Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

04

Hadya shartnomasi nima?


Hadya shartnomasi nima?

Hadya shartnomasi yuridik hujjat hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 31-bobi “Hadya” deb nomlangan bo‘lib, kodeksning 502-511-moddalarida aynan hadya shartnomasining shakli, uni tuzish, bekor qilish, hadya bo‘yicha huquqiy vorislik, xayr-ehson turidagi hadya haqida batafsil ma’lumot berilgan. Hadya shartnomasiga ko‘ra bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekin mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga o‘ziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabini) beradi yo berish majburiyatini oladi yoxud uni o‘zi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini oladi. Shartnoma real bo‘lsa-da, ayni paytda hadya qiluvchi hadya oluvchiga kelgusida hadya qilish majburiyatini oladi. Ammo hamma hollarda ham hadya shartnomasi vujudga kelavermaydi. Aytaylik, ashyo yoki huquq muqobil berilganida yo bo‘lmasa, muqobil majburiyat mavjud bo‘lganida shartnoma hadya, deb tan olinmaydi.
Hadya shartnomasi ba’zi huquqiy belgilari bilan bosh¬qa shartnomalardan farqlanadi, albatta. Buni ularning haqiqiy sanalmasligi hollarida ham ko‘rish mumkin. Bitimlarning haqiqiy sanalishi uchun odatda qo‘yiladigan shartlardan tashqari, hadyada, birinchidan, ashyo, mulk huquqi yoki mulkiy majburiyatdan ozod qilish shaklidagi hadya ashyosini aniq ko‘rsatish kerak. Ikkinchidan, hadya predmeti hadya oluvchiga hadya qiluvchining tirikligida topshirilishi kerak. Bundan tashqari, hadya shartnomalari, albatta, oddiy yozma shaklda tuzilishi, ko‘chmas mulklarni hadya qilish esa, ayni paytda notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ham kerak.
Hadya oluvchi o‘ziga hadya topshirilgunga qadar istagan vaqtida uni rad etishga haqli. Bunday holda hadya shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi. Agarda xadya shartnomasi yozma shaklda tuzilgan bo‘lsa, hadyani rad etish ham yozma shaklda amalga oshirilishi kerak. Agar xadya shartnomasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, xadyani qabul qilishni rad etishni ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Har bir shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkni, u nimalardan iboratligidan va qaerda joylashganligidan qat’i nazar, o‘zi xohlagan shaxsga hadya qilib berishi yoki vasiyatnoma qilib qoldirishi mumkin. Hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi.
Fuqarolik qonunchiligida hadyani hadya oluvchiga hadya qiluvchining vafotidan keyin topshirilishini nazarda tutuvchi shartnoma tan olinmaydi. Bunday holatda hadyaga nisbatan vasiyatnoma to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llanadi. Hadyaning vasiyatnomadan farqi shundaki, mulk hadya qiluvchining tirikligida topshiriladi. Vasiyatnoma esa, insonning hayotligida uning mulkiy huquqlarida aks etmaydi. Vasiyatnoma bekor qilinishi, o‘zgartirilishi mumkin, hadya esa qoida tariqasida, orqaga qaytmaydi. Hadyani shartnoma deyish mumkin, vasiyatnoma esa, odatda, bir tomonlama bitimdir.

Sh.Sh.Vaisniyazov,
Amudaryo tumani Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti