Янгиликлар
11
Soliq qonunchiligida nogironligi bo‘lgan shaxslarga berilgan imtiyozlar
Bizga ma’lumki, mamlakatimizda soliq qonunchiligida ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda asosiy normativ-huquqiy hujjat bu O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi hisoblanadi. Dastavval soliq imtiyozlari tushunchasiga tarif beradigan bo’lsak, Soliq imtiyozlari bu - davlat tomonidan soliq toʻlovchilarga berilgan yengilliklar, soliqlar miqdorini kamaytirish, soliq toʻlash shartini yengillashtirish yoki soliqdan toʻla ozod qilishdan iborat.
Soliq imtiyozlari soliq undiriladigan daromad turlarini qisqartirib, umumiy kamaytirilgan daromaddan soliq olish, soliq olinmaydigan minimal daromadni belgilash, soliq stavkalarini kamaytirish, soliqni toʻlab boʻlish muddatini qulay qilish orqali amalga oshiriladi. Soliq imtiyozlari soliq toʻlovchilarga nisbatan tabaqalashtiriladi, muayyan ijtimoiy yoki iqtisodiy maqsadni koʻzlaydi. Soliq imtiyozlari davlat qoʻlida bozor iqtisodiyotini tartibga solishga xizmat qiladi. Ular orqali iqtisodiy faoliyatning maʼlum bir turlari ragʻbatlantiriladi. Sharoitga qarab Soliq imtiyozlari qayta koʻrib turiladi. Soliq imtiyozlari berishning xilma-xil shakllari jahondagi koʻpgina mamlakatlarning soliq amaliyotida qoʻllaniladi.
Respublikamizda soliq imtiyozlarini yanada yaxshilash maqsadida soliq islohotlari davom ettirilmoqda. Soliq imtiyozlari samaradorligini monitoring va nazorat qilish bo‘yicha ta’sirchan tizimni joriy etish orqali imtiyozlarning soliq to‘lovchining moliyaviy faoliyatiga ta’sirini tahlil qilish hamda samarasiz va maqsadsiz berilgan soliq hamda bojxona imtiyozlarini bekor qilish bo‘yicha bir qancha me’yoriy-huquqiy hujjatlar tasdiqlanishi, shu jumladan Soliq kodeksining tegishli moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali mustahkamlanib kelmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 380-moddasiga ko’ra, Quyidagilar qisman soliq solishdan ozod etiladi:
urush nogironlari va ishtirokchilari, shuningdek ularga tenglashtirilgan va doirasi qonun hujjatlarida belgilanadigan shaxslar;
bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha);
bolaligidan nogironligi bo‘lgan shaxs, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota yoki ona (daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha).
Ushbu soliq imtiyozlari faqatgina tegishli hujjatlar taqdim etilgan taqdirdagina qo’llaniladi.
O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 383-moddasida qati’y belgilangan soliq stavkalari keltirilgan bo’lib, unga ko’ra, qat’iy belgilangan soliq stavkasi to‘lovchisi I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs hisoblanganida faoliyat turidan va uni amalga oshirish joyidan qat’i nazar, oyiga qat’iy belgilangan miqdordagi soliqning 50 foizini, biroq BHMning 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘laydi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 421-moddasida barcha soliq to’lovchi subyektlarga imtiyozlar berilgan bo’lib, aynan nogironligi bo’lgan fuqarolarga quyidagi soliq imtiyozlari belgilab qo’yilgan:
Urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar mulkida bo‘lgan mol-mulk soliq solishdan ozod etiladi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mulkida bo‘lgan mol-mulk 60 kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.
Urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar er solig‘idan ozod etiladi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.
Amudaryo tumani adliya bo‘limi
inson huquqlarini himoya qilish va
huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish
bo‘linmasi bosh maslahatchisi N.Jumaniyazova