Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

16

Pensiya ta'minoti tizimidagi yangiliklar.


Statistik ma'lumotlarga qaraganda, yurtimizda pensiya va nafaqa oluvchilar soni qariyb to'rt million kishiga yaqinlashmoqda va ularning aholi sonidagi ulushi 11 foizni tashkil qilmoqda. Bundan ko'rinadiki, sohaga oid raqamlar salmog'i yuqori va yildan yilga o'sib bormoqda. Bu esa, o'z navbatida, pensiya ta'minoti tizimini yanada takomillashtirish, bu boradagi rasmiyatchilik va qog'ozbozlikka chek qo'yish, ya'ni pensiya tayinlash bilan bog'liq hujjatlarni qisqartirish, sohaga ilg'or axborot texnologiyalarini joriy etishni talab etadi.
Hech birimizga sir emaski, fuqarolarimiz uzoq yillik mehnat faoliyatidan keyin pensiyaga chiqish arafasida yugur-yugur qilib, hujjat yig'a boshlaydi. Tabiiyki, bu paytda mehnat faoliyati davomida nechta tashkilotda ishlagan bo'lsa, barchasidan qandaydir ma'lumotni tasdiqlaydigan hujjatlar, qancha muddat ishlagani, qancha ish haqi olgani to'g'risida ma'lumotnomalar to'plashi lozim bo'ladi. Ushbu hujjatlarni yig'ish uchun hali u, hali bu tashkilotga borib, ortiqcha harakat va harajat qilishi, umuman olganda ovora bo'lishi ham birdek ma'lum.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-may kuni qabul qilingan «Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi PQ-5102-sonli qarori aynan yuqoridagi kabi masalalarga yechim bo'lishi bilan ahamiyatli bo'ldi, desak mubolag'a bo'lmaydi.Ahamiyatli jihati, mazkur qarorda fuqarolarga pensiya va ijtimoiy nafaqa to'lash, yetkazib berish bilan bog'liq ko'plab yengilliklar berilganki, endi fuqarolar pensiyaga chiqishi uchun idorama-idora yugurib, bir dunyo hujjatlar to'plab sarson bo'lmaydi. Pensiya va nafaqa pulini olish uchun kunlab navbat kutmaydi. Endi pensiya hujjatlarni rasmiylashtirish uchun faqat pasport yoki ID-karta talab etiladi, xolos.
Xususan, qarorga binoan 2022-yil 1-yanvardan boshlab pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to'lovlarni to'lash har uch yilda hududlar bo'yicha alohida o'tkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
2022-yil 1-iyuldan boshlab esa davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy ta'lim muassasalaridagi o'qish hamda harbiy xizmat davri to'g'risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi va davlat pensiyalarini tayinlash «Yagona mehnat milliy tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilgan elektron ma'lumotlar asosida amalga oshiriladi. Kelgusida fuqarolarga pensiya bo'limlariga kelmasdan, ularning elektron murojaatlari asosida pensiya tayinlash imkoniyati yaratiladi.Yana bir muhim jihati, qaror bilan fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va to'lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo'yicha “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi. Unga ko'ra, vazirlik, idora va korxonalarda ishlagan sobiq ishchilarning ish haqi va harbiy xizmat davri to'g'risidagi ma'lumotlari “Yagona mehnat milliy tizimi”da to'liq shakllantiriladi. Shu bilan birga, chet elga doimiy yashash uchun ko'chib ketayotgan fuqarolarning elektron ma'lumotlarini “Pensiya” axborot tizimiga avtomatik yuborish mexanizmi joriy etiladi.
Ta'kidlash lozimki, mazkur qarorning qabul qilinishi fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish, pensiya va nafaqalarni o'z vaqtida yetkazish, mazkur yo'nalishda sog'lom raqobat muhiti va zamonaviy standartlarni joriy etish yo'lidagi navbatdagi muhim qadam bo'ldi. Zero, mamlakat va xalq oldida katta xizmat ko'rsatgan, bugungi to'kin hayotning bunyodkori bo'lgan qariyalarimizni, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo'lgan aholi qatlamini qo'llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy ta'minot olish huquqlarini qulay va qiyinchiliksiz amalga oshirishlarini ta'minlash bugungi kunning asosiy vazifalaridandir.


N.Z.Abduraxmanova,
To'rtko'l tuman Yuridik xizmat ko'rsatish markazi bosh yuriskkonsulti.