Янгиликлар
18
Nogironligi bo’lgan shaxslar qanday huquqlarga ega?
Nogironligi bo‘lgan, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qobiliyatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgan va o‘zgalarning doimiy parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ularning uyida hamda vakolatli davlat organlarining ixtisoslashtirilgan statsionar muassasalarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu muassasalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda hayot faoliyati uchun tegishli shart-sharoitlar ta’minlanadi, tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, shuningdek mehnat faoliyati va dam olish tashkil etiladi. Ish beruvchining aybi bilan mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga chalingan nogironligi bo‘lgan shaxslar tibbiy ko‘rsatmalarga binoan ish beruvchining (tashkilotning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar) mablag‘lari hisobidan reabilitatsiya qilishning texnik va maxsus transport vositalari bilan ta’minlanadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar belgilash huquqiga ega. Nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sog‘lomlashtirish, shuningdek dori vositalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish huquqiga ega. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning sanatoriy-kurortda sog‘lomlashtirilishini ta’minlash tartibi hamda dori vositalarining, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlarning va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Nogironligi bo’lgan shaxslarga beriladigan imtiyozlar:
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun ajratilgan to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun haq olinmaydi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga DXM va (yoki) YaIDXP orqali xizmat ko‘rsatishda 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llaniladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat birlashmalari ramzlarini davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkazish uchun davlat boji undirilmaydi.
Nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar, 18 yoshdan katta bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa tayinlashda davlat xizmatlari bepul ko‘rsatiladi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalarini davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilishda imtiyozli ro‘yxatga kiritilgan.
Tegishli tibbiy xulosa asosida muhtoj shaxslarga protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari beriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sog‘lomlashtirish huquqiga ega.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar ayrim mahsulotlar bilan bepul ta’minlanadi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning mulkida bo‘lgan mol-mulk 60 kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi.
Mehmonxonalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun alohida sharoitga ega xona tashkil etiladi.
Beruniy tumani yuridik xizmat ko’rsatish
markazi bosh yuriskonsulti, 3-darajali yurist Sh. Masharipov