Янгиликлар
14
Korruptsiyaga qarshi kurashi – davr talabi.
Shuni alohida aytib o'tish lozimki, mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining asosiy yo'nalishlaridan biri bo'lib, uning huquqiy asoslari tashkiliy tuzilmasi va amalga oshirish strategiyasi belgilandi.
Ma'lumki, korruptsiya keltiradigan zarar barcha davlatlar uchun teng sanalib, mazkur illat davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
O'zbekiston Respublikasi 2008 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korruptsiyaga qarshi konventsiyasiga hamda 2010 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korruptsiyaga qarshi kurash bo'yicha Istanbul Harakat rejasini ratifikatsiya qilishi islohotlarning dastlabki muhim qadami bo'ldi.
Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliy hayotga tatbiq etilmoqda.
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi PF-6013-sonli “O'zbekiston Respublikasida Korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” gi Farmoni qabul qilinib, mazkur Farmon asosida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korruptsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korruptsiyaga qarshi kurash Agentligi tashkil etildi.
Ushbu Farmon bilan, Agentlikka Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha tarmog'ining Istanbul harakatlar dasturi doirasidagi ishlar hamda ishlab chiqilgan tavsiyalarning amalga oshirilishini ta'minlash, BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasi va O'zbekiston Respublikasining korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bog'liq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yo'nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy koordinatori vazifa va vakolatlari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korruptsiyaning darajasini baholovchi milliy indeks tuzishni tashkillashtirish yuklatildi.
Shuningdek, mazkur Farmon asosida quyidagi chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilanligi ahamiyatlidir, xususan:
2020–2021 yillarda barcha davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarida korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) ni bosqichma-bosqich joriy etish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, shuningdek ushbu sohadagi davlat va boshqa dasturlar samaradorligini monitoring qilish hamda baholash imkonini beruvchi E-Anticor.uz elektron platformasini joriy etish,shuningdek, korruptsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturiy ta'minotni joriy etish
Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi PF-6013-sonli “O'zbekiston Respublikasida Korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” gi Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan, korruptsiyaga qarshi komplayens nazorati – davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, xo'jalik yurituvchi sub'ektlar faoliyatini korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa me'yoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korruptsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to'qnashuvini o'z vaqtida aniqlash va chek qo'yish, qonun buzilishi va korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni o'zida mujassam etgan profilaktik tizimi joriy eildi.
Qayd etish lozimki, olib borilayotgan islohotlarni amaliy hayotga tatbiq etish maqsadida 2020 yil 4 fevralda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha Vakili (Ombudsman) tomonidan Korruptsiyaga qarshi kurash bo'yicha idoraviy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo'lib, fuqarolar va yuridik shaxslar vakillari tomonidan korruptsiya haqida xabar berish mexanizmlari joriy etilganligi ahamiyatlidir.
Shu bilan bir qatorda, mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasi sifatida Transparency International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan har yili e'lon qilib boriladigan “Korruptsiyani qabul qilish indeksi” da O'zbekiston 180 ta davlat orasida 2017 yilda 157-o'rin, 2018 yilda esa 158-o'rinni egallagan bo'lsa, 2019 yilda 25 ball bilan 153-o'rinni egallab, 5 pog'onaga ko'tarildi.
Bundan tashqari, Jahon odil sudlov loyihasining Huquq ustuvorligi indeksidagi “Korruptsiyadan holilik” indikatorida O'zbekiston 2019 yilda 0,38 ball bilan 95-o'rinni egallagan bo'lsa, 2020 yil bo'yicha 128 davlat orasida 0,40 ball bilan 89-o'rinni egallab, 6 pog'onaga ko'tarilganligi malakatimizda korruptsiyaga qarshi tizimli olib borilayotgan islohotlarning samarasidir.
Aytib o'tish joyizki, xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlaydigan bo'lsak, ko'plab davlatlarda, xususan Singapur, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh kabi rivojlangan mamlakatlarda “Davlat xizmati to'g'risida” gi, “Davlat xizmatida jamoatchilik nazorati to'g'risida” gi Qonunlar hamda davlat xizmatchilari, mansabdor shaxslar, shuningdek sudyalarning xatti-harakat me'yorlarini tartibga soluvchi Axloq kodekslari mavjud ekanligini ko'rishimiz mumkin.
Mazkur normalar bilan davlat xizmatchilarining olishi mumkin bo'lgan sovg'a yoki hadyalarning aniq miqdori ham belgilab qo'yilgan. Masalan, AQSh da ushbu miqdor 20 AQSh dollarini, Frantsiyada 35 yevro, Buyuk Britaniyada 140 funt, Rossiyada 3000 rubl etib belgilangan, Kanadada esa mansabdor shaxslarning pul ko'rinishidagi sovg'alar qabul qilishi qat'iyan taqiqlanadi, Singapurda davlat boshqaruvida faoliyat ko'rsatuvchi mansabdor shaxslarning gonorar, zaym, qimmatli qog'ozlar kabi to'lovlarni olishi ta'qiqlangan.
O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan yuqoridagi xorij tajribasi vazirlik tizimida joriy qilingan bo'lib, unga ko'ra xodimlarning fuqarolar, boshqa tashkilotlar xodimlari, jumladan turli joylar va xorijiy mamlakatlarga uyushtiriladigan xizmat safarlari davomida sovg'alar olishi taqiqlandi.
Ta'kidlash joizki, davlat xizmatchilarining mulkiy deklaratsiya tizimi korruptsiyaning oldini olish, noqonuniy boyish va manfaatlar to'qnashuvini aniqlashning qudratli vositasidir.
Jahon banki ma'lumotlariga ko'ra, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarning aksariyatida aktivlarni deklaratsiyalashning keng jamoatchilik uchun oshkora tizimi yo'lga qo'yilgan. Korruptsiyaga qarshi amaldagi xalqaro standartlar, jumladan, BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasi va boshqa qator huquqiy hujjatlarda davlat xizmatchilari tomonidan aktivlarning e'lon qilinishi korruptsiyaga qarshi samarali vosita ekani e'tirof etilgan.
N.Z.Radjapova
To'rtko'l tuman adliya bo'limi
Yuridik xizmat ko'rsatish
markazi bosh yuriskonsulti.