Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Qonunchilikda belgilangan xotin-qizlarning huquqlari va ularga berilgan imtiyozlar


O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va erkinliklarini kafolatlash, ularga ko‘plab sohalarda imtiyozlar berishni nazarda tutuvchi bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.Jumladan, 2019-yil 7-martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4235-sonli qarori qabul qilingan.
Ushbu qarorga asosan, 2019-yil 1-maydan boshlab ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlar bekor qilindi; tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan soha yoki kasblar ro‘yxati tasdiqlandi; bola parvarishlash ta’tilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qo‘shimcha bir oy to‘lanadigan bola parvarishlash ta’tili beriladigan bo‘ldi; ikki yoshga to‘lmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladigan bo‘ldi; ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi; erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bog‘liq ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanishi belgilandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-iyundagi 402-son qarori bilan “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan bo‘lib, ushbu Nizom oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibini belgilaydi.
Ushbu nizomga ko‘ra, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalari kirishda davlat granti asosidagi qabul doirasidagi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:
➖ kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar;
➖to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
➖turmush o‘rtog‘I vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
➖ nogiron farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
➖2 va undan ortiq farzandini tarbiyalayotgan, qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
➖ ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham I yoki II guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma olish uchun tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qilinadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5020-sonli qarori qabul qilinib, ushbu qarorga asosan tegishli dasturlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan xotin-qizlarga har bir mahallaga mahallabay ishlash bo‘yicha biriktirilgan hokim yordamchisining tavsiyasiga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 3 yilgacha muddat va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda kreditlar ajratiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 585-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollar oliy ta’lim olishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab har yili o‘zlarining hududlaridan o‘qishga kirgan 25 nafardan hamda 2 — 4-kurslarda tahsilolayotgan 75 nafar (har bir kursdan — 25 nafardan), jami 100 nafar xotin-qizlar uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy to‘lov-kontrakt summasini to‘rt o‘quv yilining yakunlanishiga qadar to‘lab beradi.
Shuningdek, joriy yilning 9-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-752-son qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunga asosan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 234-moddasi beshinchi qismiga o‘zgartirish kiritilib, unga ko‘ra bolani parvarishlash ta’tilining ish stajiga qo‘shiladigan davri 6 yil etib belgilandi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Adliya vazirligi
Huquqiy targ’ibot va ma’rifat bo’limi
yetakchi maslahatchisi                                                                   M.Xojaxmetova