Янгиликлар
14
Advokatlar palatasi huzuridagi malaka komissiyalari to‘g‘risida
So‘nggi yillarda mamlakatimizda advokatura sohasiga yangicha nigoh solinmoqda va, albatta, advokatura institutiga qaratilayotgan bunday e’tibor huquqiy barqaror, qonun ustivor va inson qadri ulug‘lanadigan insonparvar demoktratik va ijtimoiy davlat barpo etishda o‘z hissasini qo‘shadi.
Advokatura instituti huquqiy mustaqil hisoblanib, uning eng asosiy vazifalaridan biri bu aholining huquq va manfaatlarini qonun doirasida himoya qilishdir. Bunday salmoqli vazifani bajarishda esa kasbiy jihatdan yetuk, fidokor va mard advokatlarning o‘rni kata.
Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalari huzurida malaka komissiyalari tashkil etilgan bo‘lib, ular:
- advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxslardan malaka imtihonini qabul qilish;
- advokat qasamyodini qabul qilish;
- advokat maqomini to‘xtatib turish va tiklash;
- advokatga malaka darajasi berish;
- advokatning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiqish;
- advokatlar tomonidan qonunchilik hujjatlari talablari, Advokatlarning kasb etikasi qoidalari, advokatlik siri va advokat qasamyodi buzilganligi to‘g‘risidagi intizomiy ish yuritishni ko‘rib chiqish kabi vazifalarni o‘z zimmalariga olishgan.
Malaka komissiyalari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 1920, 2009-yil 14-mart), Advokatlarning kasb etikasi qoidalariga, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi qarorlariga va mazkur Nizomga amal qiladi.
Malaka komissiyalari masalalarni ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha qarorlar qabul qilishda hududiy boshqarmalar va adliya organlari, ularning yuqori turuvchi tuzilmalari, boshqa tashkilotlar, shuningdek, mansabdor shaxslar va fuqarolardan mustaqildir. Bu esa, o‘z o‘rnida, malaka komissiyalari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning odil va xolisligini ta’minlaydi.
Tarkibiy jihatdan malaka komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalarining va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining qo‘shma qarorlari bilan hamkasblari orasida hurmatga sazovor advokatlar, shuningdek huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan toq miqdorda tuziladi.
Komissiya faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Nizom bandlariga amaliyotda uchrayotgan muammolarni inobatga olgan holda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib kelinmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i bilan Nizomning bir qancha bandlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Xususan, Advokatlar palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasining tarkibi qo‘shma qaror bilan Nizomning 2,8-9-bandlariga muvofiq yangilanib, komissiya raisi etib huquq sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan “A’dillik Tarepinde” advokatlik byurosi advokati M.Allamuratov, rais o‘rinbosari etib “Al-Shams-Nukus” advokatlik byurosi advokati A.Atabaev va komissiya a’zolari etib respublika hududida faoliyat olib borayotgan advokatlik tuzilmalaridan U.Bagibekov, J.Bektursinova, A.Dauletov, O.Djalgasbaev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligidan Huquqiy xizmatlar bo‘limi yetakchi maslahatchisi A.Kdirbaevlar tayinlandi.
Komissiya zaruratga qarab, lekin bir oyda kamida bir marotaba, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida yig‘ilish o‘tkazib kelmoqda.
A.Kdirbaev
Huquqiy xizmatlar bo‘limi
yetakchi maslahatchisi