Янгиликлар
23
DINIY EKSTREMIZM VA TERRORIZM
Terrorizm – jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish, aholi keng qatlamlarida vahima va qo'rquv uyg'otishga qaratilgan siyosiy kurashning o'ziga xos usulidir. U yashirin (konspirativ) ruhdagi tashkilotlar tomonidan beqarorlik keltirib chiqarish orqali hokimiyatni egallash maqsadida amalga oshiriladi. Terrorchi guruhlar jamiyatda aholining keng qatlami nomidan harakat qilayotgandek taassurot uyg'otish maqsadida diniy shiorlardan niqob sifatida foydalanadilar.
Terrorizmning eng asosiy xususiyatlaridan biri ushbu harakat tarafdorlarining “Kuch ishlatish va zo'ravonlik davlatni qulatuvchi va hokimiyatga erishishni osonlashtiruvchi parokandalikka olib keladi”, degan g'oyaga asoslanib harakat qilishlaridir. Terrorizmning yana bir xususiyati hech qanday urush bo'lmayotgan, demokratik institutlar faoliyat ko'rsatayotgan, tinchlik hukmron jamiyat sharoitida muqobil usullarni atayin inkor etgan holda, siyosiy masalalarni zo'rlik yo'li bilan hal qilishga intilishda ko'rinadi.
O'zbekiston mustaqilikka erishgach, mazkur hudud turli manfaatdor kuchlarning nishoniga aylandi. Siyosiy maqsadlarni din niqobi ostida amalga oshirishga intiluvchi diniy-ekstremistik va terrorchilik guruhlari mintaqaga suqilib kirishga harakat qildilar. Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish uchun mustahkam asosga ehtiyoj sezildi. 2000 yil 15 dekabrda O'zbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurash to'g'risida”gi Qonunining qabul qilinishi davlatimiz suvereniteti va xalqimiz farovonligi, yurtimiz taraqqiyotiga katta tahdid soluvchi terrorizmga qarshi kurash borasida katta qadam bo'ldi.
Terrorizm (lotincha “qo'rqitish”, “vahimaga solish”) – aholining keng qatlamlarida vahima va qo'rquv uyg'otish, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali davlat hokimiyatini egallash maqsadiga qaratilgan jinoiy faoliyatdir. Hozirgi davrda u global miqyos kasb etib, xalqaro terrorizm shaklini oldi. Bunday shaklda u xalqaro ijtimoiy-siyosiy aks-sado beradigan qo'poruvchilik sifatida namoyon bo'lmoqda.
Diniy ekstremizm – jamiyat uchun an’anaviy bo'lgan diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid bo'lgan g'oyalarni aldov va zo'rlik bilan targ'ib qilishga asoslangan nazariya va amaliyotni anglatadi.
Ekstremizm va terrorizm bir-biri bilan bog'liq bo'lgan yagona jarayonning birin-ketin rivojlanadigan bosqichlaridir.
Diniy-ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiysi sababi mutaassib fikr va qarashlarning paydo bo'lishidir. Mutaassiblik muayyan g'oyalarning to'g'ri ekaniga qattiq ishonish, ularga mukkasidan ketish, “o'zgalar” va “o'zgacha” qarash va g'oyalarga murosasiz munosabatda bo'lish, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etgan holda, ularni tan olmaslikda namoyon bo'ladi. Mutaassiblik barcha davrlarda turli din va yo'nalishlar orasida keskin nizo va to'qnashuvlar kelib chiqishiga sabab bo'lgan.
Mo’ynoq tumani adliya bo’limining
yuridik xizmat ko’rsatish markazi boshlig'i M.Koluzanov