Янгиликлар
22
Qonunchilik sohasidagi muhim yangiliklar
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida Namangan hamda Surxondaryo viloyatlarida suv bilan ta’minlanganlik darajasi oshiriladi.
“Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Namangan viloyati Chust, Pop va Namangan tumanlari ichimlik suv ta’minotini yaxshilash hamda Chust va Mingbuloq tumanlari markazlarida oqova suv tizimlarini qurish” hamda “Oqtosh” va “Poshxurt” yer osti suv manbalaridan suv quvuri qurish yo‘li bilan Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining suv ta’minotini yaxshilash” loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Namangan va Surxondaryo viloyatlarida aholi va tadbirkorlik subyektlarining ichimlik va oqova suv tizimi bilan ta’minlanganligi darajasini oshirish, hududlarning sanitariya-epidemiologik hamda ekologik holatini yanada yaxshilash belgilandi.
Xususan, Namangan viloyati Namangan, Chust, Pop tumanlarining ichimlik suv ta’minotini hamda Chust va Mingbuloq tumanlari markazlarida oqova suv tizimini yaxshilash, shuningdek, “Oqtosh” va “Poshxurt” yer osti suv manbalaridan suv quvuri qurish yo‘li bilan Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanining suv ta’minotini yaxshilash nazarda tutilmoqda.
Qaror bo‘yicha loyiha qiymati 84,55 million AQSh dollariga teng Namangan loyihasi va qiymati 60,38 million AQSh dollariga teng Surxondaryo loyihasi amalga oshirilishi belgilandi.
Har ikkala loyihaning amalga oshirilish davri 4 yilni tashkil etadi (2022-2026)
Amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar asosida Namangan viloyatida 316,2 km, Surxondaryo viloyatida esa 566 km uzunlikdagi ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilishi rejalashtirilmoqda.
Asos: PQ–342-son, 02.08.2022 yil