Янгиликлар
FHDYo faoliyati yanada takomillashtiriladi
Bugungi kunda mamlakatimizda aholiga fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish bilan bog'liq davlat xizmatlarini oson va qulay sharoitlarda ko'rsatish, tug'ilganlik holatlarini o'z vaqtida qayd etish, nikoh tuzish va nikohdan ajralganlik holatlarini qayd etishda ovoragarchiliklarning oldini olish, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari xodimlari o'rtasida korruptsiyaviy holatlarni va undagi navbatlarni bartaraf etish hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tartiblarini yanada takomillashtirish maqsadida keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 28 sentyabrda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish tartiblarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori qabul qilindi.
Shuningdek, tug'ilganlikni tibbiyot muassasalari orqali fuqarolik dalolatnomalarini yozish bo'limlarida qayd etish tartibi 2023 yilning 1 yanvardan Toshkent shahrida, 1 iyundan esa butun respublika hududida joriy etiladi.
Tibbiyot muassasalari tug'ilganlik holati FHDYo bo'limlarida qayd qilinganligi haqida QR-kod tasviri tushirilgan ma'lumotnoma beradi. U tug'ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi. Ma'lumotnomani davlat organlari va tashkilotlari rad etmay, qabul qiladi.
Shuni ham ta'kidlash joizki, bugungi kunda Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish bo'limi tomonidan mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosiga katta ahamiyat qaratilgan.
Ma'lumot o'rnida aytish lozimki, joriy yil boshidan buyon Qaroqalpog’iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 31 ming 156 tug'ilish, 10 ming 900 ta nikoh va 1546 ta ajrim qayd etildi.
Muxtasar aytganda, mazkur qaror soha faoliyatini yanada takomillashtirish, ish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qaroqalpog’iston Respublikasi Adliya vazirligi
Davlat xizmatlari markazlari va FHDY organlari faoliyatini
muvofiqlashtirish boʼlimi Bosh maslahatchi Elena Sabirova