Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

20

Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat ijtimoiy himoyasi, pensiya, nafaqa tizimining mustahkamlanishi


Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlat ijtimoiy himoyasi, pensiya, nafaqa tizimining mustahkamlanishi

Barchamizga ma’lumki, hurmatli Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligiga bag‘ishlangan nutqida Konstitutsiyaga kiritilishi lozim bo‘lgan o`zgartirishlarning 9 ta yo‘nalishini belgilab bergan edi, shuningdek o‘zgartirishlarni Konstitutsiyaning 30 yilligi arafasida — 2022 yil 8 dekabrga qadar kiritishni taklif qilgan edi.
Ushbu yo`nalishda Konstitutsiyaga o`zgartirish kiritish va tashkiliy ishlarni amalga oshirish uchun joriy yilning 20-may kuni Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan Konstitutsiyaning 64 moddasiga 200 dan ortiq o`zgartirishlar kiritishni, 6 ta yangi modda va 16 ta yangi normani kiritishni nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga taqdim etildi.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan o`zgartirishlarda inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlash sohasida bir nechta normalar kiritilayotganligini ko`rishimiz mumkin.
Biz bilamizki, Konstitutsiya bu eng oliy yuridik kuchga ega bo`lgan hujjat, unda inson huquqlari va erkinliklarini belgilab beruvchi normalar aks ettirilgan.
Keyingi yillarda davlatimizda inson huquqlarini va erkinliklarini ta’minlash hamda aholining turmush tarzini yaxshilash borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, ijtimoiy himoya, pensiya, nafaqa tizimida katta islohatlar olib borildi. Davlatimiz e’tiboridan hech kim chetda qolmagan, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lgan aholiga yordam berish va ularni qo`llab-quvvatlash maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” yuritilib, ularga bir qancha imtiyozlar berilib, belgilangan tartibda amaliy ko`mak va xizmatlar ko`rsatilmoqda.
Davlat pensiyalari, nafaqalar tayinlash va to`lash tartibi soddalashtirilmoqda. Masalan, pensiyalarni tayinlashda ish haqi va mehnat staji elektron bazadan olinadi, elektron bazasi yuritilmagan davr ya’ni 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida boshqa hujjatlar talab qilmasdan hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-maydagi PQ-5102-son qaroriga ko`ra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinishi, davlat pensiyalarini tayinlash “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshirilishi, davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etilishi belgilab qo`yildi.
Nogironligi bo`lgan shaxslar, kam ta’minlangan oila deb e’tirof etilganlar uchun alohida imtiyozlar belgilanmoqda, aholiga qulay sharoitga ega bo`lgan va arzonlashtirilgan uy-joylar qurilishi, daromadi yuqori bo`lmagan uy-joyga muhtoj shaxslarga boshlang`ich badal pulini yoki kredit foizi to`lovlarining bir qismini qoplash uchun belgilangan mezon asosida subsidiyalar ajratish yo`lga qo`yildi.  
Mana shunday misollardan bir nechtasini keltirishimiz mumkin va inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashdagi shu kabi islohatlar yangilanayotgan Konstitutsiyada o` z aksini topmoqda.
  Misol uchun, Konstitutsiyaning 39-moddasi hozirda ikki qismdan iborat bo`lsa, kiritilayotgan o`zgartirishda yana to`rtta qism bilan to`ldirilmoqda.
Jumladan, “Davlat ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand va kam ta’minlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni qonunda belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlaydi.
Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini amalga oshirish uchun zarur teng sharoitlarni yaratadi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qoʻyish, hisobga olmaslik, chetlatish, cheklash yoki ortiqcha yon bosish, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning ob’yektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan boʻyin tovlash taqiqlanadi”, deb belgilab qo`yilmoqda.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan ushbu o`zgartirishlar inson va fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga, aholining turmushini yaxshilashga huquqiy asos bo`lib xizmat qiladi.

Saltanat Raimbekova,
Beruniy tumani adliya bo`limi boshlig`i,
2-darajali yurist.