Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

Fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy asoslari


O‘zbekiston Respublikasining oldiga qo‘ygan asosiy maqsad va ustuvor vazifasi mamlakatimizni erkinlashtirish va modernizatsiya qilish borasida uzoqni ko‘zlaydigan “Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyiliga asoslangan.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mahallalar, siyosiy partiyalar, ommaviy harakatlar, kasaba uyushmalari, jamoat birlashmalari va jamoat fondlari, nodavlat notijorat tashkilotlari fuqarolik jamiyatining nafaqat asosini tashkil etadigan, balki mazmun-mohiyatini ham belgilab beradigan fuqarolik institutlari sirasiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nodavlat va notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomi mustaxkamlangan bo‘lib, 56-moddasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 34-moddasida «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar» kabi fuqarolarning jamiyat institutlarida ishtirok etishini kafolatlaydigan huquqiy asoslar e’tirof etilgan.
Shu tariqa Konstitutsiyamizda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga doir asosiy prinsiplarning mustahkamlab qo‘yilgani barcha aholi qatlamlari manfaatlarini aks ettiradigan bunday tashkilotlar keng tarmoqlarining rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratdi.
Fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga, fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan 250 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan.
Xususan, mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarini fuqarolik jamiyati institutlari sifatida tobora rivojlantirish, ularning mustaqil faoliyat yuritishi, ularni fuqarolar huquq va erkinliklari, shuningdek manfaatlarini himoya qilish, huquqiy ongi va madaniyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi,  “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Homiylik to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa huquqiy asoslarning shakllantirilganligi natijasida nodavlat notijorat tashkilotlar o‘zlarida fuqarolik jamiyati institutlariga xos belgilarni ifoda eta boshladilar.
Bundan atshqari, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligi va faoliyatining samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» va «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturlari ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6181-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan, 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan.
Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:
fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish;
fuqarolik jamiyati institutlariga ko‘mak berish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yanada takomillashtirish;
davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish;
fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash.

Nukus shahar Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Sh.Ametov