Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

11

«BOLANI FARZANDLIKKA OLISh TARTIBI TO'G'RISIDA»


Farzandlikni belgilash tartibi va shartlari, bolaning farzandlikka olinishi natijasida yuzaga keladigan huquq va majburiyatlar, uning belgilanishi yoki bekor qilinishi O'zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to'g'risida”gi Qonuni, O'zbekiston Respublikasining Oila kodeksi va O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik processual kodeksida belgilangan.
Ilgari bolalar tuman va shahar hokimining qaroriga muvofiq farzandlikka berilgan bo'lsa, endi ushbu masala bevosita sud organi orqali amalga oshiriladi. Bu jahon tajribasiga mos keladi. Сhunki AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi rivojlangan davlatlarda, shuningdek, MDH davlatlarining aksariyatida farzandlikka olish masalasi sudning qarori bilan hal qilinadi.
Farzandlikka olish faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va faqat ularning manfaatlarini ko'zlab amalga oshiriladi. Aka-ukalar va opa-singillarni turli shaxslar tomonidan farzandlikka olishga, qoida tariqasida, yo'l qo'yilmaydi.
Farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq 15 yoshdan kam bo'lmasligi shart. Bolani farzandlikka voyaga yetgan erkak yoki ayol olishi mumkin, ota-onalik huquqidan mahrum etilganlar, muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqati cheklangan deb topilganlar, asab kasalliklariga chalinganlar yoki narkologiya muassasalarida ro'yxatda turuvchilar, qasddan sodir qilgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar bundan mustasno.Agar bola 10 yoshga to'lgan bo'lsa, farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi.
Farzandlikka olish to'g'risida ariza fuqarolar tomonidan bolaning yashash joyidagi fuqarolik ishlari bo'yicha tumanlararo sudiga, tegishli hujjatlar ilova qilingan holda topshiriladi.
Bolaning farzandlikka olinishi bilan bog'liq barcha rasmiylashtirish ishlari bola yashab turgan hududda amalga oshirilishi lozim. Ariza sud tomonidan o'rganib chiqilgach, sud ajrim chiqarib, bola yashab turgan hududdagi xalq ta'limi bo'limiga yuboriladi va bolaning farzandlikka berilishi maqsadga muvofiqligi yoki yo'qligi haqida xulosa berishni so'raydi.
Ushbu jarayonda qanday hujjatlar tayyorlanadi? Farzandlikka olinayotgan bolaning tug'ilganlik haqidagi guvohnomasining nusxasi, er va xotinning yozma roziligi, farzandlikka olinuvchining ota-onasining notarial ravishda tasdiqlangan roziligi, ota-onasining vafot etganligi to'g'risida ma'lumotnoma va sudning ota-onalik huquqidan mahrum etilganligi to'g'risida qarori,  ota-onasining bola tarbiyasi va ta'minotidan voz kechganligi haqida arizasi va muassasadan bola tashlab ketilganligi haqida dalolatnoma, farzandlikka olinayotgan bolaning sog'ligi va jismoniy hamda ruhiy rivojlanishi to'g'risida tibbiy xulosasi kabi hujjatlar tayyorlanadi.
Bolaning ota-onasidan uni farzandlikka berilishi bo'yicha roziligi talab qilinmaydi, agar ularning kimligi noma'lum bo'lsa, ota-onalik huquqidan mahrum etilgan bo'lsa, ota-onasi muomalaga layoqatsiz, bedarak yo'qolgan, vafot etgan deb e'lon qilingan bo'lsa, ota-onasi 1 yildan ortiq muddat davomida bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo'lsa.
O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga asosan, farzandlikka berish ishi sudda ko'rib chiqilgach, 20 kundan keyin qonuniy kuchga kiradi va farzandlikka oluvchilar sudning hal qiluv qarorini tegishli FHDYo organiga olib borib, bolaning dastlabki tug'ilganlik haqidagi guvohnomasini yangisiga almashtirib olishadi va shu kundan e'tiboran ular bolaning haqiqiy ota-onasi sifatida barcha huquq va majburiyatlarga ega bo'ladi.
Farzandlikka olish faktining sir saqlanishi qonun bilan kafolatlanadi. Farzandlikka olishga oid ma'lumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, agar ular vafot etgan bo'lsa vasiylik va homiylik organlarining roziligisiz berish taqiqlanadi. Farzandlikka oluvchilarning yoki vasiylik hamda homiylik organlarining erkiga qarshi  ushbu masalaga oid sirlarni oshkor qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo'ladi.

Nukus shahar yuridik xizmat ko'rsatish
markazi bosh yuriskonsul'ti                                            B.Sh.Dauletov