Янгиликлар
23
Advokatlik faoliyatini elektron litsenziyalash
Advokatura instituti fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklashda begʻaraz va mustaqil institut hisoblanganligi sababli soʻngi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan advokatura sohasiga oʻzgacha nazar solinmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-maydagi “Advokatura faoliyatiga zamonaviy-axborot texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilinib, uning asosiy maqsadi advokatura faoliyatida ortiqcha sansalorlik, byurokratiya hamda qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, uning faoliyatida sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.
Qarorga muvofiq advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning ustuvor vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
- zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va inson omilini bartaraf etish orqali advokatura institutining davlat organlari va boshqa tuzilmalardan mustaqilligini oshirish;
- advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta’minlash maqsadida advokatura, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini samarali yo‘lga qo‘yish;
- advokatlar tomonidan maxsus axborot dasturi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga onlayn yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish; va
- advokatura faoliyati uchun zarur axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlarni shakllantirish hamda ularda saqlanadigan ma’lumotlarning kompleks himoya qilinishi va maxfiyligini ta’minlash choralarini ko‘rish.
Shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan boshlab advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berish, talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirishining amaldagi tartibi saqlangan holda, “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi va rasmiylashtirib borilishi koʻzda tutilgan. Fuqarolarning byurokratik toʻsiqlarga duch kelmasligining oldini olish maqsadida advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali “yagona darcha” tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshirilishi belgilangan.
Qolaversa, advokatlik faoliyatini boshlashda malaka imtihonini topshirish, advokatlik faoliyati uchun litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur Qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi “Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilinib, qarorning 1-ilovasida tasdiqlangan Nizomda advokatlik faoliyatini elektron ravishda litsenziyalash tartibi belgilab berildi va mazkur tartib 2023-yilning 1-yanvar sanasidan kuchga kiradi.
A.Kdirbaev
Huquqiy xizmatlar boʻlimi
yetakchi maslahatchisi