Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Pudrat shartnomasini tuzishda nimalarga ahamiyat berish kerak


Pudrat shartnomasini tuzishda nimalarga ahamiyat berish kerak

Fuqarolik kodeksida Shartnomalar haqida keng tushuntirishlar berilgan. Shartnomaning o‘zi nima ?, qanday tuziladi ?, shartnomaning bahosi qanday belgilanadi ?, amal qilish muddati , shartnomaning shakli va hakozolar haqida to‘liq ko‘rsatilib o‘tilgan.
Shartnomalar ichida Pudrat shartnomasi alohida ahamiyatga ega.

Xo‘sh Pudrat shartnomasi deganimiz nima ?. Aynan shu savolga javob berishga harakat qilamiz.  
Pudrat shartnomasi deganimiz bir taraf (pudratchi) ikkinchi taraf (buyurtmachi)ning topshirig‘iga binoan ma’lum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilib olish va buning uchun haq to‘lash majburiyatini oladi. Agar qonunchilikda yoxud taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ishni bajarish uchun pudratchi tavakkal qiladi.
Pudrat shartnomasi ham bir necha turga bo‘linadi. Ya’ni  maishiy pudrat, qurilish pudrati, loyihalash yoki qidiruv ishlari pudrati, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrati.
Pudrat shartnomasi ashyoni tayyorlash yoki uni qayta ishlash (ishlov berish) yoxud boshqa ishni bajarib, natijasini buyurtmachiga berish yoki boshqacha tarzda topshirish haqida tuziladi.
Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ish pudratchining materiallari, uning kuchi va mablag‘lari hisobidan bajariladi.
Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachining topshirig‘ini bajarish usullarini pudratchi mustaqil belgilaydi.
Pudratchi o‘zi bergan materiallar va uskunalarning sifati tegishli darajada bo‘lmaganligi uchun, shuningdek uchinchi shaxslar huquqlari bo‘lgan materiallar va uskunalarni berganligi uchun javobgar bo‘ladi.
Materiallarning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan buzilish xavfi, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, pudratchining pudrat shartnomasida shartlashilgan ishni topshirish muddati kelguncha materiallarni bergan taraf zimmasida, bu muddatdan keyin esa ishni topshirishni kechiktirib yuborgan taraf zimmasida bo‘ladi.
Agar qonunchilikda yoki pudrat shartnomasida pudratchining shartnomada ko‘rsatilgan ishni shaxsan o‘zi bajarish majburiyatlari kelib chiqmasa, pudratchi o‘z majburiyatlarining bir qismini bajarish uchun boshqa shaxslar (yordamchi pudratchilar)ni jalb qilishga haqli. Bunday hollarda pudratchi bosh pudratchi hisoblanadi.
Bosh pudratchi buyurtmachining pudrat shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun yordamchi pudratchi oldida javobgar bo‘ladi, buyurtmachi oldida esa, yordamchi pudratchi o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligining oqibatlari uchun javobgar bo‘ladi.
Agar qonun yoki pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi va yordamchi pudratchining har biri bosh pudratchi bilan tuzgan shartnomalar buzilishi bilan bog‘liq talablarni bir-biriga qo‘yishga haqli emas.
  Pudrat shartnomasini buzib, shartnomani bajarish uchun yordamchi pudratchini jalb qilgan pudratchi ushbu yordamchi pudratchi shartnomani bajarishda qatnashib, yetkazgan zarar uchun buyurtmachi oldida javobgar bo‘ladi.
Bosh pudratchining roziligini olgan holda buyurtmachi ayrim ishlarni bajarish uchun boshqa shaxslar bilan shartnoma tuzishga haqli. Bu holda mazkur shaxslar ishni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun bevosita buyurtmachi oldida javobgar bo‘ladilar.
Pudrat shartnomasida ishni bajarishning boshlang‘ich va oxirgi muddatlari ko‘rsatiladi. Taraflar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, shartnomada ishning ayrim bosqichlarini tugallash muddatlari (oraliq muddatlar) ham nazarda tutilishi mumkin.
Pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, pudratchi ishni bajarishning boshlang‘ich va oxirgi, shuningdek oraliq muddatlarini buzganlik uchun javobgar bo‘ladi.
Pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan ishni bajarishning boshlang‘ich, oxirgi va oraliq muddatlari shartnomada nazarda tutilgan hollarda va tartibda o‘zgartirilishi mumkin.
Pudrat shartnomasida bajariladigan ishning bahosi yoki uni aniqlash usullari ko‘rsatiladi.  
Pudrat shartnomasidagi ishning bahosi pudratchining chiqimlarini va unga to‘lanadigan haqni o‘z ichiga oladi.
Ishning bahosi smeta tuzish yo‘li bilan aniqlanishi mumkin.
Ish pudratchi tomonidan tuzilgan smeta bo‘yicha bajarilgan taqdirda, smeta buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab kuchga ega bo‘ladi va pudrat shartnomasining bir qismi bo‘lib qoladi.
Ishning bahosi (smeta) taxminiy yoki qat’iy bo‘lishi mumkin. Pudrat shartnomasida bunday ko‘rsatma bo‘lmasa, ishning bahosi (smeta) qat’iy hisoblanadi.
Agar qo‘shimcha ishlarni bajarish zarur bo‘lib qolsa va shu sababli ishning taxminan belgilangan bahosini (taxminiy smetani) ancha oshirishga to‘g‘ri kelsa, pudratchi bu haqda buyurtmachini vaqtida ogohlantirishi shart. Buyurtmachi pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirishga rozi bo‘lmagan taqdirda, shartnomadan voz kechishga haqli. Bunday hollarda pudratchi buyurtmachidan ishning bajarilgan qismining bahosini to‘lashni talab qilishi mumkin.
Buyurtmachini pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirish zarurligi to‘g‘risida o‘z vaqtida ogohlantirmagan pudratchi ish uchun shartnomada ko‘rsatilgan baho bo‘yicha haq olish huquqini saqlab qolgan holda shartnomani bajarishi shart.
Pudratchi, qoida tariqasida, qat’iy baho (qat’iy smeta)ni oshirishni, buyurtmachi esa uni kamaytirishni talab qilishga, shu jumladan bajarilishi kerak bo‘lgan ishning to‘la hajmini yoki buning uchun zarur xarajatlarni pudrat shartnomasi tuzilayotgan paytda nazarda tutish imkoniyati bo‘lmagan hollarda ham, haqli emas.
Pudratchi tomonidan taqdim qilinishi kerak bo‘lgan materiallar va uskunalar, shuningdek uchinchi shaxslar tomonidan unga ko‘rsatiladigan xizmatlar bahosi ancha oshgan va buni shartnoma tuzish vaqtida nazarda tutish mumkin bo‘lmagan hollarda   pudratchi belgilangan ish bahosini (smetani) oshirishni talab qilishga, buyurtmachi bu talabni bajarishdan bosh tortgan taqdirda esa, shartnomani bekor qilishni talab qilishga haqli.
Pudratchining amaldagi xarajatlari ish bahosini aniqlash vaqtida (smeta tuzilayotganda) nazarda tutilgan xarajatlardan kam bo‘lgan hollarda, basharti buyurtmachi pudratchining tejami bajarilgan ish sifatiga ta’sir etganligini isbotlay olmasa, pudratchi ishlar uchun pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan baho bo‘yicha haq olish huquqini saqlab qoladi.
Pudrat shartnomasida pudratchining tejami taraflar o‘rtasida taqsimlanishi nazarda tutilishi mumkin.
Agar pudrat shartnomasida bajarilgan ishga yoki uning ayrim bosqichlariga oldindan haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi pudratchiga shartlashilgan haqni ish tegishli tarzda va kelishilgan muddatda yoxud buyurtmachining roziligi bilan muddatidan oldin bajarilib, uning natijalari uzil-kesil topshirilganidan keyin to‘lashi shart.
Pudratchi qonunchilikda yoki pudrat shartnomasida nazarda tutilgan hollarda va miqdordagina o‘ziga bo‘nak yoki zakalat berilishini talab qilishga haqli.
Shartnomaning bajarilishi munosabati bilan buyurtmachi pudratchiga belgilangan tegishli haqni yoki boshqa summani to‘lash majburiyatini bajarmagan taqdirda, buyurtmachi tomonidan tegishli summa to‘langunga qadar pudratchi ishning natijalarini, shuningdek buyurtmachiga tegishli uskunalarni, qayta ishlash (ishlov berish) uchun berilgan ashyolarni, foydalanilmay qolgan material qoldig‘i va pudratchining ixtiyoridagi boshqa mol-mulkni  ushlab qolish huquqiga ega.
Pudratchi buyurtmachi bergan materialdan tejab-tergab va rejali foydalanishi, ish tugaganidan so‘ng ishlatilgan material to‘g‘risida buyurtmachiga hisobot berishi, shuningdek uning qoldig‘ini qaytarib berishi yoxud o‘z ixtiyoridagi foydalanilmay qolgan materialning qiymatini hisobga olib, buyurtmachining roziligi bilan ishning bahosini kamaytirishi shart.
Basharti pudratchi buyurtmachi bergan materialni tegishli suratda qabul qilib olayotganida undagi kamchiliklarni aniqlash mumkin bo‘lmaganligini isbot qila olmasa, u buyurtmachi bergan materialning kamchiliklari tufayli ishning lozim darajada bajarilmaganligi uchun javobgar bo‘ladi.
Pudrat shartnomasini bajarish munosabati bilan buyurtmachi bergan material, uskuna, qayta ishlashga (ishlov berishga) topshirilgan ashyo va pudratchi ixtiyoriga o‘tgan boshqa mol-mulk saqlanmaganligi uchun pudratchi javobgar bo‘ladi.

Nukus shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuristkonsulti                                                        A.Seytnazarov