Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Fermerlarga berilayotgan imtiyozlar (yengilliklar)


Bugungi kunda Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli yangilanish va asriy o‘zgarishlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo hamjamiyati tomonidan ham katta qiziqish bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Buni davlatimiz tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari – paxta va g‘alla yetishtirish, shuningdek, chorvachilik, parrandachilik va boshqa ko‘plab tarmoqlarni rivojlantirishda, pirovardida, aholi turmushini yaxshilashda o‘zlarining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan fermerlarga yaratib berilayotgan bir qator muhim yengilliklar va imtiyozlarda ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-dekabrdagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 54-sonli qarori bilan Tomorqa yer egalariga kredit ajratish tartibi belgilandi.
Qarorga ko‘ra, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi qarz mablag‘lari bosqichma-bosqich 4 yillik imtiyozli davr bilan 9 yil muddatga yillik 2 foiz stavkada yo‘naltiriladi.
Shu asosda tomorqa yer egalariga: qoida tariqasida, 100 bosh parranda, 5-10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qo‘y va echki, 5 ta asalari uyasi, intensiv usulda baliq boqishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ixcham issiqxonalar, “dala do‘konlari” qurish, artezian quduqlarini qazish; kichik intensiv bog‘dorchilik, limonchilik va uzumchilik; poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik uchun kredit ajratiladi.
2026-yil 1 yanvargacha: tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlarga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda subsidiya beriladi; suv taʼminoti og‘ir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash, daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi amal qiladi.
Qarorga ko‘ra, 2022-yilda suv taʼminoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarini sug‘orish uchun jami 113 ta tumanda 2 150 ta vertikal sug‘orish quduqlari ishga tushiriladi.
2022-yil 1-aprelgacha fuqarolar uchun mo‘ljallangan, aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini marketpleys usulida sotishni yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha onlayn maslahatlar ko‘rsatuvchi maxsus platforma faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 52-sonli qarori bilan Meva-sabzavotchilik sohasini rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi jumladan:
Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-yanvardan: fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga – meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 14 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kredit ajratiladi; meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga – yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yillik 14 foiz stavkada 12 oylik “revolver” kredit beriladi.
Yuqorida keltirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga 2 trln so‘m byudjet ssudasi ajratiladi.
2022-yil 1-martdan: meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) va fermer xo‘jaliklariga – eksport shartnomasi mavjud bo‘lib, meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sug‘urtalash xizmatidan foydalanganda to‘langan sug‘urta mukofotining 50 foizi, biroq sug‘urta pulining 1 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi; meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperatsiyalarga) – xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun 1 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman bo‘limlari orqali kompensatsiya qilinadi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomi bilan Paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish tartibi belgilandi.
Nizomga koʻra, paxta-toʻqimachilik klasterlari quyidagi shaklda tashkil etiladi: qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda paxta yetishtirish; paxta xomashyosini shartnoma asosida fermer xoʻjaliklari va boshqa paxta yetishtiruvchilardan sotib olish; qishloq xoʻjaligi yer uchastkalarini ijaraga olgan holda paxta yetishtirish hamda paxta yetishtiruvchilardan shartnoma asosida sotib olish.
Paxta-toʻqimachilik klasteri bu boʻyicha Respublika komissiyasi qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi. Shuningdek, Paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etish uchun talabgor ixtiyoriy ravishda har yili 10-sentyabrgacha YAIDXP orqali ariza bilan murojaat qiladi. Yuborilgan murojaatlar Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Vazirlik) tomonidan 2 ish kunida koʻrib chiqiladi. Respublika komissiyasi talabgorlarning arizalarini har yili 1-oktyabrgacha koʻrib chiqib, qaror qabul qiladi.
Paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etish toʻgʻrisidagi tegishli hujjat qabul qilingach: 3 ish kunida Vazirlik talabgorlarni xabardor qiladi; 5 ish kunida talabgor bilan 30 yil (chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona yoki chet el yuridik shaxsi boʻlgan taqdirda 25 yilgacha boʻlgan) muddatga bitim tuziladi; 3 ish kunida paxta-toʻqimachilik klasteri tegishli tuman (shahar) hokimi bilan yer ijarasi shartnomasi tuzadi (klaster yer uchastkalarini ijaraga olgan holda tashkil etilgan taqdirda).
Shuningdek, ijaraga olgan holda tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri oʻziga biriktirilgan yerlarni shaxslarga 1 yilgacha boʻlgan muddatga ikkilamchi ijaraga (ularni uchinchi shaxsga berish huquqisiz) berish huquqiga ega. Paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyati samaradorligi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan bir yilda kamida bir marta monitoring oʻtkaziladi.


Amudaryo tumani Yuridik xizmat
koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti:                                     A.Z.Tojiboyev