Янгиликлар
23
Zamonaviy davlatda o‘lim jazosiga o‘rin yo‘q
Zamonaviy davlatda o‘lim jazosiga o‘rin yo‘q
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘lim jazosining qo‘llanilishi jinoyatchilikni kamayishiga olib kelishi haqida asossiz muhokamalar avj ola boshladi.
Inson hayoti oliy qadriyat, o‘lim jazosini qo‘llamaslik esa insonparvarlik begisidir.
Insonparvarlik g‘oyalari azaldan xalqimizda ulkan qadriyat sifatida ulug‘langanligini bobokalonomiz Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy» dostonida keltirilgan quyidagi parchadan bilib olishimiz mumkin: «…yomonga jazo berish — garchi qonun va siyosat yuzasidan to‘g‘ri bo‘lsa ham, ammo adolatli hukmdorning asl yo‘li — shafqat-muruvvatdir. Bir shaxs o‘limga qanchalik sazovor bo‘lsa ham, uning o‘limini orqaga surish, bu haqda shoshmaslik yaxshi…»
O‘lim jazosi bekor qilinganligi sivilizatsiyalashgan demokratik davlatning belgisidir.
O‘zbekistonda o‘lim jazosining bekor qilinganligi mamlakatimizda umuminsoniy tamoyillar ustuvorligi va xalqaro andozalar amalga joriy etilganligidan darak beradi. Binobarin, Konstitutsiyamizning 13-moddasida qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Qolaversa, O‘zbekiston qo‘shilgan birinchi xalqaro hujjat — Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3-moddasida «Har bir inson yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egadir» deyilgan. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktning 6-moddasida esa «Har bir insonning yashash huquqi uning ajralmas huquqidir. Bu huquq qonun bilan muhofaza etiladi. Hech kim o‘zboshimchalik bilan insonni yashash huquqidan mahrum qila olmaydi», deb ta’kidlangan. Shuningdek, mazkur xalqaro hujjatning BMT Bosh Assambleyasi 1989 yil 15 dekabrida qabul qilgan o‘lim jazosini bekor qilishga qaratilgan ikkinchi Fakultativ bayonnomasi barcha hukumatlarni o‘lim jazosini bekor qilishga chorlaydi.
Shunday ekan, jinoyat va jazoni hal etish masalasida inson hayoti ustuvor bo‘lishi lozim. Shuning uchun hamjinoyat sodir etgan shaxsni jazolashdan ko‘zlangan maqsad jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish emas, balki uni tarbiyalash ekanligi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida bejiz belgilanmagan. Boshqacha aytganda, yashash huquqi insonning barcha huquq va erkinliklarining poydevorini, dastlabki asosini tashkil etadi. U dunyo sivilizatsiyasining mutlaq qadriyatidir.
Demak, sivilizatsiyalashgan davlatda o‘lim jazosi haqida gapirishdan oldin puxta va obdon o‘ylab ko‘rish kerak. Nega hanuzgacha tushunmayapmiz?! O‘lim jazosini keng joriy qilish varvarlikdan boshqa narsa emas, axir biz sivilizatsiyalashgan demokratik davlatda yashayapmizku.
Jahon hamjamiyati ham o‘lim jazosini maqullamaydi.
Statistik ma’lumolarga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan 193 davlatdan 169 tasida o‘lim jazosi qo‘llanilmaydi. 24 ta davlatning qonunchiligida o‘lim jazosi formal mavjud bo‘lsa-da, lekin oxirgi 10 yil davomida uni qo‘llash amaliyoti to‘xtatib qo‘yilgan hisoblanadi. Bunday davlatlarning aksariyati o‘lim jazosini 2-jahon urushidan keyin qonunchiligiga kiritganligi aniqlangan.
O‘lim jazosini bekor qilgan davlatlar ichidan atigi 4 davlat (Nepal, Filipin, Gambiya, Papua yangi Gvineya) o‘z qonunlarida o‘lim jazosini tiklagan. Biroq Nepal hozirgi kunda ushbu jazoni yana bekor qildi, Filippin esa jazoni ijro etishni to‘xtatib qo‘ydi, qolgan ikki davlat Gambiya va Gvineyada o‘lim jazosi qayd qilinmagan. Xo‘sh, nega o‘lim jazosini tiklagan oz sonli davlatlar bunday jazoni qayta bekor qilmoqda yoki uning ijrosini to‘xtatib qo‘ymoqda. Bu borada birgina Filippinning tajribasini ko‘rib chiqish yetarli hisoblanadi. Filippinda o‘lim jazosi giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish maqsadida qayta tiklangan. Filippin hukumati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yil 1 iyulidan 2018 yil 30 noyabriga qadar giyohvand moddalar savdosiga qarshi o‘tkazilgan amaliyotlarda 5050 nafar inson qatl qilingan
O‘lim jazosini qo‘llayotgan davlatlardagi holat
Hozirgi vaqtda o‘lim jazosi AQSHning 38 ta shtatida qo‘llanib kelinmoqda. Biroq, shunga qaramasdan so‘nggi 30−40 yil ichida AQSHda jinoyatchilik 7−8 barobar o‘sgan. Qolaversa, AQSHda nohaq o‘lim jazosi tayinlash va ijro qilish hollari ham oz emas. Xususan, 1900−1985 yillarda o‘lim jazosi 350 nafar aybsiz shaxsga nisbatan ijro etilgani rasman tan olingan. Keyingi o‘ttiz yil mobaynida bu jazoga mahkum etilganlardan 121 nafarining aybsizligi aniqlanib, o‘lim kameralaridan ozod qilingan. 23 nafar shaxs o‘lim jazosi ijro etilishiga bir qancha daqiqa qolgandagina aybsizligi aniqlangan va ijro to‘xtatilgan.
Bundan tashqari, hatto zamonaviy yuridik va kriminalistik imkoniyatlar ham sud xatosining bo‘lmasligiga kafolat bera olmaydi, o‘lim jazosi saqlanib qolar ekan, aybsiz odamni qatl qilish ehtimoli ham mavjud bo‘laveradi. Masalan, Kolumbiya universitetining bir guruh olimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘lim jazosiga oid izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, 1973−1995 yillar oralig‘ida dunyoning o‘nlab davlatlarida chiqarilgan 71 foiz hukmlar keyinchalik qayta ko‘rilgan va ularning 95 foizida sudlanuvchi oqlangan yoki o‘lim jazosi yengilroq jazoga almashtirilgan. O‘limga mahkum qilingan hech qanday shaxsni hayotga qaytarishning iloji yo‘q, ammo hayotda bundan oldin ham, hozirda ham, keyinchalik ham sudlar xatolikka yo‘l qo‘yishlari mumkin va afsuski, ushbu xatolikni tuzatishning hech ham iloji yo‘q. Qolaversa, mazkur jazo boshqa jazolar kabi mahkumning ahloqan tuzalishiga va o‘z xatolarini anglab yetib, tavba qilishiga imkoniyat bermaydi.
O‘lim jazosi tarafdorlarining vajlari asossiz va eskilik sarqitidan boshqa narsa emas.
O‘lim jazosi tarafdorlari qarashlarining ostida qasos olish hissi yotadi. Hissiyotga berilgan bunday shaxslarning vajlari asosan «jonga — jon, qonga — qon» qadimiy odat qoidalaridagi vahshiyona o‘ch olish istagi bilan bog‘liq. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bunday hissiyotlarning manbasi sivilizatsiyadan oldingi davrga borib taqaladi. Dastlabki ibtidoiy jamoa davrida odamlar o‘rtasida qasos olish odati paydo bo‘lgan bo‘lsa, oila institutining paydo bo‘lishi ushbu funksiyaning oilaga o‘tishiga olib keldi. Keyinchalik ilk davlat paydo bo‘lgan davrlarda o‘lim jazosi faqat davlat tomonidan qo‘llana boshlandi. Afsuski, o‘sha vaqtda ham «jonga — jon, qonga — qon» odatlari hali-hamon saqlanib qolgan edi. XIXasrga kelib, mazkur vahshiyona odatlar na odamlarga va na davlat siyosatiga yordam bera olmasligi tan olindi. Biroq, shunga qaramasdan o‘lim jazosi ayrim shaxsiy manfaatlari yo‘lida davlat nomidan qo‘llanilganligini sho‘rolar davri misolida ko‘rishimiz mumkin.
Sobiq Ittifoq davrini eslaylik. Qatog‘on yillaridagi xalqimizning boshdan kechirgan og‘ir kunlarini unutdikmi?! Ya’ni, sho‘rolar davrida sud hukmi va ma’muriy tuzilmalarning qarorlari, hatto oliy rahbariyatning «roziligi» bilan 800 mingga yaqin hur fikrli shaxslar «aksil- inqilobiy» jinoyatlarda ayblanib, otib tashlangani nafaqat O‘zbekiston, balki inson tarixidagi ayanchli fojialar sifatida muhrlanib qoldi.
Xulosa o‘rnida,O‘zbekistonda o‘lim jazosining bekor qilinganligi insonparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillarining, xalqaro huquq me’yorlari umume’tirof etilgan prinsiplarining bajarilishi ifodasidir.
Qolaversa, o‘lim jazosi xalqimizga xos kechirimlilik fazilatiga yot tushunchadir. Hech bo‘lmaganda, o‘lim jazosini belgilash bilan bog‘liq dalillar to‘plashni bas qilishimiz kerak. Undan ko‘ra, jamiyatimiz uchun hayot-mamot masalasi bo‘lgan ta’lim, farzandlarimiz tarbiyasi, yoshlarimiz huquqiy ongini yuksaltirish masalalari ustida bosh qotirsak o‘z vaqtimizni ijtimoiy foydali masalaga sarflagan bo‘lar edik.
Shumanoy tuman adliya bo‘limining
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshligi: Baxıt Utemuratov