Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

Murojaatnomada inson huquqlarini himoya qilishga oid islohotlar


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlis va O`zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomada inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi – 2023-yildagi ustuvor yo`nalishlardan biri ekani alohida ta`kidladi.
Biz bilamizki, davlatda qonun ustuvor bo`lsa, inson huquqlari va erkinliklari ta`minlanadi, fuqarolar buzilgan huquqlarini faqat qonunga bo`ysunadigan sudlarga murojaat etish orqali tiklashga harakat qiladi.
Murojaatnomada davlatimiz rahbari aynan shu masalaga to`xtalib, u:
“ – Bu yo`nalishda ko`p ishlar qilinganiga qaramay, odil sudlovni ta`minlash bo`yicha hali qilinmagan ishlar bor. Tergov sifati pastligi – bu haqiqat. Sudlarda odamlarning ovoragarchiligi davom etmoqda. Sud qarorlari bajarilmay qolayotgan holatlari yo`q emas. Bu soha mutassadilarini jiddiy o`ylantirishi kerak. Odamlarning adolatga erishishi uchun malakali advokat xizmatidan foydalanishi kerak. Ammo hamon advokatlarni elektron tanlash tizimi ishga tushmagan. Vaholanki, bu topshiriq allaqachon berilgan. Demak, bu yo`nalishda korrupsiya bor. Buni to`g`rilamasak bo`lmaydi. Bu masala alohida nazoratga olinadi. Huquq-tartibot idoralarida adolatli ishlarni amalga oshirish uchun tegishli farmon ishlab chiqilayapti”, deb ta`kidladi.
Shuningdek, Prezidentimiz Murojaatnomada tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo`ya olmasligini, bundan buyon, mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo`lishini, oxirgi paytlarda ayrim ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo`yicha og`riqli masalalar ko`tarilayotganini qayd etib, yurtimizda bunday holatlar umuman bo`lishi mumkin emasligini, bunga amal qilinmasa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo`lishini aytib o`tdi. “- Shu bois, bunday joylarga olib kelingan barcha shaxslarni hisobga olishning onlayn tizimi joriy etiladi va yuzni tanish uskunasi o`rnatiladi” dedi davlatimiz rahbari.
Bundan tashqari, Ma`muriy sudlarga hokim qaroridan norozi bo`lib murojaat qilinganda, ishlarni eksterritorial tartibda, ya`ni boshqa hududda ham ko`rish amaliyoti joriy qilinishi ta`kidlandi.
Murojaatnomada qayd etilgan yuqoridagi islohotlarning barchasi inson huquqlari va erkinliklari ta`minlanishiga xizmat qiladi.
“Odamlar uchun adolatli hukm va qarorlar, adolat kerak. Busiz yashab bo`lmaydi”, – dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.
Haqiqatdan ham, qonunda belgilangan normalar harakatga kelsa, shuningdek har bir sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda davlat organlari va tashkilotlari qonun doirasida faoliyat olib borsa, adolatli qarorlar qabul qilinadi, bu bilan inson huquqlari va erkinliklari ta`minlanishi bilan birgalikda fuqarolarimizning davlatga, qonunga nisbatan hurmati va ishonchi ortadi.

S.Raimbekova,
Beruniy tumani adliya bo`limi boshlig`i,
2-darajali yurist.