Янгиликлар
22
Bolalarning mehnatidan foydalanish tartibi
Bolalarning mehnatidan foydalanish to’g’risida gapirishdan oldin bola o’zi kim degan savolga javob berishimiz kerak.
O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasida quyidagicha ta’rif berilgan:
bola (bolalar)— o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar)dir.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 77-moddasiga ko‘ra, ishga qabul qilishga o‘n olti yoshdan yo‘l qo‘yiladi.
Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumta'lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma'naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta'lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun — ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Davlat o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan ishlovchi shaxslarga ishni ta’lim bilan qo‘shib olib borishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralarni ko‘rish orqali bolaning mehnat qilish huquqi ta’minlanishini kafolatlaydi.
Har bir bola o‘zining yoshi, sog‘lig‘ining holati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat qilish, faoliyat turini va kasbni erkin tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga egadir.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 241-moddasida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan shu toifa xodimlarining sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan mehnat sharoiti noqulay ishlarda, yer osti
Bundan tashqari, “Voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha talablar to‘g‘risida” Nizomning 4-bandiga ko‘ra, belgilab qo‘yilgan normadan ortiq og‘ir yuk ko‘tarish va tashish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bolalarning mehnatidan qonunga zid ravishda foydalanish uchun qonunchilikda ish beruvchilarga nisbatan bir qancha javobgarliklar belgilangan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 491-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi talablarni buzgan, voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalangan shaxslarga nisbatan eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Agar bu majburiy mehnatga jalb etish huquqbuzarligi bilan birgalikda sodir etilsa, og‘irlashtiruvchi holat hisoblanib, ko‘riladigan jazo choralari shunga muvofiq yanada kuchaytiriladi.
Demak, qonunchilikka ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslarning yuqorida belgilangan normalardan og‘ir yuk ko‘tarish bilan bog‘liq ishlarga jalb etilishi, xoh o‘zlarining xohishlariga ko‘ra bo‘lsin, xoh majburan jalb etilsin, qonunga xilof hisoblanadi va bunday mehnatga jalb qilgan shaxs javobgarlikka tortiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi Konventsiya, Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risidagi Konventsiya, Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi Konventsiyalarni ratifikatsiya qilgan va 2008-yil 12-sentabrda Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risidagi konventsiyani hamda bolalar mehnatiing og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi konventsiyani amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” Qaror qabul qilgan.
Majburiy yoki ixtiyoriy bo‘lishidan qat’i nazar, ma’lum mehnat turlarida voyaga yetmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlanadi.
Amudaryo tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i N.Jumaniyazova