Янгиликлар
20
Mehnat qonunshiligida xotin qizlarga qanday imtiyozlar bor
Ayollarni pensiya yoshiga to‘lganligi sababli ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatish taqiqlanadi. Prezidentning 2019 yil 7 martda "Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, mehnat faoliyatini rag‘batlantirish va odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida:
2019 yil 1 maydan:
- ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlar bekor qilindi;
- tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan soha yoki kasblar ro‘yxati tasdiqlandi;
- bola parvarishlash ta’tilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qo‘shimcha bir oy nafaqa to‘lanadigan bola parvarishlash ta’tili beriladi;
- ikki yoshga to‘lmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi;
- ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi;
- erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bog‘liq ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi.
Ishlaydigan onalarga bolani ovqatlantirishga tanaffus beriladi
2 yoshga to‘lmagan bolali ayollarga bolani ovqatlantirish uchun (o‘ziga berilgan dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari) kamida har 3 soatda bir marta har biri 30 minutdan kam bo‘lmagan tanaffus beriladi.
- 2 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolali ayollarga tanaffusning muddati kamida 1 soat qilib belgilanadi.
Mazkur tanaffuslar uchun ish haqi kamaytirilmaydi.
Bolali ayolning xohishiga ko‘ra tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qo‘shib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining boshiga yoki oxiriga ko‘chirilib, ish kuni shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.
Xotin-qizlarning kasb o‘rganishga qilgan xarajatlarini davlat to‘lab beradi
Prezidentning "Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 2020 yil 13 oktyabrda qabul qilingan qaroriga ko‘ra, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi o‘rnatildi:
Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ma’qullangan dasturlar va belgilangan talablar asosida tashkil etilgan o‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi (yoshlar, xotin-qizlar) uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdori davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi.
12 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga qo‘shimcha ta’til beriladi
O‘zbekiston Respublikasining "Mehnat kodeksi"ga ko‘ra, 12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ko‘p bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili 3 ish kunidan kam bo‘lmagan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.
Shuningdek, ularning xohishiga ko‘ra har yili 14 kalendar kundan kam bo‘lmagan ish haqi saqlanmagan ta’til beriladi.
Bunday ta’til yillik ta’tilga qo‘shib berilishi yoki alohida foydalanilishi mumkin.
2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar yengilroq ishga o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasining "Mehnat kodeksi"ga ko‘ra, 2 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin bo‘lmaganida bolasi 2 yoshga to‘lgungacha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli ishga o‘tkaziladi.
Bunda avvalgi ishidagi o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
Homilador ayollar, 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov qo‘llanilmaydi
O‘zbekiston Respublikasining "Mehnat kodeksi"ga ko‘ra, quyidagi toifadagi shaxslarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov muddati qo‘llanilmaydi:
- homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarga;
- korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslarga;
- o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilarga;
- xodim bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilgan hollarda.
Rahbarlik lavozimiga tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ishtiroki ta’minlanadi
"Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi O‘zR qonunchiligiga ko‘ra, davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi ta’minlanishi kerak.
Davlat organlarining kadrlar xizmatlari zimmasiga tanlov komissiyalariga nafaqat tanlovda ishtirok etayotgan shaxslarning ma’lumoti va kasbiy tayyorgarligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, balki davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklatiladi.
Ayrim ayollar 53 yoshda pensiyaga chiqishi mumkin
"Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi O‘zR qonuniga ko‘ra, texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan ayollar 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Xo'jayli tumani Yuridik xizmet ko'rsatish markazi bosh yuristkonsulti T.Uzaqbaev