Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

YURIDIK XIZMAT KO’RSATISH TARTIBI VA ASOSLARI


Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini, ayniqsa o‘rta va quyi bo‘g‘inda huquqiy jihatdan ta’minlash hamda ularga sifatli va professional yuridik xizmat ko‘rsatishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sohaga tajribali kadrlarning jalb qilinishidagi kamchiliklar hujjatlar loyihalarining iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada qabul qilinayotgan qarorlar va boshqa hujjatlar ko‘p hollarda joylarda jismoniy va yuridik shaxslarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Hammamizga ma’lum O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyun kungi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarori va ushbu Qarorga asosan “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari to‘g‘risida” gi Nizom qabul qilingan. Ushbu Nizom Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarining maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibi belgilangan. Shunga asosan 2021-yil 1-oktabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzurida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarini respublikaning barcha tuman (shahar)larida tashkil etildi va 2021-yil 4-oktabrdan Markazlar o’z faoliyatini boshladi.
Markazlar o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oliy Majlis palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, adliya vaziri, hududiy adliya organlari rahbarlarining buyruqlari, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining hujjatlariga, shuningdek “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari to‘g‘risida” gi Nizom asosida amalga oshiradi.
Bugungi kunda Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan “E-huquqshunos” elektron tizimi oraqli Markazlarga buyruqlar, farmoyishlar, shartnomalar va yuridik tusdagi boshqa hujjatlarning loyihalari elektron tarzda yuborilmoqda. Markazga kelib tushgan hujjat rahbar tomonidam mas’ul xodimga biriktiriladi va xodim 3 kunlik muddat ichida huquqiy ekspertizadan o‘tkazish yoki kelishish uchun taqdim etilgan idoraviy va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar loyihalarini mustaqil yoki yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarning tegishli tuzilmalari bilan birgalikda huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish natijasiga ko‘ra e’tirozi bo‘lsa, ularning qonunchilikka, qonunchilik texnikasi qoidalariga, havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi va maqsadga muvofiqligi, shuningdek ularda korrupsiyaga sabab bo‘ladigan omillarning mavjudligi yoki mavjud emasligi yuzasidan yuridik xulosalar tayyorlaydi.
Idoraviy va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar loyihalari bo‘yicha e’tiroz va takliflar bo‘lmasa, ularga viza qo‘yadi. Bunda, loyihalarga Markazlar xodimlari tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarning rahbar o‘rinbosarlari va tarkibiy tuzilmalari rahbarlari (xodimlari) ko‘rib chiqib imzolaganidan keyin viza qo‘yadi
Yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari bilan hamkorlikda yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy madaniyatini oshirish, ularga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va ahamiyatini yetkazish, yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risida takliflar kiritadi, ushbu tadbirlarni o‘tkazishda ishtirok etadi, shuningdek yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar xodimlarining murojaatlari bo‘yicha ularga tashkilot faoliyatiga tegishli huquqiy hujjatlarni topishga ko‘maklashadi, zarur hollarda ularning qoidalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar haqidagi ma’lumotlarni, sud amaliyotini, Adliya vazirligining huquqiy ishlarga taalluqli ko‘rsatmalarini yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarga yetkazadi.
Markaz xodimlari shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritish, sud protsesslarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vakil sifatida ishtirok etadi, tashkilotning mulkiy va boshqa manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek fuqarolar bilan nizolar vujudga kelganda, mustaqil yoki yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarning mas’ul xodimlari bilan birgalikda ularni sudgacha hal etish choralarini ko‘radi.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta va sifatli bo‘lishini ta’minlash bo’yicha, yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan ichki idoraviy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi yoki ishlab chiqilishida ishtirok etadi, yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va ichki idoraviy hujjatlarda aniqlangan korrupsiyaviy normalarni bartaraf qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, ishlab chiqiladigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga mosligi, maqbulligi va dolzarbligi nuqtai nazardan baholaydi va xulosalar beradi, shuningdek yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholaydi va ularning natijalari bo‘yicha aniqlangan xavf-xatarlarni kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilishida ishtirok etadi, yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar xodimlari tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatarlar va huquqbuzarliklar haqida kelib tushadigan murojaatlarni tahlil qiladi va zaruratga ko‘ra yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar xodimlariga nisbatan o‘tkaziladigan xizmat tekshiruvlarida qatnashadi, korrupsiya faktlari yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari natijalari haqidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi.
Yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar xodimlariga korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha tushuntirish va tavsiyalar beradi, yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar faoliyatidagi korrupsiyaviy holatlarni va xavf-xatarlarni aniqlash maqsadida aholi va xodimlar orasida so‘rovlar o‘tkazadi, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid talab va normalarning buzilishi masalalari bo‘yicha intizomiy javobgarlikka tortilayotgan shaxslarga jazo choralarining mutanosibligi va yetarliligini nazorat qiladi, davlat organlari tomonidan dam olish va bayram kunlari yig‘ilishlarni o‘tkazish amaliyotini bekor qilish, aholi bilan bevosita ishlovchi xodimlarni yig‘ilishlarga taklif qilish va ularga xos bo‘lmagan vazifalarni yuklash yoki tashqi ishlarga jalb etishni (xizmat ko‘rsatish maqsadlaridan tashqari) taqiqlash choralarini ko‘radi.
Markazlar qonunchilik hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrug‘iga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi. Markazlarga “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari to‘g‘risida” gi Nizom yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan funksiyalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Amudaryo tumani Yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti  S.D.Sultanov