ng mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs bu arizani mahkumga berishi uchun jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga topshiradi.
Mahkum bilan nikohga kirish haqidagi arizani olgandan keyin, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati uni tegishli joyini to‘ldirish uchun mahkumga taqdim etadi. Jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati to‘ldirilgan arizadagi ma’lumotlarni mahkumning shaxsiy yig‘majildidagi ma’lumotlar (mahkumning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan taqdirda ham) bilan solishtiradi, ularning haqiqiyligini va imzosini tasdiqlaydi va arizani jazoni ijro etish muassasasi joylashgan mazkur hududdagi FHDY organiga yuboradi.
Bunda ariza FHDY organi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin shu kunning o‘zida nikohga kiruvchi mahkumning tibbiy tekshiruvdan o‘tishi uchun yo‘llanma va nikohni qayd etish vaqtini belgilash to‘g‘risidagi xabarnoma jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga yuboriladi.
Agar mahkumning shaxsiy yig‘majildida uning oilaviy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotlar to‘liq bo‘lmasa, kam yoki noaniq bo‘lsa, u holda jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati bu ma’lumotlarni tegishli tashkilotlar va muassasalar orqali ularni talab qilib olish yoki aniqlash choralarini ko‘radi.
Jazoni o‘tash muassasalari ma’muriyati mahkumni nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan belgilangan tartibda o‘tkazadi.
Mahkum bilan nikohni qayd etish FHDY organi bilan kelishilgan holda jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati tomonidan ajratilgan binoda nikohga kiruvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi.
Mahkum bilan nikohga kiruvchi shaxsga FHDY organi tomonidan nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma beriladi.
Mahkumning shaxsiy yig‘majildidagi anketasiga FHDY organi tomonidan shtamp bosiladi, er yoki xotinning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili, FHDY organining nomi hamda nikoh tuzilgan sana va dalolatnoma yozuvi raqami yozib qo‘yiladi.
Yuqorida ko`rsatilgan holatda nikohga kirish haqidagi arizaga va nikoh qayd etilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga qayd etishga ruxsat bergan shaxsning imzosi qo`yiladi.

To`rtko`l tumani adliya bo`limi
FHDY bo`limi 2-toifali inspektori
Nurullayeva Aruxon Uktam qizi