Янгиликлар
19
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi malaka komissiyasi toʻgʻrisida
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi malaka komissiyasi toʻgʻrisida
Soʻngi yillarda yurtimizda notariat sohasi katta islohotlarni boshdan kechirmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-sentabrdagi farmoniga asosan davlat notarial idoralari bosqichma-bosqich nodavlat shakldagi idoralarga, ya’ni xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar qilib qayta tashkil etilgan. Oʻz oʻrnida, xalqimizga huquqiy tusdagi xizmat koʻrsatuvchi notariuslarning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Qonunlari va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan nazoratni olib borish adliya organlariga yuklatilgan. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunining 31-moddasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzurida xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani to‘xtatib turish va tugatish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish maqsadida malaka komissiyalari tashkil etilgan. Bunda malaka komissiyasi o‘z vakolatlari doirasida qarorlar qabul qilishda mustaqil hisoblanadi va uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Malaka komissiyasi hududiy adliya boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining tegishli hududiy boshqarmasi vakillari, notariuslar hamda adliya organlarining xodimlari orasidan besh nafardan to‘qqiz nafar kishigacha bo‘lgan tarkibda toq miqdorda tuziladi. Bunda malaka komissiyasi yig‘ilishlarining xolisligi va odilligini ta’minlash maqsadida, zaruratga qarab, ularda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Huquqiy xizmat ko‘rsatishni davlat tomonidan tartibga solish boshqarmasi xodimlari ovoz berish huquqisiz (kuzatuvchi sifatida) ishtirok etishi mumkin.
Malaka komissiyasiga notariusning litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish bo‘yicha sudga ariza kiritish masalasini ko‘rib chiqish uchun hududiy adliya boshqarmasi yoki Notarial palataning hududiy boshqarmasi rahbarining taqdimnomasi asos bo‘ladi.
Malaka komissiyasi tomonidan notarius litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunning 152-moddasi birinchi qismi hamda mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishga olib keladigan qoidabuzarliklar hollari va ular bo‘yicha litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish muddatlariga asosan amalga oshiriladi.
Notarius litsenziyasining amal qilishini tugatish bo‘yicha ma’muriy sudga ariza kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilish Qonunning 153-moddasi ikkinchi qismiga asosan amalga oshiriladi.
Malaka komissiyasi tomonidan tegishliligi bo‘yicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
- notarius litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida;
- notarius litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turishni rad etish to‘g‘risida;
- notarius litsenziyasining amal qilishini tugatish bo‘yicha ma’muriy sudga ariza kiritish to‘g‘risida;
- notarius litsenziyasining amal qilishini tugatish bo‘yicha ma’muriy sudga ariza kiritishni rad etish to‘g‘risida.
Notarius malaka komissiyasi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, komissiya yig‘ilish bayonnomasi nusxasini olgan kundan boshlab o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya
vazirligi huquqiy xizmatlar boʻlimi
yetakchi maslahatchisi A.Kdirbaev