Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

09

SUD-HUQUQ SOHASIDAGI ISLOHOTLARINING YANGI BOSQICHI


Jamiyat taraqqiyoti qonun ustuvorligi va sud hokimiyatining mustaqilligi bilan chambarchas bogʻliqdir. Prezidentimizning 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida bugungi kunda islohotlarimiz samarasi koʻp jihatdan toʻrtta muhim omilga – ya’ni  qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashish, institutsional salohiyatni yuksaltirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirishga bogʻliqligi koʻrsatib oʻtildi.
Ushbu omillar inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, shu jumladan, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari amalga oshirilishini kafolatlash, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, odil sudlovning samaradorligini, xalqimizning sud organlariga nisbatan qat’iy ishonchi va hurmatini oshirishda yanada toʻlaroq namoyon boʻladi.
Murojaatnomada sud mustaqilligini toʻliq ta’minlash eng muhim vazifalarimizdan ekanligi va sudlar mustaqilligini ta’minlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida boʻlishi alohida ta’kidlandi. Mamlakatimizda oʻtgan uch yil mobaynida sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirish borasida bir qator muhim islohotlar amalga oshirildi.
Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni bilan 2017-yilning 1-aprelidan jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik protsessual va boshqa qonun hujjatlariga odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim oʻzgartirishlar kiritildi.
Jumladan, qamoq tarzidagi jinoiy jazo turi tugatildi, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga, qamoqqa olish va uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot choralarini qoʻllashning, shuningdek jinoyat ishlari boʻyicha dastlabki tergovning eng koʻp muddatlari 1-yildan 7 oyga qisqartirildi. Shuningdek, jinoyat ishini qoʻshimcha tergov yuritish uchun qaytarish instituti bekor qilindi. «Xabeas korpus» instituti qoʻllanishini yanada kengaytirish doirasida prokurorlarning pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlab qoʻyish va eksgumatsiya qilish kabi tergov harakatlarini oʻtkazishga sanksiya berish boʻyicha vakolatlari sudlarga oʻtkazildi,
shuningdek sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qoʻllash huquqi berildi.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-fevraldagi «Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi  Farmoni bilan yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi. 207 ta ma’muriy sud tashkil etildi, tadbirkorlik sub’yektlarining qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan tumanlararo va tuman (shahar) miqyosida ham jami 85 ta iqtisodiy sud faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, bu borada ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi ta’sis etildi.
Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi 2018-yilning yanvar oyida tasdiqlandi va 2018-yil 1-apreldan kuchga kirdi. Ta’kidlash kerakki, ushbu kodekslar dunyoning taraqqiy etgan davlatlarining ilgʻor tajribasini chuqur oʻrganish, islohotlar jarayonida toʻplangan boy tajriba asosida ishlab chiqilgan.
Toʻrtinchidan, 2018-yil 4-apreldagi «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Unda Jinoyat kodeksiga dalillarni, tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar kiritilgani huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari mansabdor shaxslarining mas’uliyatini yanada oshirdi. Ushbu islohotlar natijasida turli tazyiqlar ostida olingan koʻrsatmalardan dalil sifatida foydalanishga chek qoʻyildi. Sud ishlarini koʻrib chiqishda faqat sud tergovi jarayonida atroflicha tekshirilgan va oʻz tasdigʻini topgan dalillarga asoslanilmoqda.
Beshinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-yanvardagi «Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi.
Sudyalar oliy maktabining asosiy maqsadi bugungi kun talablarini hisobga olgan holda malakali sudyalar va sudlar apparati xodimlarini tayyorlash hamda odil sudlovning yuqori darajasiga erishishdir.
Oltinchidan, 2019-yil 14-yanvardagi «Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi jabrlanuvchi, guvoh va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarining hayoti, sogʻligʻi hamda mol-mulkini himoya qilishning qonuniy kafolatlarini belgilab berdi.
Jumladan amaldagi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 270-moddasida jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlashga doir umumiy qoidalar belgilangan boʻlsa-da, biroq qoʻllaniladigan xavfsizlik choralari turlari, ularni qoʻllashning tartibi aniq belgilanmagan edi.
Ushbu Qonunning ahamiyati shundaki, unda jabrlanuvchilarning, guvohlarning va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarining hayoti, sogʻligʻi hamda mol-mulkiga tajovuz tahdidi mavjud boʻlganda qoʻllaniladigan, jinoyatlarning oldini olishga yoki ularni fosh etishga koʻmaklashadigan, xavfsizlik va ijtimoiy himoya qilish choralarini oʻz ichiga oladigan
chora-tadbirlar tizimi, shuningdek ularni qoʻllashning asoslari hamda tartibi aniq belgilandi.
Mazkur Qonun bilan jabrlanuvchi, guvoh va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilariga nisbatan tajovuz tahdidi mavjud boʻlganda qoʻllaniladigan, jinoyatlarning oldini olishga yoki ularni fosh etishga koʻmaklashadigan, xavfsizlik va ijtimoiy himoya qilish choralarini oʻz ichiga oladigan chora-tadbirlar tizimi nazarda tutildi.
Sud-huquq islohotlari sohasidagi yuqorida koʻrsatilgan tub oʻzgarishlar, eng avvalo, mamlakatimizda sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, odil sudlov samaradorligini oshirish, shu orqali xalqimizning sudlarga boʻlgan qat’iy ishonchini oshirish va munosabatini oʻzgartirishga qaratilgan boʻlib, ularning amaliyotga joriy etilishi bugungi kunda oʻzining aniq samarasini bermoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, oʻtgan 3-yilda 1 ming 989 nafar, 2019-yilning oʻzida 859 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi.
Shuningdek, 2019-yilda 3 ming 81 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan boʻlsa, 2 ming 623 nafar fuqaroga asossiz qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarildi va oʻzgartirildi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 7-dekabr kuni Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida sud-huquq islohotlarining navbatdagi yoʻnalishlari belgilab berildi.Xususan, ushbu ma’ruzada 2020-yildan boshlab surishtiruv va dastlabki tergov jarayoni ustidan sud nazoratini oʻrnatish lozimligi, ya’ni prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etilishi haqida soʻz bordi.
Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksiga koʻra, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, uning muddatini uzaytirish, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish va uning muddatini uzaytirish, eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash, pasportning amal qilishini toʻxtatib turish kabi tergov va protsessual harakatlarni oʻtkazishga ruxsat berish sudning vakolatiga taalluqli.
Ta’kidlash lozimki, ushbu choralar surishtiruv va dastlabki tergov ustidan toʻlaqonli sud nazoratini oʻrnatish imkonini bermaydi.
Jinoyat protsessida sud nazoratining eng muhim belgisi faqatgina ayrim protsessual va tergov harakatlarini oʻtkazishga ruxsat berishdan iborat boʻlibgina qolmasdan, balki fuqarolarning konstitutsion huquqlari va erkinliklari buzilishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan kelib tushgan shikoyatlarning sud tomonidan koʻrilishi boʻlib hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Prezidentimizning ushbu takliflari milliy jinoyat protsessual qonunchiligimizni mutlaqo yangi sifat darajasiga olib chiqadi. Ya’ni, endilikda mamlakatimizda rivojlangan demokratik mamlakatlarda amal qiladigan tartib joriy qilinadi.
Ushbu tartibning joriy qilinishi natijasida jinoyat ishini qoʻzgʻatish bosqichidan boshlab tergovda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni barvaqt aniqlash va ularni zudlik bilan bartaraf etish, fuqarolarni asossiz ayblash, huquq va erkinliklarini noqonuniy cheklashga yoʻl qoʻymaslik kafolatlanadi.
Shuningdek, mamlakatimizda «xabeas korpus» institutini yanada rivojlantirish, qonuniylik va huquqiy tartibotning yanada mustahkamlanishiga erishiladi.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bunday tajribani joriy etish hayotimizda adolat mezonini mustahkamlashda ulkan qadam boʻladi.
Murojaatnomada sudgacha boʻlgan tergov jarayonida inson huquq va erkinliklari buzilishining oldini olish maqsadida sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaqirib olib oʻrganish amaliyotini cheklash taklifi ham ilgari surildi.
Ma’lumki, sud mustaqilligini ta’minlashga oid xalqaro hujjatlar va milliy qonunchiligimizga koʻra, sudya odil sudlovni amalga oshirayotganda sud protsessi barcha ishtirokchilarining protsessual huquqlarini hurmat qilgan holda, har qanday bevosita yoki bilvosita tashqi ta’sirlar, niyatlar, bosim yoki aralashishlardan qat’i nazar, mustaqil harakat qilishi, faqat faktlarni baholashdan kelib chiqishi va ichki ishonchiga asoslanib, qonunga va huquqiy ongiga amal qilishi shart.
Shu maqsadda davlat organlari, boshqa institutlar va xususiy shaxslar sudyalarni majburlash yoki ularni muayyan qarorlar chiqarishga ogʻdirish yoʻlida bosim koʻrsatishdan tiyilishlari kerak.
Shu nuqtai nazardan Prezidentimizning sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaqirib olib, oʻrganish amaliyotini cheklash, ya’ni ish yuzasidan shikoyat kelib tushgan holdagina prokuror sud qarorini olib oʻrganishi mumkinligini belgilash boʻyicha taklifi sud mustaqilligini kuchaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan mazkur Murojaatnomada tadbirkorlik sohasida ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan ayrim jinoyat turlarini jinoyat toifasidan chiqarish siyosatini izchil davom ettirish lozimligi, jumladan, soxta tadbirkorlik, raqobatchining obroʻsini tushirish kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikni bekor qilish, shuningdek bojxona qonun hujjatlarini buzish bilan bogʻliq jinoyatni birinchi marta sodir etgan, lekin toʻlovlarni toʻlagan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibini belgilash taklifi ilgari surildi.
Mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, boshqaruvning bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi ortiqcha byurokratik toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etish uchun ushbu turdagi qonun buzilishini sodir qilgan shaxslarga nisbatan jinoiy ta’qibni emas, balki moliyaviy va fuqarolik-huquqiy choralarni qoʻllash samarali yoʻl boʻlib hisoblanadi. Qayd etish lozimki, ushbu takliflarning amalga oshirilishi kelgusida tadbirkorlarning asossiz jinoiy ta’qibdan himoya qilinishini ta’minlaydi, fuqarolarimizda «tadbirkorlik bilan shugʻullanish xavfli ekan» degan tushuncha paydo boʻlishining oldini oladi.
Muhtaram Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev tomonidan 2020-yil 2-mart kuni imzolangan «2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida»gi PF-5953–sonli Farmon bilan tasdiqlangan Davlat dasturida yuqorida qayd etilgan masalalarni hal qilish vazifasi qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilab berilgan. Zero, ushbu vazifalar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Xulosa oʻrnida shuni ta’kidlash kerakki, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar mamlakatimizda qonun ustuvorligini va ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur ezgu maqsadni roʻyobga chiqarishda esa, sudyalar zimmasiga oʻta muhim vazifa – odil sudlovni Konstitutsiya va qonunlardan hamda adolat tamoyilidan ogʻishmay amalga oshirish yuklatiladi.


Ellikqal’a tumani yuridik xizmat
koʻrsatish markazi boshligʻi                                   A.Kadirov