Янгиликлар
23
Mustaqilik davrida sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohatlar.
Mustaqilik davrida sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohatlar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktabrdagi "Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni qamrovi mazmun-mohiyat jihatidan serqirraligi bilan e'tiborni o‘ziga jalb etadi.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishdan maqsad — sud orqali inson huquqlari va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilish mexanizmini zamonaviy davlatchilik talablariga moslashtirish hamda jamiyat ehtiyojlarini inobatga olgan holda sud organlari faoliyatida odil sudlov darajasini oshirishdan iboratdir.
Avvalambor, Konstitutsiyamizda sud hokimiyati faoliyatiga tegishli qator me'yorlar o‘zining aniq ifodasini topganini alohida qayd etish o‘rinlidir.
Shu bois Farmonda eng muhim vazifalardan biri sifatida aynan "sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga og‘ishmay amal qilinishini ta'minlash" belgilab qo‘yilgani bejiz emas, albatta.
Fikrimizcha, bu holat barcha sudlar, ya'ni fuqarolik, jinoyat va xo‘jalik sudlari tomonidan ishlarni muhokama qilish va tegishli qarorlar — hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror qabul qilish bilan bog‘liq barcha bosqichlarda (birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya yoki nazorat tartibida) biron-bir mansabdor shaxsning bevosita aralashishi mumkin emasligini anglatadi. Binobarin, Konstitutsiyamiz, "Sudlar to‘g‘risida"gi qonun va Jinoyat-protsessual kodeksida "sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar", degan prinsip o‘z ifodasini topgan.
Mazkur tamoyil sudyaning faoliyat ko‘rsatishida mustaqilligi kafolatlanganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, barcha sud tarmoqlaridagi sudyalar o‘z ish yurituvidagi ishlarni mazmunan hal etishda faqat tegishli qonunlar talablariga qat'iy rioya qilishlari, qonunlar talabidan og‘ishmagan holda qaror qabul qilishi lozimligini anglatadi.
Farmonda belgilangan muhim vazifalardan yana biri — nafaqat sud organlari, shu bilan birga, ushbu huquqiy-me'yoriy hujjat bilan faoliyati qamrab olingan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, davlat organlaridagi yuridik xizmatlar mas'ul xodimlarining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish yuzasidan mas'uliyatini yanada oshirish zarurligi qayd etilgani hisoblanadi. "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinganidan buyon mamlakatimizda fuqarolarning murojaatini hal etishning huquqiy mexanizmi tubdan o‘zgarganidan barchamiz xabardormiz.
Misol uchun hukumat portaliga fuqarolar tomonidan yo‘llangan ariza va shikoyatlar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar tomonidan shoshilinch choralar ko‘rilayotgani, bunda fuqarolarning huquq va manfaatining ustuvorligiga e'tibor berilayotganini keng jamoatchilik e'tirof etayotganini qayd etish joiz. Shu o‘rinda Birinchi Prezidentimizning "islohot islohot uchun emas, inson manfaati uchun", degan purhikmat g‘oyalari izchil va tizimli davom ettirilayotgani har bir fuqaroning qalbiga quvonch bag‘ishlashi barobarida, kelajakka ishonch bilan yashashga undayotganini ta'kidlash darkor.
Farmonda sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida nafaqat sodir etilgan u yoki bu turdagi huquqbuzarliklar yoki nizolar yuzasidan aybdor shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tarzda javobgarlikka tortib tegishlicha qaror qabul qilish, shu bilan birga, sodir etilgan huquqbuzarlikning sabablari va ularning kelib chiqish shart-sharoitlarini chuqur o‘rganish, aniqlash barobarida qonunbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan maqsadli va samarali choralar ko‘rishga qaratilgan muhim vazifalar belgilangani e'tiborga molik. Mazkur vazifalar zamirida sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mansabdor shaxslaridan o‘z "faoliyatini tashkil etishda huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan" takliflarini tegishlicha yuborishgae'tibor berishlari shartligi mujassam.
Mazkur huquqiy-me'yoriy hujjatda, shuningdek, "yuksak axloqiy-idoraviy va kasbiy fazilatlarga ega, yuklatilgan vazifalar va amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali bajarilishini ta'minlashga qodir bo‘lgan kadrlarni shaffof tanlov asosida ishga qabul qilish tizimini takomillashtirish" masalasi muhim vazifalardan biri etib belgilangani ham ayni muddaodir.
E'tiborli jihati shundaki, Farmonning ikkinchi bandida sudyalik lavozimiga tayinlash (saylash) muddatlariga qat'iy aniqlik kiritilgan. Ya'ni sudyalik lavozimiga birinchi marotaba tayinlash besh yilga, ikkinchi marotaba — o‘n yil, keyingisida muddatsiz tayinlanish (saylanish) imkoni yaratilmoqda. Bu sudyalarning yoshi, malakasi, kasb mahoratini inobatga olgan holda uzoqroq muddatga faoliyat ko‘rsatishini kafolatlaydi. Bu esa, aholining sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi, sudyalarning esa, uzoq yillar davomida lavozimini sidqidildan bajarishiga va nihoyat, sudning hokimiyat tarmog‘ida nufuzini ortishiga mustahkam zamin yaratadi.
Mazkur huquqiy-me'yoriy hujjatning uchinchi bandida amaldagi qonun hujjatlarini yangi mazmun-mohiyatli me'yorlar bilan boyitishga taalluqli muhim masalalar aks etgan. Ularni hal etish muddati ham belgilangan. Ya'ni 2017 yilning 1 apreligacha Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik-protsessual, Xo‘jalik-protsessual kodekslar, shuningdek, "Sudlar to‘g‘risida"gi qonun va boshqa qator qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish yo‘li bilan Farmon talablarini bajarish choralari ko‘riladi.
Jumladan, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddatini (72 soatdan 48 soatgacha) qisqartirish; qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralariga mutanosib ravishda dastlabki tergov muddatlarining eng ko‘p muddatini kamaytirish (1 yildan 7 oygacha); tergov harakatlari sirasiga kirgan pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish va eksgumatsiya qilish uchun sudlar tomonidan sanksiya berish; qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad etilganda sud tomonidan boshqa muqobil ehtiyot chorasini qo‘llash; sud tomonidan jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish institutini bekor qilish, ya'ni Jinoyat-protsessual kodeksining umumiy qismi bilan bog‘liq beshta institutni takomillashtirish yuzasidan pishiq va puxta qonun loyihasi qabul qilinadi.
Farmonning beshinchi bandi "qonun hujjatlari loyihalarini jamoatchilik o‘rtasida, shu jumladan, davra suhbatlari, seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish orqali keng muhokama qilishni tashkil etish"ni nazarda tutadi. Aynan shunday yondashuv Farmonning ijrosini to‘liq ta'minlaydi.
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 110-moddasi talabini to‘liq amalga oshirishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Ya'ni Oliy sud tarkibida fuqarolik, jinoyat sudlari bilan bir qatorda endi ma'muriy sudlarning tashkil etilayotgani yurtimizda 2000 yilda asos solingan sudlarning ixtisoslashuvini yanada kuchaytiradi.
Uning O‘zbekistonda tashkil etilishi sud hokimiyatining tarmoqlarga bo‘linishini ta'minlash bilan birga, jahondagi ko‘pchilik rivojlangan davlatlarda bo‘lgani singari, ma'muriy sudlarning alohida faoliyat ko‘rsatishiga erishish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, odil sudlovga erishish darajasini yanada mukammallashtiradi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida belgilangan vazifalar asosida sud-huquq tizimini isloh etish yo‘nalishidagi huquqiy yechimini topishi zarur bo‘lgan qator muhim va dolzarb masalalar bo‘yicha qonunlarning qabul qilinishi aholining davlatimizda amalga oshirilayotgan oqilona siyosatga ishonchini yanada oshirmoqda. Shuning barobarida, bu dadil qadam hokimiyat tizimida sudlar mustaqilligini yanada mustahkamlaydi va odil sudlov darajasini xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirib, demokratik huquqiy davlat qurish hamda adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etishimizga benazir xizmat qiladi.
Xojayli tumani adiliya
bólimi yuridik xizmat kórsatish
markaz bosh yuriskonsulti T.Uzaqbaev