Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

03

Elektron raqamli imzo olish tartibi va uning afzalliklari


Elektron raqamli imzo olish tartibi va uning afzalliklari

Bugungi kunga kelib tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yuzga yaqin turli davlat xizmatlari ko'rsatilib kelinmoqda. Ayni vaqtda davlatimiz rahbari va xukumatimiz tomonidan mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy sohalarida olib borilayotgan ko'pgina islohotlar natijasida aksariyat ma'muriy tartib-taomillar soddalashtirildi, ko'pchilik holatlardagi ortiqcha qog'ozbozlik va sansalorliklarning oldi olindi. Ayniqsa siz va biz uchun eng qimmat bo'lgan resurs bu – vaqtni tejash imkoni paydo bo'ldi.
Hozirgi vaqtga kelib o'z internet veb-saytiga, elektron pochtasiga va virtual qabulxonasi mavjud bo'lmagan davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik boshqaruvi organlari uchratish qiyin. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joriy qilingan “Elektron hukumat” va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali fuqarolarimiz, tadbirkorlik sub’ektlari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar barcha yuridik shaxslar o'zlari uchun zarur davlat tashkilotlariga turli xil shaklda murojaatlar etishlari mumkin.
Albatta bu o'rinda elektron raqamli imzo (keyingi o'rinlarda ERI) haqida atroflicha to'xtalib o'tish zarur. Chunki yuqorida ta'kidlangan aksariyat davlat xizmatlaridan foydalanish aynan ERI yordamida amalga oshiriladi.
Xo'sh, dastlab “Elektron raqamli imzo o'zi nima?”, “O'zi u nima uchun kerak?”, va “Zarurat tug'ilsa qaerdan va qanday olsa bo'ladi?” – degan savollarga to'xtalib o'tsak!!! Biz Davlat xizmatlari markazi xodimlari sifatida kundalik ish faoliyatimiz davomida ana shu savolga juda ko'p marotaba duch kelamiz.
O'zbekiston Respublikasining 2003 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Elektron raqamli imzo to'g'risida”gi Qonunining
3-moddasida elektron raqamli imzo - elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus o'zgartirish natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik yo'qligini aniqlash va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan imzo ekanligi qayd etilgan.
Soddaroq qilib aytganda ERI asosan kompyuter va turli elektron dasturlar uchun hammamizga ma'lum ko'rinishda shaxsan qo'lda qo'yiladigan hamda shakli va ko'rinishidan aynan kimga tegishli ekanligini anglatuvchi shaxsiy imzoning elektron ko'rinishi hisoblanadi. Jismoniy shaxs o'z ERIsi yordamida elektr, tabiiy gaz, issiqlik, suv ta'minoti va suv chiqarib tashlash tarmoqlariga ulanish, elektr, tabiiy gaz hamda suv hisoblagichlarni echish va o'rnatish, ularni plombalash, o'ziga tegishli bo'lgan ko'chmas mulk ob’ektlariga bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun, qurilishi tugallangan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish, ob’ektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruktsiya qilishga ruxsatnoma berish, Bino va inshootlarning tashqi ko'rinishini o'zgartirishni kelishish, Arxitektura-rejalashtirish topshirig'ini ishlab chiqish, Yakka tartibda uy-joy qurishga (rekonstruktsiya qilishga) ruxsatnoma berish, Sudlanganlik haqida ma'lumotnoma berish, Manzil-ma'lumot axborotlarini taqdim etish, soliq to'lovchining soliqlar va boshqa majburiy to'lovlardan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi haqida ma'lumotnoma berish, bolalarni davlat maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilish va shu kabi ko'plab davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda Davlat xizmatlari markazlariga kelmasdan turib foydalanishlari mumkin.
Shuningdek, davlat xizmatini ko'rsatuvchi vakolatli davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xujalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari va mas’ul xodimlari o'z ERI orqali tegishli litsenziyalarni, guvohnomalarni, ruxsatnomalar va shu kabi boshqa ruxsat beruvchi xujjatlarni elektron shaklda ortiqcha qog'ozbozliksiz rasmiylashtirish imkoniga egadirlar.
Ayniqsa ERI jismoniy shaxslarga Davlat xizmatlari markaziga kelmasdan turli shakldagi tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro'yhatidan o'tishlari imkonini beradi. Bu esa o'z navbatida fuqarolarimizning vaqtini tejalishiga, uzoq navbatda turishlardan va ortiqcha xarajatlardan xalos bo'lishlariga zamin yaratadi. Bu o'rinda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 yil 9 fevralda “O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish va hisobga qo'yish tizimini takomillashtirish to'g'risida» 2016 yil 28 oktyabrdagi PQ-2646-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 66-sonli qarori qabul qilinganligini eslab o'tishimiz joiz hisoblanadi. Mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi to'g'risida”gi Nizom tasdiqlandi. Qizig'i shundaki, ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro'yhatidan internet tarmog'i orqali (ya’ni DXMga bormasdan, ERI yordamida) o'tish uchun to'lanadigan davlat bojlari yig'imlar 50% miqdorda to'lanadi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil
10 maydagi 348-sonli Qarori bilan “Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan ko'rsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalanishni ta'minlaydigan elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish bo'yicha davlat xizmatlari ko'rsatishning” Ma'muriy Reglamenti tasdiqlandi. Ushbu Reglamentning 2-bandiga asosan Davlat xizmatlari markazlari orqali ERI kalitlarini ro'yxatga olish va ERI kalitlari sertifikatlarini berish «Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan ko'rsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalanishni ta'minlaydigan ERI kalitlarini ro'yxatga olish va ERI kalitlari sertifikatlarini berish» davlat xizmatlari sifatida ko'rsatiladi va mazkur davlat xizmati O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, yuqoridagi Ma'muriy Reglamentning 5-bandida ERI kalitlarining sertifikatlarini berish uchun yuridik shaxslardan va yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik sub’ektlaridan eng kam oylik ish haqining 10 foizi, jismoniy shaxslardan esa 7 foizi miqdorida yig'im undirilishi, qonun hujjatlarida ERI kalitlarining sertifikatlarini bepul olish nazarda tutilgan hollar bundan mustasno ekanligi belgilangan.
ERIga ega bo'lish uchun avvalo jismoniy va yuridik shaxslar o'z STIR (soliq to'lovchining identifikatsiya raqami)iga ega bo'lishlari, ya’ni davlat soliq organlarida hisobga olingan bo'lishlari zarur. Chunki ERI uchun amalga oshiriladigan to'lovlar aynan STIR asosida amalga oshiriladi.
Yuqoridagi reglamentning 7-bandida ERI kaliti sertifikatining amal qilish muddati ERI ro'yxatga olingan vaqtdan boshlab 24 oydan oshmasligi kerakligi belgilangan.
Bugungi kunda mamlakatimizda mavjud banklaro to'lov tizimining rivojlanganligini hisobga olgan holda fuqarolarimiz ERIga ega bo'lishlari uchun hammamizga yaxshi ma'lum bo'lgan “CLICK”, “PAYME”, “UPAY” mobil ilovalari yordamida yoxud Davlat xizmatlari markazlari binolarida joylashgan tijorat banklari kassalarida bevosita to'lovni amalga oshirishlari mumkin.
O'zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi xuzuridagi Davlat xizmatlari agentligining mas’ul xodimlari o'tgan davr mobaynida dunyoning AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Shvetsariya va boshqa bir qancha dunyoning rivojlangan mamlakatlarida bo'lib, ularning aynan aholiga davlat xizmatlari ko'rsatish sohasidagi bugungi kungacha erishgan yutuqlari va kelgusida amalga oshirilishini rejalashtirgan faoliyati hamda bevosita kundalik faoliyati davomida qo'llab kelayotgan kompyuter texnologiyalari, dasturlar, turli axborot-kommunikatsiya vositalari bilan tanishib ularni yurtimizda bosqichma-bosqich joriy etishni yo'lga qo'yishmoqdalar. Ishonchimiz komilki bu turdagi sayi harakatlar o'z-o'zidan fuqarolarning mas aynan hujjatlarning harakatlanishiga olib keladi.

Xo'jayli tumani Adliya bo'limi
davlat xizmatlari markazi direktori:                  J.Sabirov