Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Xotin-qizlarni tazyiqlar va zoʼravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslari


Taʼkidlash kerakki, mamlakkatimizda soʼnggi yillar mobaynida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash boʼyicha bosqichma-bosqich bir qator huquqiy islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Shuni ham alohida aytib oʼtishimiz lozimki, kundalik turmushimizda ayrim hollarda xotin-qizlar turli shafqatsizliklarga ham uchrab turish holatlari amaliyotda kuzatilmoqda. Аlbatta ushbu holatlarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlari amaldagi huquqiy hujjatlarga asosan himoyasi taʼminlanmoqda.
Qayd etib oʼtishimiz lozimki, shu asnoda mamlakatimizda davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga qaratilgan bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlari qabul qilindi.
Jumladan, ushbu sohadagi munosabatlarni bevosita tartibga solish hamda xotin-qizlarni himoyalash mexanizmini yanada kuchaytirishga qaratilgan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 17-avgustda qabul qilinib, 2019-yil 23-avgust kuni Senat tomonidan maʼqullangan, 2019-yil 2-sentyabr kuni xotin-qizlarni himoyalash mexanizmini yanada kuchaytirish maqsadida “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisida”gi 35-moddadan iborat OʼRQ-561-sonli Oʼzbekiston Respublikasining yangi qonuni qabul qilindi.
Ushbu qonunning muhim maqsadlaridan biri, yurtimizda xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, taʼlim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiqlar va zoʼravonliklardan samarali himoya qilishga qaratilgan.
Eʼtiborga molik tomonlardan biri, mazkur Qonunning 4–moddasi bilan tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishning aniq mexanizmlari mustahkamlab qoʼyildi.
Unga koʼra, oʼziga nisbatan tazyiq va zoʼravonlik sodir etilganligi yoki ularni sodir etish tahdidi toʼgʼrisida ariza bilan tegishli vakolatli organlarga va tashkilotlarga yoki sudga bevosita murojaat etish, maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy maslahat, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish, ichki ishlar organlariga himoya orderi berish toʼgʼrisidagi talab bilan murojaat qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa, ularni bu haqda xabardor qilish, shuningdek sodir etilgan tazyiq va zoʼravonlik natijasida oʼziga yetkazilgan maʼnaviy va moddiy zararlarning oʼrni qoplanishi qatiy tartibda belgilangan.
Muhim jihatlardan yana biri, Qonunning 6-moddasiga asosan, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xotin-qizlarni tazyiq va zoʼravonlikdan himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini taʼminlovchi asosiy organ sifatida belgilandi.
Muhim oʼzgarishlardan biri, ushbu Qonunning 24-moddasi talabiga asosan oʼn sakkiz yoshga toʼlmagan, tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan himoya orderlarini berish tartiblari belgilandi.
Mazkur qonunga muvofiq, himoya orderi bu-tazyiq va zoʼravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʼtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʼravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan taʼsir koʼrsatish choralarini qoʼllanilishiga sabab boʼladigan huquqiy hujjatdir.
Xulosa oʼrnida aytadigan boʼlsak, ushbu qonun tom maʼnoda xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, taʼlim muassasalarida hamda boshqa joylarda tazyiqlar va zoʼravonliklardan jabrlanganlarning huquqiy va ijtimoiy himoya qilishni kafolatlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

B.Аvazmetov,
Toʼrtkoʼl tuman Yuridik xizmat koʼrsatish
markazi boshligʼi,
2-darajali adliya maslahatchisi,