Янгиликлар
28
«Senatning 15 yalpi majlisida O'zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi»
So'nggi yillarda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar natijasida O'zbekiston Respublikasida jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlash, xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonliklardan himoya qilish masalalari bo'yicha mustahkam huquqiy asoslar yaratildi.
Jumladan, Jumladan, 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonuni mamlakatimizda gender tenglikni ta'minlashga qaratilgan yaxlit va asosiy qonun hujjati hisoblanadi. Ushbu qonun bilan ilk bor milliy qonunchiligimizda “gender” tushunchasiga ta'rif berilgan. Qonunda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari, ushbu sohada davlat bosh¬qaruvi mexanizmlari belgilandi. Xususan, xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida O'zbekiston Respublikasida Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiya tashkil etildi.
So'nggi to'rt yilda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta'minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo'llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo'yicha respublika komissiyasi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 28.05.2021 yildagi SQ-297-IV-son qarori bilan 2030 yilga qadar O'zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi.
Gender strategiyasining asosiy maqsadi — irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligini ta'minlashdan iborat.
Gender strategiyasining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
xotin-qizlarning er va mulkka nisbatan egalik qilish imkoniyatlarini kengaytirish;
jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta'lim, ilm-fan hamda sport munosabatlarida xotin-qizlarning erkaklar bilan teng ishtirok etishlarini qo'llab-quvvatlash, qaror qabul qilishda ularning etakchilik qilishlari uchun teng imkoniyatlarni yaratish;
xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi o'rni bilan bog'liq salbiy qarashlarni o'zgartirish;
aholi bandligi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun kafolatlangan teng huquq hamda imkoniyatlarni, shuningdek, munosib ish o'rinlarini yaratish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, xotin-qizlarning tijorat banklaridan kredit olishga bo'lgan imkoniyatlarini kengaytirish;
xotin-qizlar va erkaklarni butun umri davomida o'qishga bo'lgan imkoniyatlarini rag'batlantirish, ularning oilani rejalashtirish borasidagi tibbiy madaniyatini oshirish va reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ular o'rtasida sog'lom turmush tarzini yuksaltirish;
odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, tazyiq va zo'ravonlikni oldini olish, ularni aniqlash va barham berish bo'yicha samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish;
oilani mustahkamlash, oilaviy munosabatlarda barcha oila a'zolarining mas’ulligini oshirish, erta nikoh, yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikoh, erta tug'ruq hamda oilaviy ajralishlarning oldini olish;
gender tenglik tamoyillarini ilgari surishda, xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarini teng amalga oshirishda byudjetni rejalashtirish, gender masalalarini byudjet jarayonlariga integratsiyalash, gender statistikasi yuritilishini takomillashtirish;
gender tenglik, ayollar tadbirkorligi, xotin-qizlar va erkaklarga nisbatan tazyiq va zo'ravonlik holatlarini baholovchi xalqaro reyting va indekslarda O'zbekistonning o'rnini yaxshilash bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi gender tenglikni ta'minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish milliy maqsadlariga erishishda parlament, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish;
gender tenglik sohasidagi xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini ta'minlash, O'zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga mos bo'lgan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Bugungi kunda jamiyatimizda gender tenglik masalasi ustuvor vazifa sifatida kun tartibiga ko'tarildi. Bu borada huquqiy va amaliy jihatdan keng qamrovli ishlar boshlab yuborilgan. Eng muhimi, bu chora-tadbirlarning natijasi oila mustahkamligini ta'minlash va jamiyatda ma'naviy-ma'rifiy muhitni barqarorlashtirishda qisqa muddatda o'z samarasini ko'rsatayapti. Kelgusida bu ezgu ishlar izchil davom ettiriladi va yanada yangi bosqichga ko'tariladi.
Mo'ynoq tumani adliya bo'limi
bosh maslaxatchisi R.Yusupov