Янгиликлар
11
21-oktabr - O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun.
Ma'lumki, dunyodagi barcha xalqlar va millatlarning madaniy o'zagi va asosiy muloqot manbai bu ularning milliy tili hisoblanadi.
Shunday ekan har bir tilning saqlanishi hamda yosh avlodga yetkazilishi, xalq taraqqiyoti va uning kelajagini belgilaydi.
Birgina til ko'plab xalqlarni o'zaro birlashtiradi, tarbiyalaydi, o'qitadi, urf-odat, an'ana va madaniyatlarini saqlaydi, uni avloddan avlodga o'tishini ta'minlaydi.
1989-yil 21-oktabrda O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi.
Ushbu Qonun tom ma'noda xalqimizning mustaqillik uchun qo'yilgan dastlabki qadami bo'ldi.
Mazkur Qonunning 1-moddasi va Bosh Qomusimizning 4-moddasida “O'zbekiston Respublikasining davlat tili o'zbek tili” ekanligi va O'zbekiston Respublikasi o'z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlanishi ham belgilab qo'yildi.
O'zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi o'z navbatida, xalqimizning asriy orzusi bo'lgan milliy mustaqillikka erishish yo'lidagi muhim siljishlardan biri bo'ldi.
Shu tariqa, ona tilimizning bor go'zalligi va jozibasini to'la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratildi.
Shuningdek, davlat o'zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini ta'minlabgina qolmay, O'zbekiston hududida istiqomat qiluvchi va mamlakatimizga xorijdan kirib kelayotgan barcha millat va elatlarning tillarini hurmat qilinishini ta'minladi, ya'ni chegara bojxona postlari orqali yurtimizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari o'zbek tilida yoki boshqa jahon tillarida yo'lovchi bojxona deklaratsiyalarini to'ldirishlari va muloqotda bo'lishlari mumkin bo'ldi.
E’tirof etish joyizki, 2020-yil 10-aprelda O'zbekiston Respublikasining “O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida”gi Qonuni qabul qilinishi quvonarli hol bo'ldi.
Ushbu qonun bilan har yili 21-oktabr “O'zbek tili bayrami kuni” etib nishonlash belgilandi.
Endilikda har yili 21-oktabr butun mamlakatimiz bo'ylab, katta bayram sifatida nishonlanadigan bo'ldi.
Bu esa, barchamiz uchun ona tilimizni qay darajada ardoqlashimizni va hurmat qilishimizni bildiradi.
Xulosa o'rnida aytganimizda, O'zbekiston Respublikasining 1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili haqida”gi Qonuni bilan 21 oktabr–o'zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi o'z navbatida, xalqimizning asriy orzusi bo'lgan milliy mustaqillikka erishish yo'lidagi muhim qadamlardan biri bo'ldi desak aslo xato bo'lmaydi.
B.Avazmetov,
To'rtko'l tuman adliya bo'limi
yuridik xizmat ko'rsatish
markazi boshlig'i