Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonunining mazmun va mohiyati


Mamlakatimizni demokratik yangilashning bugungi bosqichdagi eng muhim yoʻnalishlaridan biri bu – qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgandir. Har bir fuqaro Konstitutsiya va Qonunlarga soʻzsiz rioya qilishi demokratiyaning asosiy tamoyillaridan hisoblanadi. qonunlarga hurmat, itoatgoʻylik esa, eng avvalo, huquqiy madaniyat darajasiga bogʻliq.
2014-yilning 14-maydagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi 371-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining maqsadi mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan boʻlib, kelgusida yuzaga kelayotgan huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan.
Mazkur Qonunga koʻra, huquqbuzarliklar profilaktikasi deganda huquq-tartibotni saqlash hamda mustahkamlash, huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga barham berish, shuningdek, huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish maqsadida qoʻllaniladigan huquqbuzarliklar umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasining huquqiy, ijtimoiy, tashkiliy va boshqa chora-tadbirlari tizimi tushuniladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasining asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, insonparvarlik, tizimlilik, ishontirish usulining ustuvorligi, ta’sir koʻrsatish chora-tadbirlarini farqlash va yakka tartibdagi yondashish belgilangan.
Qonunda ta’lim, sogʻliqni saqlash muassasalarining ichki ishlar organlari bilan huquqbuzarliklar profilaktikasidagi hamkorligining aniq mexanizmlari belgilab berilgan. Xususan, Qonunning 17-moddasiga koʻra, ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari ichki ishlar organlariga huquqbuzarliklar faktlari haqida, odamlarning hayotiga yoki sogʻligʻiga tahdid soladigan oilaviy-maishiy nizolar toʻgʻrisida va oilaviy-maishiy munosabatlar sohasidagi huquqbuzarliklar haqida, ta’lim oluvchi shaxs gʻayriijtimoiy xulq-atvorga va huquqbuzarliklar sodir etishga jalb etilganligi haqida, huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar haqida xabar qilishi shartligi mustahkamlangan.
Qonunning 18-moddasida esa sogʻliqni saqlash tizimini davlat tomonidan boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari ichki ishlar organlariga ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar va atrofdagilar uchun xavf soluvchi boshqa kasalliklar tarqalganligi haqida, badaniga shikast yetgan yoxud behush holatda boʻlgan shaxslar kelib tushganligi yoki murojaat etganligi haqida, odamlarning hayotiga yoki sogʻligʻiga tahdid soladigan oilaviy-maishiy nizolar toʻgʻrisida va oilaviy-maishiy munosabatlar sohasidagi huquqbuzarliklar haqida, voyaga yetmagan shaxs gʻayriijtimoiy xulq-atvorga va huquqbuzarliklar sodir etishga jalb etilganligi haqida, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil boʻlgan, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar haqida xabar qilishi shartligi belgilab qoʻyilgan.
Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari sifatida profilaktika suhbati, rasmiy ogohlantirish, huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida xabardor qilish, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish, profilaktik hisobga olish, majburiy davolanishga yuborish, majburiy nazorat va boshqalar belgilangan.
Qonunga asosan, oʻziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qoʻllanilayotgan shaxslar oʻziga nisbatan qoʻllanilayotgan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlarining asoslari va huquqiy oqibatlarini bilishga, oʻziga nisbatan toʻplangan hujjatlar va boshqa materiallar bilan tanishishga, iltimoslar qilishga, yuridik yordam olishga, huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organning yoki muassasaning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli ekanliklari qat’iy belgilab quyildi.
Qonun huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari cheklanishiga, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalada boʻlishga, shaxsiy hayot, yozishmalar, telefonda soʻzlashuvlar, pochta, telegraf xabarlari va boshqa xabarlar sir saqlanishi, bir joydan ikkinchi joyga erkin koʻchish va yashash joyini tanlash, shuningdek shaxsiy daxlsizligi, uy-joy daxlsizligi buzilishiga yoʻl qoʻymaydi (bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno).
Bir soʻz bilan aytganda mazkur Qonun fuqarolarga ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga, turli tajovuz va tahdidlardan muhofaza qilingan holda tinch-osoyishta hayot kechirishga, ish bilan ta’minlanish kafolatlarini kuchaytirishga, ta’lim oluvchi shaxslarning bandligi va boʻsh vaqtini maroqli oʻtkazilishini ta’minlashga, sogʻlom turmush tarzini kechirishlariga koʻmaklashishga xizmat qiladi.

Ellikkal’a tumani adliya boʻlimi yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti J.Begmetov