Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

03

FARZANDLIKKA OLISH QAY TARTIBDA AMALGA OSHIRILADI?


Farzand oilaning baxtu kamoli, hayot mazmuni va umr davomchisidir. Aslida o‘zbek xalqi azaldan bolam deb yashaydigan, mehri daryo xalq. Shu bois «Bolaning begonasi bo‘lmaydi», «Mening bolam...», deya har bir qorako‘zga mehr bilan boqishlarini hech bir millat inkor etolmaydi. Ba’zan esa shart-sharoit, befarzandlik yoki boshqa sabab tufayli oilada farzand asrab olish ehtiyoji tug‘iladi.
Ammo hamma ham farzandlikka olishning qoidalari, huquqiy ahamiyatini to‘la tushunib yeta vermaydi. Shu bois bu boradagi qonuniy tushunchalar hamda huquq va majburiyatlar haqida to’xtalib o’tish joiz.
Farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini ko‘zlab yo‘l qo‘yiladi.
Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning (shaxsning) arizasiga ko‘ra, vasiylik va homiylik organlarining farzandlikka olishning asosliligi va farzandlikka olinayotgan bola manfaatlariga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosasi hisobga olingan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.
Farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha alohida ish yuritish tartibida, farzandlikka oluvchilar (oluvchi), vasiylik va homiylik organlari vakillari, shuningdek prokuror ishtirokida sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftaridagi va boshqa hujjatlardagi farzandlikka oluvchilar farzandlikka olinganlarning ota-onasi emasligini bildiradigan mazmundagi yozuvlar bilan tanishtirish, bu yozuvlardan ko‘chirmalar va boshqa ma’lumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, agar ular vafot etgan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organining roziligisiz berish taqiqlanadi.
Farzandlikka oluvchining yoki vasiylik va homiylik organining erkiga hilof ravishda farzandlikka olish sirini oshkor qilgan shaxslar qonun bilan belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
Farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega bo‘ladilar:
turar joyidan qat’i nazar farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;
farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs;
aka-uka, opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;
o‘gay ota va o‘gay ona;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.
Farzandlikka oluvchilar birinchi navbatda ota-onalik huquqi va majburiyatlariga ega bo‘ladilar. Ular o‘z bolalari oldida qanday majburiyatlarga ega bo‘lsa, farzandlikka olingan bola oldida ham shunday majburiyatlarga egadir.
Mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj bo‘lgan farzandlikka oluvchilarga ta’minot berish voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlikka olinganlarning majburiyatidir.
Xulosa qilish mumkinki, farzandlikka olingan har qaysi bola farzandlikka olgan ota-ona, oila uchun haqiqiy, chin farzandlar qatoridir. Bu avvalo, insoniylik fazilatimiz, oqibatimiz, mehr-muhabbatimiz, bir so‘z bilan aytganda, milliy mentalitetimizga xos xislatdir.

To'rtko'l tumani FHDY bo'limi 1-toifali inspektori N.X.Xamidxo'jayeva.