Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

11

Gender tenglikni ta’minlash masalalari


Oʻzbekiston islohotlari inson manfaatlari ustunligini ta’minlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeyini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan. Bunda, ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida roʻyobga chiqarilmoqda. Xususan, soʻnggi uch yilda gender tenglikni ta’minlashning qonunchilik va institucional negizini mustahkamlash yoʻlida muhim choralar koʻrildi. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlari himoyasiga qaratilgan qariyb 20 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan 2 ta qonun, 1 ta Prezident qarori, 4 ta Prezident Farmoni, 13 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Qonun hujjatlari xotin-qizlarning mehnat va tadbirkorlik huquqlariga oid standartlarga mosligi nuqtai nazaridan inventarizaciya qilindi.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari boʻyicha Maslahat kengashi organlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi va mehnat jamoalarida Maslahat kengashlari tashkil etildi. Xotin-qizlarning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida Gender tenglikni ta’minlash masalalari boʻyicha komissiya tashkil etildi. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar ta’minlash jamiyatimizda tinchlik  va iqtisodiy barqarorlikni saqlashning asosiy omillaridan biridir. Shuni hisobga olgan holda “2020-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” loyihasi tayyorlanib, davlat va nodavlat tashkilotlari bilan kelishilmoqda. Shunisi e’tiborliki, mazkur strategiyadagi barcha yoʻnalishlar BMTning 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining 2019-yil 10-iyundagi qoʻshma qarori bilan “Ayollar mehnati toʻliq yoki qisman qoʻllanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlar” roʻyxati bekor qilindi. Erkak va ayolning teng huquqliligi xalq farovonligida, jamiyat tinchligi hamda  iqtisodiy barqarorlikda muhim oʻrin tutadi. Shu jihatdan ayollarning bandligini ta’minlash, ularning oʻz intilish va qobiliyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqara olishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalasi davlatimizning doimiy diqqat markazida.
Jumladan, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Hozirgi kunda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayyorlash boʻyicha tizimli oʻquvlar tashkil etilmoqda.
2019-yil dekabr oyida Oliy Majlisga va mahalliy kengashlarga oʻtkazilgan saylov natijalariga koʻra,  ayol deputatlar soni Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining 32 foizini, ayol senatorlar esa Senat a’zolarining 25 foizini, mahalliy Kengashlarda esa xotin-qizlar ulushi 25.6 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston parlamenti jahondagi 190 ta parlament orasida 44-oʻrinni egalladi.
Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash ham davlatimizning doimiy e’tiborida. Xususan, 2018-2020-yillar davomida Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan ogʻir turmush sharoitida yashayotgan uy-joyga muhtoj 3 878 nafar xotin-qizlarning boshlangʻich badal pullari toʻlab berildi.
Kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta oʻqitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun kasb-hunar ta’limi muassasalariga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan grantlar ajratish amaliyoti joriy etildi.
Hukumat qarori bilan xotin-qizlar uchun qoʻshimcha grant asosida oliy ta’lim muassasalariga kirish tartibi belgilandi.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish yuzasidan ham mamlakatimizda e’tiborga loyiq ishlar olib borilayotganligi matbuot anjumanida alohida ta’kidlandi. Xususan, kelgusi yil 1-iyundan boshlab 5 yoshgacha boʻlgan bolalar vitaminlar va mikro-nutriyentlar bilan,10 yoshgacha bolalar parazitlarga qarshi dorilar bilan, homiladorlar, emizikli ayollar va 15 yoshgacha boʻlgan bolalar yod preparatlari bilan, 35 yoshgacha ayollar foliy kislotasi va ferrum bilan bepul ta’minlanishi belgilandi. Ushbu dori vositalari va vitaminlar oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladi.Soʻnggi yillarda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish yoʻnalishida ham muhim qadamlar qoʻyildi. Bu boradagi tegishli qonunga muvofiq “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoring olib borish toʻgʻrisida”gi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlandi. Hozirgi vaqtga qadar ichki ishlar organlariga himoya orderi soʻrab 7 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan boʻlib, 6183 holatda xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirib berildi. Koronavirus pandemiyasi davrida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida Komissiya tomonidan “NNTlar birlashmasi” va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda joriy yilning 10-apreldan boshlab  “Ishonch telefoni” xizmati yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi kunga qadar “Ishonch telefoni” orqali 3 mingga yaqin murojaat qabul qilinib, ularning 40 foizi zoʻravonlik holatlari bilan bogʻliq boʻlib, xotin-qizlarga psixologik va yuridik yordam koʻrsatildi. Karantin davrida ayrim notinch oilalarda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida “Telegram” ijtimoiy tarmogʻida “Zoʻravonlikka yoʻl yoʻq!” kanalining faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekistonda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olgan, muvaffaqiyatli ayollarning hayot tajribasini ommalashtirish maqsadida  www.генком.уз sayti yaratildi.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, xususan teleradiokanallar hamda gazeta va jurnallar, ijtimoiy tarmoqlar, rasmiy axborot saytlarida mingdan ziyod targʻibot va tushuntirish tadbirlari olib borilmoqda.

Ellikqal’a tumani yuridik xizmat koʻrsatish
markazi bosh yuriskonsulti                                                                                                                S.Nurmaxashev.