Янгиликлар
17
ISHSIZLIK NAFAQASI KIMLARGA TO‘LANADI?
Ishsizlik nafaqasi - Oʻzbekiston Respublikasida ishidan, ishidagi daromadidan mahrum boʻlib qolgan fuqarolarga qonunda koʻzda tutilgan tartibda va miqdorda, davriy ravishda beriladigan pullik yordam; ishsiz shaxslarga moddiy kafolatlarning asosiy turi. 16 yoshdan boshlab to pensiya bilan taʼminlanish huquqiga ega boʻlgan yoshdagi; ishga va ish haqiga (mehnat daromadiga) ega boʻlmagan; ish qidiruvchi shaxs sifatida mahalliy mehnat organida roʻyxatga olingan; mehnat qilishga, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashdan oʻtishga, malakasini oshirishga tayyor turgan, mehnatga qobiliyatli shaxslar ishsiz deb eʼtirof etiladi.
Ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida roʻyxatdan oʻtgan kundan eʼtiboran tayinlanadi. Qaramogʻida 3 nafargacha kishi boʻlgan, 35 yoshga toʻlmagan ishsiz erkaklarga haq toʻlanadigan jamoat ishlarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi. Ishsiz shaxsning ishsizlik nafaqasi olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan paytdan boshlab kechi bilan bir kundan eʼtiboran kuchga kiradi. Ishsizlik nafaqasiga oid amaldagi qonun-qoidalar, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 60—66-moddalarida belgilab berilgan.
- Ishsizlik nafaqasi ishsiz fuqaroga 6 oygacha tayinlanadi. Olti oygacha u ishga joylashsa, ishsizlik nafaqasi to‘xtatiladi. Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish markazlarida tahsil olayotgan fuqarolarning ishsizlik maqomi berilganlariga nafaqa puli to‘xtatilib, stipendiya beriladi. Boshqa holatlar uchun, masalan, “Ayollar”, “Yoshlar”, “Temir” daftarda turganlarga stipendiya berilmaydi.
Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan taqdirda, ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga oldingi ish joyidagi o‘rtacha ish haqining 50 foizi miqdorida;
harbiy xizmatdan, Ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati organlaridan bo‘shatilgan hamda mahalliy mehnat organlariga murojaat qilishdan oldin ishlamagan shaxslarga nafaqa miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 35,2 foizida;
ilgari ishlamagan, birinchi marta ish qidirayotgan va ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga mahalliy mehnat organi tomonidan kasbga tayyorlash yoki ishga joylashish imkoniyati berilmagan taqdirda, ularga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida 26,5 foizi miqdorida;
Uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan ishsiz shaxslarga:
mutaxassisligi bo‘lgan shaxslar uchun, shuningdek 12 oy mobaynida haq to‘lanadigan ish bilan bandligi o‘n ikki kalendar haftadan kam bo‘lmagan shaxslar uchun, agar ularning ishga joylashishi uchun kasbga qayta o‘rgatishni yoki malakasini oshirishni talab qilmasa, mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz bo‘lmagan miqdorda;
boshqa hollarda, shu jumladan, mutaxassisligi bo‘lmagan shaxslarga, mahalliy mehnat organi tomonidan kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish imkoniyati berilmagan taqdirda, mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizi miqdorida;
ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar ishlab chiqarishdan ajralgan holda kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashdan o‘tgandan, malaka oshirishni tugatgandan keyin mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz bo‘lmagan miqdorda.
Amudaryo tumani adliya bo‘limi
Inson huquqlarini himoya qilish
va huquqni qo‘llash amaliyotini
o‘rganish bo‘linmasi yetakchi maslahatchisi B.Sobirov