Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Tadbirkorlik faoliyati erkinligining hamda xususiy mulk daxlsizligining yangi konstitutsiyaviy kafolatlari.


Tadbirkorlik faoliyati erkinligining hamda xususiy mulk daxlsizligining yangi konstitutsiyaviy kafolatlari.

          O'zbekiston fuqarolari va mamlakatimizda yashovchi boshqa shaxslar mulkdor bo'lish huquqiga ega. Mulk huquqi orqali fuqaro o'z turmush tarzini quradi va jamiyat taraqqiyotiga ham xissa qo'shadi. Shuning uchun mulkning ko'p bo'lishidan faqat mulkdor emas, balki jamiyat ham manfaatdor bo'ladi. Xususiy mulkning daxlsizligi va uning davlat tomonidan himoya qilinishi hamda har bir shaxsning mulkdor bo'lish huquqi asosiy qonunimiz bo'lgan Konstitutsiyaning 53-moddasida “Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin” degan qoida tariqasida mustahkamlanadi.
Shuningdek, «O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasida 53-modda ikkinchi qismiga quyidagicha o'zgartirish kiritish taklif qilinmoqda. “Xususiy mulk daxlsiz va davlat tomonidan himoya qilinadi.
Davlat iqtisodiyot tarmoqlarining va hududlarning uyg'un holda rivojlantirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, shuningdek iqtisodiy resurslarning adolatli ravishda taqsimlanishini ta'minlaydi.
Davlat tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini va investitsiyaviy muhitni, shart-sharoitlarni ta'minlaydi.
Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o'z faoliyatining yo'nalishini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli.
O'zbekiston Respublikasida tovarlarning, xizmatlarning, ishchi kuchining va moliyaviy  mablag'larning erkin  harakatlanishi kafolatlanadi.
Tovarlarning, xizmatlarning, ishchi kuchining va moliyaviy mablag'larning  harakatlanishini cheklashga  qaratilgan chora-tadbirlar, agar  ular xavfsizlikni, odamlarning hayoti va sog'lig'i himoya qilinishini, tabiat va madaniy meros ob’ektlari muhofaza qilinishini ta'minlash uchun  zarur bo'lsa, qonunchilikka muvofiq joriy etilishi mumkin.
Iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo'l qo'yilmaydi.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko'rib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi”.
Konstitutsiyaga asoslanib, bozor iqtisodiyotining asosiy negizlaridan bo'lgan xususiy mulk huquqini mustahkamlash, uning daxlsizligi va ishonchli huquqiy himoyasini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga yo'naltirilgan milliy qonunchilik bazasi yaratildi.
Jumladan, “O'zbekiston Respublikasida mulkchilik to'g'risida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik to'g'risida”gi, “Er uchastkalari olib qo'yilishi va olib qo'yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko'chmas mulk ob’ektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to'g'risida”gi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mazkur sohani tartibga solishda, rivojlantirishda va albatta mulkdorlar va tadbirkorlar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida, ularning ijrosini yanada kuchaytirish, mansabdor shaxslarning qonun hujjatlarini buzganligi uchun javobgarligini yanada oshirish maqsadida 2019 yil 13 avgustda Prezidentimiz tomonidan “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to'g'risida”gi PF-5780-sonli Farmon qabul qilindi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqildi.
Kodeks loyihasiga ko'ra, Kodeksning asosiy vazifalari jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor bo'lishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratishdan, xususiy mulk, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Kodeks loyihasi bilan, 9 ta amaldagi qonun, 2 ta yangi qonun loyihalari va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari birlashtirilmoqda hamda tadbirkorlik faoliyati erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlari belgilanmoqda. Unga ko'ra, davlat iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi. Xususiy mulk boshqa mulk shakllari qatori daxlsizdir va davlat tomonidan himoya qilinadi.
Tadbirkorlik sub’ekti mulk huquqi asosida o'ziga tegishli bo'lgan mol-mulkka o'z xohishiga ko'ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Tadbirkorlik sub’ektlarining o'z huquq va erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishi, davlat organlarining, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, boshqa tashkilotlarning qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

Farxad Seytimbetov,
Qoraqalpog'iston Respublikasi
Adliya vazirligi etakchi maslahatchisi